Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bukhara Night Race-2025»: Zamonaviy san’at va sport uyg‘unligidagi marafon (foto)

«Bukhara Night Race-2025»: Zamonaviy san’at va sport uyg‘unligidagi  marafon (foto)

foto: Xabar.uz

Qadimiy shahar – Buxoroda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro zamonaviy san’at biyennalesining boshlangani xususida ilgariroq xabar bergan edik.

Tadbir doirasi bo‘lib o‘tgan xalqaro «Bukhara Night Race-2025» tungi yugurish marafoni 20 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy mehmonlarni atrofiga chorladi.

Musobaqa 60, 300, 600, 1000, 5000, 10 000 metr, jami bo‘lib 21 km masofaga tashkil etildi. Marafondan 2000 dan ziyod ishtirokchi qatnashdi.

Buxoro viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkir Najmiddinovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, har bir masofa «World Athletics» standartlari bo‘yicha o‘lchanib, sertifikatlangan.

«Nordic Walking» orqali chopqirlar «Ark» qal’asi atrofidan o‘tgan yangi manzarali yugurish yo‘lagida o‘z mahoratlarini ko‘rsatishdi. «Kids run»da esa 3-4 yoshli bolalar 60 metr, 9-12 yoshli bolalar 1000 metr masofaga yugurishdi.

Ishtirokchilar Ark qo‘rg‘oni yon qismidagi maydondan boshlab, Buxoroning tarixiy maskanlari yoritilgan ko‘chalar bo‘ylab o‘tishdi. Tungi poygaga qo‘shimcha ravishda sayyohlar uchun ham alohida munosib yo‘laklar yaratildi», – dedi O‘tkir Najmiddinov.

«Bukhara Night Race-2025» yugurish marafoni minglab ishtirokchilar va mehmonlarni birlashtirgan sport bayramiga aylandi.

Shaxsan xalqaro zamonaviy san’at biyennale uchun kelganman sharif shaharga. Yugurish marafonida o‘zimni sinab ko‘rdim. Anchadan buyon, to‘g‘risi, yugurmagan ekanman. Ammo, shundoqqina yon yo‘lakda zavq-shavq bilan yugurib borayotgan bolajonlarni ko‘rib, biram xursand bo‘ldimki, yugurayotganimni unutdim. Bolalarga muxlislik qildim, – deydi 63 yoshli germaniyalik sayyoh Anna Sim.

Afg‘onistonlik zargar Farid Ahmadzai xalqaro zamonaviy san’at biyennaleda o‘zi tayyorlagan taqinchoqlar bilan ishtirok etayotganini so‘zladi.

Bundan ilgari ham Buxoroda bo‘lib o‘tgan yirik xalqaro festivallarda qatnashganman. Unda faqat savdo yarmarkalarida mahsulotlarimizni xaridorgir qilib qaytardik. Bu gal esa o‘zgacha. Yugurish marafonida chiniqdim. Turli rangdagi va turli masofadagi yo‘laklar inson salomatligini tiklashga xizmat qilishi, naqadar ajoyib. Qo‘shnilarimiz bor bo‘lishsin, ko‘z tegmasin! – deydi Farid Ahmadzai.

Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va tinchlikni mustahkamlashdek ezgu g‘oya atrofida jamiyatning turli qatlamlarini birlashtirgan marafonda davlat xizmatchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari, harbiylar, imkoniyati cheklangan shaxslar hamda turli yoshdagi fuqarolar ishtirok etishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring