Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda sun’iy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi

Buxoroda sun’iy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi

Foto: Xabar.uz

Buxoro davlat Texnika universitetida zamonaviy sun’iy intellekt ilmiy-amaliy laboratoriyasi tashkil etiladi. Bu haqda «Xabar.uz» ga universitet axborot xizmati rahbari Malika Shukrulloyeva ma’lumot berdi.

Ma’lumki, laboratoriya tashkil etish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yil 21 oktyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan. U 2025 yil 22 oktyabrda imzolangan PF–189-sonli Farmon bilan huquqiy jihatdan mustahkamlangan.

«Farmonga muvofiq, mamlakat bo‘ylab 9 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi. Ular orasida Buxoro davlat Texnika universiteti ham bor. Laboratoriya texnik talablari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Zarur jihoz va uskunalarni xarid qilish jarayonida bank hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi»,-dedi universitet rektori Sadoqat Siddiqova.

Ushbu masala yuzasidan Buxoro viloyati hokimining raqamlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi hamda «Mikrokreditbank» rahbariyati vakillari uchrashuv o‘tkazishgan. Unda sun’iy intellekt laboratoriyasini tashkil etish, uni qo‘llab-quvvatlash va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.

Sadoqat Siddiqovaning aytishicha, yangi laboratoriya talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun ilg‘or texnologiyalar bilan ishlashni o‘rgatuvchi, ularning ilmiy salohiyatini oshiruvchi muhim maydonchaga aylanadi. Shuningdek, u sanoat korxonalari, IT-kompaniyalar va davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda innovatsion loyihalar yaratish imkonini beradi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring