Buxoro amirining yozgi saroyida restavratsiya

Buxoroga temiryo‘llar orqali kirib kelar ekan, shundoq sharif o‘lkaga qadam bosishi bilan sayyohlarni Kogondagi oq saroy qarshi oladi. Bir qarashda yevropacha usulda ko‘zga tashlangan oq saroy aslida, milliy uslubdagi viqori bilan ham muhtashamlik kasb etib turadi.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, uzoq yillar ilgari qadimiy va navqiron Buxoroni o‘rab turgan Qizilqum sahrolari juda xam bepoyon bo‘lgan. Jayronlar keng sahro bo‘ylab erkin kezib yurishgan. Biroq, hududning tarixiy qarama-qarshiliklar ta’sirida o‘risiyalashuvi binolar uslubiga ham «hukmi»ni o‘tkazgan. Buxoro amirligiga qarashli hududlardan ilk temir yo‘li o‘tkazilgan. 1888 yil 26 fevralda Buxoroga birinchi poyezd kirib kelgan.
Toshkent davlat Pedagogika universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shavkat Bobojonovning so‘ziga ko‘ra, temir yo‘lning kirib kelishi, avvalo, kiborlar toifasi uchun katta xursandchiliklarga sabab bo‘lgan. Buxoro amiri Sayyid Bahodir Abdulahadxon 1885-1910 yillar mobaynida Peterburg, Moskva va Qrim shaharlariga o‘z oilasi, amaldorlari bilan ko‘p bor sayr-sayohat qilgan. Amir Yalta, Kislovodsk, Pyatigorsk, Jeleznovodsk kabi kurort shaharlarning eng bahavo yerlarida o‘z qarorgohlarini tiklay boshlagan.
«1894 yilda Amir Abdulahadxon o‘z hududida chetdan keladigan mehmonlarni munosib kutib olish maqsadida qarorgoh qurdirishga ahd qilgan. Rusiya shaharlarida sayohatlarda bo‘lgan Buxoro amiri u yerlardagi rus aslzodalarining hashamatli hayotiga havas qilib, Buxoroda ham yevropacha uslubidagi bino tiklashga farmon bergan. Ammo, milliylik bilan uyg‘un bo‘lishini ham o‘zining qattiq nazoratiga olgan. Bunga Buxoroning ko‘zga ko‘ringan diniy ulamolari qat’iy qarshilik ko‘rsatishgan bo‘lishsa-da, Abdulahadxon o‘z to‘xtamini qo‘ygan»,-deydi Shavkat Bobojonov.
Shundan so‘ng saroy Buxorodan 12 km sharqiy qismda «Yangi Buxoro» hududi misolida qad rostlay boshlagan va keyinchalik Kogon, deb atalgan.
Tarixiy manbaalarga ko‘ra, saroy qurilishini Amir Abdulahadxon o‘z davrining mohir me’mori Leontiy Nikolayevich Benuaga ishonib topshirgan. Ikki qavatli maxsus ayvonlar bilan bilan qad rostlay boshlagan saroy, keyinchalik milliy hamda arab usullari bilan ham uyg‘unlashtirilgan. Buxorolik va russiyalik mohir ustalar qo‘li bilan barpo qilingan. Qurilish ishlarida mohir muhandis Dubrovin boshchilik qilgan. Betakror ustunlaru katta gumbazlar va minoralar saroyni yanada ulug‘vor hamda mahobatli ko‘rsata boshlagan. Golland pechlari o‘rnatilgan. Saroy bo‘ylab havo bemalol aylanishi uchun devorlar orasida yo‘lakchalar tiklangan. Yozgi qarorgoh sifatida tiklangan ushbu saroy 3 metr chuqurlikka ega yerto‘la qismi tuynugi ochilgan.
Saroyning yevropacha bezatilgan birinchi qavatidan ikkinchi qavatiga ko‘tarilayotganda, mehmonlar aylanma zinapoya orqali ayvon qismiga o‘tishgan va bunda arab alifbosida bitilgan Qur’on kitobidan oyatlarni ko‘rib, hayratlanishgan. Saroyning g‘arbiy eshigidan juda ham maftunkor milliy uslubdagi ko‘rinishlar ustalarning jozibador mahoratini o‘zida aks ettirgan.
Keyinchalik ushbu saroydan Mang‘itlar sulolasining so‘nggi vakili, Abdulahadxonning o‘g‘li Amir Sayid Olimxon xam Buxoroga kelgan yuqori lavozimli mehmonlar uchun qarorgoh sifatida foydalangan.
Buxoro viloyati hokimi axborot xizmati rahbari Olim Jo‘rayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu madaniy meros ob’yekti bugun ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan.
«Hozirda Buxoro amirining Kogon shahridagi saroyi restavratsiya qilinmoqda. Jahon banki mablag‘lari hisobidan 2025-2026-yillar davomida bajarilishi rejalashtirilgan loyiha «Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi» davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi. Amir Abdulahadxon davrida saroyning sharqiy va janubiy qismi hovlisida favvoralar ham bo‘lgan. Ammo, ushbu favvoralar hozirgi kungacha saqlanib qolinmagan. Moxi-Xossa saroyi singari ushbu saroy ham dvijok yordamida elektr energiyasi bilan ta’minlangan bo‘lsa-da, rstavratsiyaga muhtoj. Saroyning manzarasi, viqori, salobatiga ziyon keltirmaslik va uni yanada ko‘rkamlashtirish maqsadida tajribali usta-muhandislar restavratsiyaga jalb etilishgan»,-deydi Olim Jo‘rayev.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov mazkur ob’yektda bo‘lib, ta’mirlash-tiklash ishlarini ko‘zdan kechirdi. Restavratsiya markazi mutasaxassislari bilan suhbatlashib, saroy restavratsiyasi, uning ta’mirlanishiga doir ishlarni muhokama qildi. Mavjud muammolar bilan qiziqdi. Ularni hal qilish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
«Bilamizki, 1920 yildan so‘ng ushbu binoda «Yosh buxoroliklar» tomonidan birinchi ayollar maktabi tashkil qilingan. 1946 yilda sobiq Temir yo‘llar vazirligining qaroriga asosan, «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat-hissadorlik temir yo‘l kompaniyasining Buxoro bo‘limi tashkil etilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan. 1947 yildan ushbu bo‘lim saroy binosida o‘z faoliyatini boshlagan. Ayni kunlarda Buxoro shaxridagi Temiryo‘lchilar saroyi sifatida ushbu binodan foydalanilmoqda. Temir yo‘l tarixiga oid juda ko‘plab kitoblar binoda tashkil etilgan kutubxonadan o‘rin olgan. Kutubxona uchun ajratilgan xonalarning devor va shift kismidagi bo‘rtma ganchkori bezaklari juda yaxshi xolatda saqlangan. Har bir ganj, har bir g‘isht – bir tarix. Uni boricha sayqallash, ortiqcha bezaklashlarga chalg‘imaslik, bu tarixiy ko‘rinishga ziyon yetkazib qo‘yishi mumkinligini har bir usta, har bir muhandis qalb-qalbidan his qilishi kerak. Talab ham, iltimos ham shu: saroyni boricha sayqallash, yangilash uchun bor mahoratni ishga solish: bu tarix oldidagi qarzimiz»,-dedi viloyat rahbari.
Ma’lumot o‘rnida: Sayyid Abdulahadxonning ushbu yozgi qarorgohining xaroba holga kelib qolgani 2020 yilda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lgan.
O‘shanda Madaniyat vazirligi ob’yektni 2021—2022 yillarda to‘liq restavratsiya qilish rejalashtirilganini, Buxoro amirlaridan biri Sayid Abdulahadxonning Navoiy viloyati Karmana tumanida joylashgan yozgi qarorgohi ham xaroba holga kelib qolgani, bu Navoiy viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi restavratsiya uchun budjetdan 3,1 milliard so‘m ajratilganini ma’lum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter