Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda birinchi kun imtihonga yuzlab abituriyent kelmadi (foto + video)

Buxoroda birinchi kun imtihonga yuzlab abituriyent kelmadi (foto + video)

Bir necha yillar davomida oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilish uchun bo‘lib o‘tadigan test jarayonlari yirik majmualar ochiq maydonlarida, katta o‘yingohlarda o‘tkazib kelindi. Bunda sig‘im juda katta bo‘lishiga qaramay, abituriyentlar uchun qiyinchiliklar tug‘dirardi.

«To‘g‘risi, joriy yilgi test sinovlarining katta sig‘imdagi yopiq binolarda tashkil etilgani bizni quvontirdi. Vaholanki, jazirama issiq va quyosh tig‘ida bizga o‘xshagan abituriyentlar test topshirishga majbur bo‘lishgan. O‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, o‘tgan yil jaziramada boshim aylanib, oqibatda burnim qonagan. Bir muddat tibbiy yordam ko‘rsatilgan. O‘tgan yil o‘qishga kira olmaganimga shuyam o‘z ta’sirini o‘tkazdi, deb o‘ylayman»,— dedi romitanlik abituriyent Vasila Jumanova.

Har bir jarayonning videokuzatuv ostida kechishi, bundan tashqari, ota-onalar uchun alohida joylar tayyorlangani va ularning o‘sha yerdan turib, kuzatib turishlari imkoniyatining yaratilgani abituriyentga kuch bag‘ishlaydi.

«Joriy yilgi test jarayonlari Buxoro shahrining 4 ta yirik binolarida bo‘lib o‘tadi. «Bilim va malakalarni baholash agentligi» viloyati bo‘limi binosi, «Yoshlik» sport majmuasining 1-2-binolari hamda «Semurg‘» sport majmuasi shular jumlasidan. Test sinovlarining adolatli, xolis va shaffoflik bilan o‘tkazilishi ta’minlanadi. Mazkur jarayonlarda abituriyentlarning ota-onalari o‘z farzandlarini ko‘rishlari, soya-salqinda dam olishlari uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Yana shuni ta’kidlash kerakki, Buxoro viloyatidan jami 47741 nafar abituriyent turli Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan. Ilk kunidagi ilk sinovlarga 2040 nafar talaba kirdi. 146 nafari yetib kelmadi», — dedi Bilim va malakalarni baholash agentligi Buxoro viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi Izzat Rahmonov «Xabat.uz»ga bergan intervyusida.

Shaffoflikni ta’minlash maqsadida test jarayonlari onlayn translyasiya qilingan. Shuningdek, 91 dona videokamera o‘rnatilib, jarayonlar to‘liq nazoratga olingan. 200 nafarga yaqin professor o‘qituvchi guruh nazoratchilari sifatida qatnashgan.

«Test jarayonlariga soat 08:00 da rasman start berildi. Buxoroda boshqa viloyatlardan farqli o‘laroq ota-onalar uchun kutish zallarida ortiqcha hayajonlarga berilmasliklari uchun madaniy hordiq olishlari ta’minlangan. Sovitish moslamalari o‘rnatilgan. Test jarayonlari shaffoflik va adolat tamoyillari asosida o‘tkazilmoqda. Abituriyentlarga chetdan yordam olmasligi, har qanday aylanma harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi qat’iy talabi qo‘yilgan», — Oliy ta’lim Fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi direktori o‘rinbosari Fozilbek Farhodov.

Bundan ilgari bir guruhda repetitorga qatnagan va ilk bor test sinovlarini topshirayotgan guruhdoshlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bo‘lgan Jasmina Rahmonovaning hatti-harakatlari «Xabar.uz» muxbirining e’tiborini tortgan.

U guruhdoshlarining suratlari tushirilgan bannerni qulochlagancha, ularga zafar tilab, test sinovlariga kuzatardi.

«Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bo‘lganim uchun ham men og‘zaki sinov topshirdim va o‘tdim. Endi navbat guruhdoshlarimga, ular test sinovlariga kirib ketishdi. Ularga motivatsiya berish uchun nimadir «syurpriz» qilgim keldi va ularning suratlarini qog‘ozga «muhrladim». Abituriyent guruhdoshlarim bilan birga talabalik nasib etsin»,— deydi Jasmina Rahmonova.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring