Buxoroda call-markaz operatoriga sud hukmi o‘qildi
Kogon tumanidagi call-markaz operatori pora bilan qo‘lga olindi. Jamoatchilik e’tiborini tortgan ushbu ish bo‘yicha call-markaz operatoriga Kogon tumanidagi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudda ochiq hukm o‘qildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga sudning tergov sudyasi Ulug‘bek Bozorov ma’lum qildi.
Sud hay’ati raisi Qosim Xolov rahbarligida o‘tkazilgan ochiq sudda sudlanuvchi — Respublika shoshilinch yordam tibbiy-ilmiy markazining Buxoro viloyat filiali call-markazi operatori bo‘lib ishlagan Z.N.ning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Ish hujjatlariga ko‘ra, 1980 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan Z.N. o‘zining xizmat mavqeidan foydalanib fuqaro L.B.ni aldagan. Uning ishonchiga kirib, tez tibbiy yordam bo‘limida ishlovchi yuqori mansabdagi tanishlari orqali call-markazga ishga kiritib qo‘yishini aytgan. Va buning evaziga undan 2 000 AQSh dollari talab qilgan.
L.B. fuqaro Z.N.ning xatti-harakati noqonuniy ekanini tushunib, holat yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan. L.B.ga kimyoviy ishlov berilgan pullar va audioyozuv qurilmasi berilgan. Hamma narsa rejaga asosan amalga oshirilib, Z.N. «Kogon tuman elektr ta’minoti» korxonasi oldida pulni olgan paytida 2 000 AQSh dollari bilan ushlangan.
Sudlanuvchi qilmishiga to‘liq iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan. O‘z harakatlarini tasdiqlab, qonuniy yengillik so‘ragan. Z.N.ning ayol kishiligi, chin dildan pushaymonligi inobatga olinib, 1 yil muddatga mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlikka oid vazifalarda ishlash huquqidan mahrum etilgan hamda oylik ish haqining 15 foizi davlat daromadiga ushlab qolingan holda 2 yil 2 oy axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter