Buxoroda gaz bosimi pasayganidan norozi aholi avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Buxoroda gaz yo‘qligidan norozi aholi mashina yo‘lini to‘sib qo‘yib, katta ko‘chalarga chiqib ketayotganligi aytilmoqda» degan izoh ostida videomateriallar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Buxoro tumani hokimligi axborot xizmati ma’lumot berdi.
Qayd qilinishicha, o‘rganishlar jarayonida videomaterial Buxoro tumanidagi «Rabotipoyon» mahalla fuqarolar yig‘inida tasvirga olinganligi ma’lum bo‘ldi.
«Aniqlanishicha, 949 ta xonadonda 5 ming 610 nafar kishi istiqomat qilayotgan «Rabotipoyon» mahalla fuqarolar yig‘inida ayni paytda tabiiy gaz bosimi pasaygan. Mutaxassislar buni ob-havoning keskin tushib ketishi natijasida gaz iste’moli ko‘payishi va oqibatda hudud aholisining aksariyat xonadonlarida tabiiy gaz bosimida muammolar paydo bo‘lganligi bilan izohlashmoqda.
Shuningdek, dastlabki o‘rganishlar jarayonida mahalladagi gaz maromlash punktining soz holatda ekanligi aytilmoqda. Hozirda gaz bosimi bilan bog‘liq muammoni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda», deyiladi hokimlik xabarida.
Bu borada batafsil axborot berilishi ma’lum qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter