Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda o‘pirilgan ko‘prik. Abgor yo‘l. Tovuqxona axlatlaridan qo‘lansa atrof (video)

Buxoroda o‘pirilgan ko‘prik. Abgor yo‘l. Tovuqxona axlatlaridan qo‘lansa atrof (video)

Buxoro viloyati, Jondor tumanidagi Po‘loti mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi ustidagi ko‘prik, bundan, chamasi, 30 yilcha ilgari qurilgan. Joriy yilning aprel oyida ushbu ko‘prik og‘ir yuk tashuv avtomashinasi o‘tishi oqibitida qulab tushgan edi.

«Xabar.uz»ga murojaat qilgan fuqarolar tomonidan ushbu holatda jabrlanganlar yo‘q, ammo, asosiy jabrni odamlar tortayotgani bildirilgan. Holat yuzasidan «Xabar.uz» muxbiri tomonidan jurnalistik surishtiruv olib borildi.

O‘z atrofida 6 ta qishloqni birlashtirgan tumandagi Po‘loti mahallasida 8 500 nafardan ortiq fuqaro istiqomat qilar ekan. Hududdan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi ustidagi ko‘priklar bir nechtani tashkil etadi. Qishloqlar aholisi 30 yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu ko‘prikdan foydalanib kelishgan.

Suv sathidan balandligi 15, eni 20 metrcha va uzunligi salkam 40 metr masofadagi ushbu ko‘prik halokatli ahvolga kelib qolgach, ikki tomon qatnov yo‘li to‘sib qo‘yilgan. Shunga qaramasdan, inson hayoti uchun xavfli bo‘lsa-da, odamlar tuman markaziga borish uchun ko‘prik ustidan kesib o‘tishni to‘xtatishmagan.

- Ko‘prik ag‘darilib, o‘pirilib ketgach, uning ikki o‘tuv tomoni odamlarning o‘tib-qaytmasligi uchun ko‘chma betonlar bilan to‘sib qo‘yildi. Tamom. Ammo, to‘rt oydan beri xalqning uzog‘ini yaqin qilish choralari umuman ko‘rilmadi. Tuman markaziga borib, bozor-o‘char qilib kelish uchun 7 kilometr masofani aylanib o‘tamiz. Yo‘lovchi taksilar ham odamlar noilojligini bilib turib, kira haqlarini oshirib yuborishgan. Bilasiz, qishloq joylarida pul topish oson emas. Tiyin-tiyinni eplab-eplab sarflaymiz. Aksiga olib, kimdir betob bo‘lib qolsa, 5-10 minutda yetib keladigan «Tez yordam» mashinalari yarim soat, qirq minutlarda yetib keladi, - deydi shu qishloqda yashovchi onaxonlardan biri.

Fuqaro Baxshullo Boboyev esa odamlar ushbu masalaning hal etilmayotganidan, bu haqda mutasaddilar bosh qotirishmayotganidan noroziligini bildirgan.

- Na tuman hokimi, na boshqa mas’ul mutasaddilari kelib, aholi bilan suhbat o‘tkazishgan. Bir marta nomutaxassis, sohani tushunmaydigan ikki xodimni jo‘natishdi. Ular ham yechimi borasida tuzuk fikr bildirishmadi. Kattakonlar odamlar bilan uchrashdik, ko‘rishdik, deyishyapti. Shu holatni «kattakonlar o‘rganishdi-ketishdi» deb izohlash mumkinmi?  Qachongacha bu holat davom etadi? – dedi Baxshullo Boboyev.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: ko‘prik o‘pirilgach, aholi 4 oydan beri tuman markaziga qatnovda qiynalayotgan, ustiga-ustak, xavfli bo‘lsa-da, halokatli ahvoldagi ko‘prikdan o‘tishdan tashqari, tovuq fabrikasiga olib boradigan yo‘ldan foydalanishayotgan ekan, aholiga qulaylik yaratish maqsadida hech bo‘lmasa, vaqtinchalik avtobus xizmatini yo‘lga qo‘yish takbirli amallardan sanalmasmidi?

«Men soha mutaxassisi emasman, men birinchi o‘rinbosarman»

Ko‘prik masalasida biz surishtiruv o‘tkazayotgan manzilda ko‘z ochib yumguncha, bir nechta mutasaddilar ham yetib kelishdi. Fuqarolarga o‘zini tuman hokimi o‘rinbosari Niyoz Ahatov, deb tanishtirgan mutasaddi hali so‘z boshlamay turib, operatorga «telefoningizni olib qo‘ying!»-deya buyruq bergan. Jurnalist mutasaddidan buning sababini so‘raganida, u: «men soha mutaxassisi emasman, men birinchi o‘rinbosarman»,-deya javob bergan. Qiziq. Agar soha mutaxassisi yoxud shu tuman uchun mas’ul bo‘lmaganida, birinchi o‘rinbosarning holat joyiga kelishiga kim majburlagan?!

Mutaxassislarning so‘ziga ko‘ra, ko‘prik masalasi yechimi ustida chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Ko‘prik masalasi yechimini  topadi

Jondor tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi mutaxassisi Sarval Xayriddinov esa bundan ilgari bir necha bor aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazilgani, ular o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilgani xususida to‘xtalib, ko‘prik masalasi yechimi borasida allaqachon chora-tadbirlar belgilab olinganini bildirdi:

- Ko‘prik og‘ir yuk tashuv mashinasini ko‘tara olmay, ag‘anab, o‘pirilib ketgan. Oqibatda ayanchli ahvolga tushib qolgan. Hodisa sodir bo‘lgan soatdan boshlab, mutaxassislar jalb etilgan va holatni izchil o‘rganishgan. Mamlakatimiz prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi 330-sonli qaroriga asosan, ko‘prik 2024-2026 yillarda qayta va to‘liq ta’mirlanishi davlat dasturiga ham kiritilgan edi. Unga ko‘ra, ko‘priye ta’mirlanishida ikki miliard to‘rt yuz million so‘m ajratilgan. Biroq, baxtsiz hodisaning yuzaga kelgani hammamiz uchun tashvishli hol bo‘ldi. Ayni paytda ko‘prikni loyihalash ishlari boshlangan,-dedi Sarval Xayriddinov.

Ma’lum bo‘lishicha, bundan oldin ushbu ko‘prikni 2021 yilda Romitan tumanidagi qurilish tashkilotlaridan biri tomonidan qayta ta’mirlangan. Ayni paytda, prokuratura organlari tomonidan quruvchi tashkilot tomonidan ko‘prikni ta’mirlash jarayoni nechog‘li sifatli yoki sifatsiz bajarilgani chuqur o‘rganilmoqda. Ushbu amalga noqonuniy xatti-harakatlarga va o‘zlashtirishlarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, qurilish tashkiloti qonuniy javobgarlikka tortilishi bildirildi.

 Aholi abgor va qo‘lansa hidli yo‘ldan foydalanishga majbur bo‘lgan

Fuqarolarning bildirishicha, ko‘prik yo‘li yopilgach, odamlar qatnov yo‘li hisoblanmagan - tovuqchilik fabrikasi yo‘lidan qatnashga majbur bo‘lishgan. Ular bu yo‘llar juda abgor, yetmaganiga, fabrikadan chiqarib tashlangan yaroqsiz go‘shtlar uchun dayti itlar ko‘p sang‘ib yurishini bildirishdi.

Tuman mutasaddilaridan birining tadbirkorligiga qarashli bo‘lgan ushbu tovuqchilik fabrikasi sari yo‘l oldik. Manzilga borgan sari atrofga badbo‘y hid tarqatib yuborgan fabrika yo‘li haqiqatan chang va abgor ahvolda ekan. Bir tomonlama yo‘ldan qarama-qarshi harakatlanib kelayotgan transport vositasi chang oqibatida bir-birini ko‘rishi mushkul. Ustiga-ustak, zahkash ichiga qarab hamda qatnov yo‘li chetiga tonnalab fabrika axlatlari chiqarib tashlangan. Bir qismi ko‘mib yuborilgan. Axlatlar maishiy chiqindilar bilan ham qalashtirib tashlangan.

Matbuot kotibiga nimayam derdik...

Jurnalistik surishtiruv olib borilayotgan payt ayni quyosh tig‘i tik tushgan pallaga to‘g‘ri kelgani uchunmi, mavjud ikki videokamera ham qizib, tasvirga oluv tizimi nosoz ahvolga kelib qoldi. Shunda bizga hamrohlik qilayotgan tuman hokimi matbuot kotibidan ko‘mak so‘rab, tasvirni uning qo‘l telefonida davom ettirishni so‘radik. Afsuski, matbuot kotibidan iltimoslarga qaramasdan, kerakli kadrlarni qayta olishning iloji bo‘lmadi.

Nima ham derdik, surishtiruvning ertasi kuni ham tavsirga olish jarayonlarini davom ettirishimizga to‘g‘ri keldi.

Biz, tuman hokimi matbuot kotibining tasvirlarni bizga ulashmayotgani sababini ertangi kunga qadar tovuq fabrikasi chiqindilarining tozalab qo‘yilishiga ishora bo‘lsa kerak, deb tushungandik. Biroq, holat o‘sha-o‘sha: qo‘lansa hid tarqatib turgan chiqindilar olib tashlanmagan va odamlar u yo‘ldan nafas yo‘llarini berkitib o‘tishayotgan edi.

Yo‘l shag‘allashtirilib, avtobus qo‘yiladi

Jondor tumani hokimi Jamshid Xudoyev «Xabar.uz»ga bergan intervyusida aholini qiynab kelayotgan muammolar yil oxiriga qadar bartaraf etilishini bildirdi. Yo‘l shag‘allashtirilib, odamlarga qulaylik yaratish maqsadida yo‘lovchi tashish avtobus xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi.

- Joriy yilning aprel oyida mazkur ko‘prik 120 tonnadan ortiq og‘irlikdagi yukka bardosh berolmay, qulab tushgan edi. Ko‘prik 40 tonna yuk ko‘tarishgan mo‘ljallangan. Ayni paytda viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Aybdorlarning xatti-harakatiga baho beriladi. Tuman markazi hamda Po‘loti mahallasini bog‘lab turuvchi ushbu ko‘prikdan foydalanish to‘xtatib qo‘yilgani sababli aslida, qatnovga mo‘ljallanmagan tovuqchilik fabrikasidagi yo‘l shag‘allashtiriladi. Bundan tashqari, Buxoro viloyat Transport boshqarmasiga hududda aholi foydalanishi uchun qo‘shimcha avtobus ajratilishi bo‘yicha murojaat bilan chiqdik. Aholini qiynab kelayotgan barcha masalalar navbatma-navbat ijobiy hal etib boriladi,-dedi Jondor tumani hokimi.

Mavzuga yana qaytamiz.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring