«Bunyodkor» nima sababdan Babayanni kafillikka olgani oshkor bo‘ldi
Samvel Babayanning «Lokomotiv» klubi prezidenti maslahatchisi etib tayinlangani haqida xabar berilgach, futbol muxlislari orasida turli munozaralar yuzaga keldi.
Chunki, u O‘FF (hozirda O‘FA) Ijroiya Qo‘mitasi Byurosining 2018-yil 15-yanvardagi 3-sonli qaroriga muvofiq futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan umrbod chetlashtirilgandi.
Hatto uning hujjatlari prokuraturaga topshirilgani aytilgandi. Ammo Bosh prokuratura matbuot xizmati: «Samvel Babayanga nisbatan hech qanday, hech bir jinoiy ta’qib masalasi yo‘q»ligini bildirdi.
Aslida esa, Babayan 15 kun ichida oqlangani oshkor bo‘ldi. Buni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rasman ma’lum qildi.
O‘FAning xabarida murabbiyga tayinlangan jazo 2018-yilning 1-fevralida «Bunyodkor» klubining Babayanni kafillikka olishi haqidagi xatiga asosan bekor qilingani aytilgach, futbol ommasida yana savollar yuzaga keldi: Nega aynan «Bunyodkor» kafil bo‘ldi? Bu xat bormi o‘zi?
«Bunyodkor» klubining kafillik xati bor ekan. «Tribuna.uz» sayti ushbu xat nusxasini e’lon qildi.
«Mazkur intizomiy jazolar qo‘llanilganidan so‘ng xorij matbuotida paydo bo‘lgan millatchilik g‘oyalariga to‘la asossiz fikrlariga nisbatan Samvel Babayan o‘zining vatanparvarlik pozitsiyasini ifoda etib, muammoning yanada chuqurlashishiga yo‘l qo‘ymadi va o‘z aybini tan oldi hamda uni kechirishlarini iltimos qildi. «Bunyodkor» klubi S.Babayanga shaxsiy kafil bo‘lish tashabbusini bildiradi va unga nisbatan qo‘llanilgan intizomiy chorani yengillatishni so‘raydi», — deyiladi «Bunyodkor» klubining o‘sha paytdagi direktori Murod Aliyev tomonidan imzolangan xatda.
Darhaqiqat, Samvel Babayan futboldan umrbod chetlatilishi haqidagi qaror e’lon qilingach, «Armenian Report» sayti jurnalisti Tevos Arshakyan «Samvel Babayan millatchilik qurboni bo‘ldi» deya maqola e’lon qilgan edi.
Babayan bu maqolaga: ««Sizning provokatsion maqolangizni o‘qib, chuqur taajjubda qoldim. Qanday ma’naviy haqqingiz borki, asl vaziyatni bilmay turib, bizning Vatanimizda millatchilik borligi haqida yozasiz! Men, Babayan Samvel, bu buyuk davlatning fuqarosi ekanligimdan faxrlanaman. Men o‘zbek mahallasida tug‘ilganman va mening birinchi so‘zlarim o‘zbekcha bo‘lgan», deb javob qaytargan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter