Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxorodan Vankuvergacha: TATU sobiq talabasi, Kanadadagi Huawei xodimi bilan suhbat

Buxorodan Vankuvergacha: TATU sobiq talabasi, Kanadadagi Huawei xodimi bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar» rukni doirasidagi intervyular davom etadi.

Navbatdagi suhbatdoshimiz Huawei’ning Kanadadagi ilmiy xodimi, vatandoshimiz Nodir Qodirov bo‘ldi.

Qahramonimiz Toshkent axborot texnologiyalari universitetining bakalavr bosqichini tamomlagan. Janubiy Koreyadagi Konkuk universitetida magistratura, Kanadadagi Britaniya-Kolumbiya universitetida doktoranturada tahsil olgan.

«Qishloqda, mehnatni o‘rtasida tug‘ilgan»man

Buxoro viloyatida tug‘ilganman. Buxoro tumanidagi 16-maktabda o‘qib, keyin o‘sha tumandangi qishloq xo‘jalik kollejini bitirganman. Hozir 37 yoshda oxirgi diplomim texnika fanlari doktori bo‘lsa, hayotdagi birinchi diplomim shu kollejdan, chorvador fermerlikda.

Bolalik yillarimning eng asosiy qismi: mehrga to‘la muhitda o‘sganim. Jonkuyar ota-ona, sevimli aka-ukalaru, opa-singillar, jips qarindoshlaru-qishloqdoshlar va fidoyi o‘qituvchilar bag‘rida ulg‘ayganman. Hammalaridan doim minnatdordaman.

Bolaligimning yana bir qismi bu mehnat. Qishloqda o‘sganman. Dalamiz, chorva mollarimiz bo‘lardi. Ularga yem-xashak olib kelish, qishga jamlash kundalik yumush edi. Mavsumiy paxta-bug‘doydan tashqari, oilada tonnalab kartoshka, sarimsoq, handalak yetishtirib sotganmiz. Hojiboy Tojiboyev aytgandek, «qishloqda, mehnatni o‘rtasida tug‘ilgan»man. Ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir maqolini amalda ko‘p qo‘llashga to‘g‘ri kelgan.

Birinchi kursning o‘zida ilmiy maqolam chop qilingan

Axborot texnologiyalari sohasini Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga (TATU) kirganimdan keyin tanlaganman. TATUga hujjat topshirishdan avval aniq fanlarga, ayniqsa matematika va fizikaga qiziqardim. Ustozlarim, ayniqsa Sherali Ochilov, fizikaga bo‘lgan qiziqishimga katalizator bo‘lganlar. Gulbahor Po‘latova va Zafar Boltayev matematik go‘zallikka ko‘zimni ochganlar. Bakalavrdan yagona maqsadim fanga chuqurroq kirish edi. Yaxshi oliygohlar Toshkent shahrida edi, boz ustiga Toshkentda talabalar paxta terimiga chiqmasdi. Uydagilar va ustozlar maslahati bilan o‘sha vaqtdagi eng obro‘li oliygohlardan biri, TATUga topshirdim.

TATUga borib fizika-matematikada davom etdim. TATU matematika kafedrasidan ustoz topib (Anvar Mirzayev), birinchi kursning o‘zida maqola chop qildik. Dastlabki maqolam Fure qatorlaridan foydalanib signallarni spektral tahlil qilish haqida edi. Ustoz Mirzayev «uzoqdagi yulduzdan kelgan nurni olib, uni spektral tahlilidan yulduzning kimyoviy tarkibini olish mumkin: masalan unda qancha platinum va oltin borligini aniqlash mumkin» deganlari haliyam esimda. Shu qiziqish bilan sohaga kirdim. Ikkinchi yilga borib dasturlash tili (Pascal) darslari boshlandi. Bu dars qiziqishimni tortdi. Kompyuter dasturlari matematik isbotga o‘xshardi: isbot qadamba-qadam qilingandek, dastur ham qadamba-qadam yozilardi. Odatda buni algoritm deyishadi.

O‘sha yili uydagilarim shaxsiy kompyuter olib berganlaridan foydalanib, ko‘proq vaqtim kompyuter oldida, dasturlash bilan o‘tdi. Birinchi dasturim ham fizika sohasiga oid: quyosh atrofida planetalar aylanishini qora ekranda rangli nuqtalar bilan tasvirlab, animatsiya qilish edi.

Oliygoh bilan bog‘liq yaxshi xotiralarim ko‘p. Ustoz Mirzayevdan tashqari, Umida opa, Mahbuba opa, Dilorom opa, Erkin aka va Rustam Hamdamovlar sohaning yaxshi mutaxasisi edilar. Nafaqat bilim berishga usta, balki bu bilim amalda qanday qo‘l kelishini yetkazib tushuntirardilar. Universitet sharoiti ham yaxshi: kompyuterli kutubxonalar, kuniga bir soat bo‘lsa ham kutubxonadagi tekin internet, mutaxasislik bo‘yicha kitoblar, Koreys va Hind o‘quv markazlari bilim olish uchun keng imkoniyatlar ochardi.

«Chinakam fanni hali ko‘rmadim» degan chanqoq bor edi

Oliygohni tugatganimdan keyin, Koreyaga magistratura uchun hujjat topshirishimga asosan 3 ta sabab bo‘lgan: 1) chet elda bilim olish xohishim, 2) Koreyada grantlar borligi, 3) TATU Koreys markazidagi Ulug‘bek aka. Birinchi sababning asosi bakalavr bilimimdan qoniqmaganim. Nazarimda bilmaganlarim hali ko‘p: yuragimda «chinakam fanni hali ko‘rmadim» degan chanqoq bor edi. Bu chanqoqni O‘zbekistonda magistr o‘qib qondira olishimga ko‘zim yetmadi. Aksincha, TATUni bitirib, chet elga o‘qishga borganlarga havas qildim. Ularning maslahatini olib, Koreya, Yaponiya, Yevropa va AQShdagi imkoniyatlarni o‘rgandim. Koreyada grantlar borligi va bu orqali ota-onamga moddiy yuk bo‘lmay bilim olish imkoniyati o‘ziga tortdi. O‘sha paytda Koreys markazidagi ustozim Ulug‘bek aka, asl ismi Jei Sang Jeon, maslahatlari bilan Koreyaga topshirdim. Grant oldim. Ulug‘bek akaga operatsion tizimlar sohasida magistr qilish hohishimni aytganda, Konkuk universitetini maslahat berdilar. Shu orqali Konkukda qo‘nim topdim.

Ulug‘bek aka bilan. Shahrisabz, 2007-yil.

Koreyada ta’limning meni qoyil qoldirgan jihati akademiya va sanoat (ishlab chiqarish) hamohangligi bo‘ldi. Laboratoriyalarda talabalar loyihalar qilishardi. Ularning ba’zilari davlat tomonidan, kattagina qismi sanoat korxonalari tomonidan moliyalashtirilgan edi. Masalan, dunyoga taniqli Samsung va LG kompaniyalari universitetlar bilan hamkorlikda loyihalar qilardi. Men ham shunday loyihalarning birida ikki yilcha ishladim. Ilmiy ishlarimni konferensiya va jurnallarda chop qildim. Professorlar bilan loyihalar qilish va natijalarni maqolada chop qilish Koreya ta’limdagi katta imkoniyat edi.

Mahalliychilikni ko‘rmadim

Dunyo ko‘rish odam dunyoqarashini kengaytiradi. Haliyam esimda, 2004 yil TATUga hujjat topshirishga Toshkentga birinchi marta borganimda Toshkent shahridagi ko‘priklarga qoyil qolgandim: «bu shaharda shunday ko‘prik quruvchilari yashasa, ularga bu ko‘priklar oddiy hol bo‘lsa, aholi qanchalik yuksalgan» degan xayollar o‘tgan. Koreyada ham xuddi shu holat takrorlandi: daryolar osha qurilgan ko‘priklaru, osmono‘par binolardan hayratlandim. Ilhomlanib, ko‘proq bilim olishga, shu aholiga mos, o‘z ishim ustasi bo‘lishga ahd qilgandim.

Universitetdagi ta’lim ham havas qilgulik bo‘ldi. Mahalliychilikni ko‘rmadim. Talabalar o‘z ustida qattiq ishlardi. Professorlar yuqori malakali. Ko‘pchiligi Koreyadan chetda o‘qib kelgandi. Sohasini qoyillatganlar edi. Menda «mana endi chinakam bilim maskaniga keldim, shu yerda bilim cho‘qqisigacha boraman, sarhadga yetaman» degan hissiyotlar bilan boshladim. Lekin ikkinchi yilni bitirishga yaqin sarhaddan hali ancha uzoqdaligimga ko‘zim yetdi.

Do‘stim Shveysariya, men Kanadada PhD boshladim

Konkukni bitirish arafasida PhD o‘qishda davom etaman degan xulosaga keldim. Ammo Koreyada emas. Konkukda men havas bilan qaraydigan barcha professorlar g‘arbda, ayniqsa AQShda PhD qilib kelishgandi. Chinakam fan chanqog‘imni AQShda qondiraman degan umidda, AQShga topshirim. O‘qishga qabul qilindim. Universitet 20 ming dollarlik grant berdi. Bu o‘qishimni qoplardi. Lekin yashash uchun yiliga kamida qo‘shimcha 20 ming dollar kerak edi. O‘zimdagi 2-3 ming dollar kam, uydagilarga esa yuk bo‘lgim kelmadi. Konkukdagi ilmiy rahbarim Kim Duyon (Kim Doohyun) va boshqa yaqinlar bilan maslahatlashib, Koreyada bir necha yil ishlab, tajriba va pul yig‘ib, keyin qayta PhDga topshirishga qaror qildim.

Koreyaning Elektronika va telekommunikatsiyalar tadqiqoti instituti (ETRI) va boshqa kompaniyalarga ariza topshirib intervyu qildim. Birdan ortiq joyga qabul qilindim. Kelajakda PhD maqsadim borligi sababli ETRIni tanladim: uning dunyoga tanilganligi va Koreyadagi eng katta ilmiy markazligi maqsadimga muvofiq edi. ETRIda ish boshlab, u bejizga tanilmaganligini guvohi bo‘ldim. Markazda 3000 tacha xodim ishlasa, o‘shandan 2000 dan ortig‘i PhD edi. Markazning 40 yilga yaqin tarixida TDX (Time Division Exchange), 4M DRAM (Dynamic Random Access Memory) va 4G LTE Advanced kabi muhim kashfiyotlar qilingandi.

ETRIda 3 yil davomida kelajak interneti va datatsentr tarmoqlari sohalarida ishladim. Datatsentrlarga qiziqishim shu paytlardan boshlandi. Hamkasblarim ko‘pchiligi ustozlarimga aylandi, shu qatorda Li Tayeho (Lee Tae-Ho). ETRIda eng omadim chopgan narsa Tayeho bilan hamkasb bo‘lganim deb hisoblayman. Tayeho men bilan tengdosh. Asli Koreyalik bo‘lsa ham AQShda o‘rta maktabni bitirib, axborot texnologiyalari sohasida Texas universitetida (University of Texas, Austin) bakalavr va Stenfordda magistr olgan. Uning bilim doirasi, dunyoqarashi, fikrlash tezligi va tiniqligi menga afsungardek tuyulardi. Bir yildan ko‘roq yonma-yon o‘tirdik, texnik va notexnik sohalarda saboqlar oldim. Uchinchi yilga borib birgalikda PhDga topshirdik va u Shveysariya, men Kanada, xususan Britaniya-Kolumbiya universitetida PhD boshladim.

Britaniya-Kolumbiya universitetida, Tizimlar  labaratoriyasi talabalari bilan, 2017-yil

Universitetda tizimlar sohasida izlandim

Kompyuter tarmoqlari sohasidan boshlab, virtualizatsiya, xotira, fayl tizimlar, tizim unumdorligi, tizimlarda matematik isbotlar kabi sohalarga chuqurroq kirdim. Orada qariyb 2 yilcha AQShdagi silikon vodiysida (Kalifoniya) ham ishlab amaliyot qildim.

Siz savolni «qaysi muammo yechimiga qaratilgan» dedingiz. Bu o‘rinli savol. Hozirgacha barcha ishlarim muammo yechishga qaratilgan. Lekin izlanish har doim ham muammo yechish uchun qilinmaydi. Sof qiziqishlar sababli izlanish haqida fikrimni o‘z blogimda yozganman.

PhDda dastlabki maqolam datatsentr unumdorligi haqida edi, ayniqsa resurslarni yaxshiroq taqsimlash orqali. Masalan, protsessor, xotira, disk va tarmoq resurslari. Bu xuddi chorva fermasida 100 chorvaga molxona qurib, lekin unga 80 ta chorva boqishdek gap. Chorva o‘rinlari bo‘sh qolsa fermer foydasi kamayadi. Lekin datatsentrda resurslarning qanchasi bo‘sh ekanligi aniqlash chorva sanashdan murakkabroq. Uning uchun mukammal algoritmlar ishlab chiqiladi. Birinchi ishimda shu algoritmni matematik isbotlar asosida qurish mumkinligini ko‘rsatdik. Bu orqali datatsentr foydali ish koeffitsentini 3 baravargacha oshirish mumkinligini ko‘rsatganmiz.

Ikkinchi ishim ham datatsentrlar foydali ish koeffitsentini oshirish haqida edi. Faqat boshqacha, tarmoq funksiyalari uchun ishlatiladigan datatsentrlarda. Bunda ham yangi algoritm va tizim taklif qilib, yangi algoritmning koeffitsenti sekinroq-lekin-sifatliroq algoritmga 96% yaqin ekanligi ammo o‘rtacha 82 marta tezroq ekanligini ko‘rsatganmiz. Uchinchi ishim ham datatsentr tarmog‘i unumdorligi muammosiga qaratildi. PhD dissertatsiyam bu ishlarni birlashtirdi.

PhD diplom olish marosi, COVID davri, 2021 yil.

Yangilikka urg‘u katta

Huawei ilmiy izlanish uchun yaxshi joy. Kompaniyani dunyo bo‘ylab 200 mingdan ortiq ishchisi bor. Bloomberg’ning 2022 yilgi tahliliga ko‘ra, ilmiy izlanishga har yili 20 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ sarflaydigan kompaniyalar dunyoda bor-yo‘g‘i 6 ta. Huawei o‘shalardan biri. Boshqalari Meta (oldingi Facebook), Amazon, Alphabet (Google egasi), Apple, va Microsoft. Huawei ulushi Microsoft’nikiga yaqin, Apple’dan 1 milliard kamroq va yetakchi Meta’dan 2.5 milliard kamroq. Aytilishicha Huawei olgan daromadining 10 foizini ilmiy izlanishga sarflaydi.

Bular tashqi ma’lumotlarga asoslangan. Lekin Huawei’dagi shaxsiy tajribam ham buni tasdiqlaydi: yangilikka urg‘u katta. Izlanuvchi sifatida o‘zimni vazifam muammolarni aniqlab, o‘rganib, yangi yechimlar taklif qilib, maqola va patentlar orqali sanoatga tadbiq qilish. Hozir datatsentrdagi grafik dasturlar uchun tizim qilayapmiz. Men tizimning umumiy arxitekturasi, xususiyatlari, resurs taqsimoti va unumdorligi jihatlarida ishlayman.

Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmas

Kanada tabiati chiroyli. Yashash uchun, ayniqsa oila uchun yaxshi joy: tinch, osoyishta, toza. Ko‘pchilik xalqi yordam berishga tayyor, bag‘ri keng. Rivojlangan iqtisodiyoti, sanoati, sog‘liqni saqlash tizimi va dunyoda nomi chiqqan bilim maskanlari bor.

Kanadada salbiy tassurotlarimni yo‘q desa ham bo‘ladi. Masalan, men yashaydigan shahar Vankuverda yomg‘ir ko‘p yog‘adi. Oktyabrdan boshlab aprelgacha haftasiga 4-5 kunlab yomg‘ir yog‘adi. Birinchi kelganimda yomon ta’sir qilgan. Atrofdagilarni ko‘pchiligi ham yomg‘irdan nolirdi. Men tabiatdagi yashillikni yoqtiraman. Bu o‘zgacha go‘zallik. Buxorolik sifatida yashil bo‘lmagan go‘zallikni ham qadrlayman, lekin quchoqqa sig‘maydigan tanali, odamdan 30-40 baravar baland (60+ metr) daraxtlar gashti o‘zgacha. Yomg‘ir bo‘lmasa bu daraxtlar bo‘lmaydi. «Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmas» deganlaridek, yashillikni hohlasam, yomg‘irdan qochmasligim kerak.

Vankuver, 2023 yil.

Ilmiy izlanish uslubimizda sof qiziqishlarga yetarlicha imkon berilmayapti

Savolingiz: «bugungi kunda izlanuvchilar sof qiziqishni asosiy o‘ringa qo‘ymoqdami?” Qisqacha fikrimni yozaman. Chuqurroq fikrimni qachondir blogimda yozarman. Unda MIT professori Rodney Brooks’ning 2020 yilgi maqolaga taqriz (inglizcha: peer review) haqidagi maqolasiga ham to‘xtalaman.

Endi savolizga qaytsam: sof qiziqishlar asosiy o‘rindami? Menimcha yo‘q. Sof qiziqishlar bilan borish qiyin. Aniqrog‘i sof qiziqishlardan kelib chiqib maqola chop qilish qiyin. Sababi oddiy: konferensiya, jurnal va nashriyotlar muhim narsani chop qilishni istaydi. Fanda muhimlikni qanday baholaymiz? Hozirgacha eng ishonchli yo‘l: muhimlikni «foydalilik» orqali o‘lchash. Nima foydali? Muammoni hal qilgan narsa foydali. Bu muammo qay darajada muhimligini aniqlasangiz bo‘ldi, kashfiyot muhimligini bilvosita baholaysiz.

Lekin doim ham bunday qolmaydi. Aniqrog‘i shunday qolmasligiga umid qilaman. Fan doim rivojda. Keyingi olimlar foydalilik va sof qiziqishni yaxshiroq balans qilishadi, deb o‘ylayman. Hozirgi ilmiy izlanish uslubimizda sof qiziqishlarga yetarlicha imkon berilmayapti deb his qilaman.

Lekin bu borada fan sohasi yolg‘iz emas. Hayotning boshqa sohalarida ham shunday: sof qiziqishlar ortidan ergashib maqsadga erishish qiyin. Mashhur «Titanik filmi prodyuseri Jeyms Kemeron hayotiy hikoyasi bor. Kameron yoshligidan fan-texnikaga, aynisqa suv osti va boshqa olamlarga qiziqadi. Yillar oldin okean qa’riga cho‘kkan Titanik kemasini o‘z ko‘zi bilan borib ko‘rgisi keladi. Buning uchun mablag‘ yetmaydi. Mablag‘ topish uchun «Titanik» filmi ssenariyasini yozadi. Kino homiylariga «Titanik» ni borib ko‘rsam, kino haqiqiyroq chiqadi» deb safar rejasini taqdim qiladi. Homiylar safar xarajatini ko‘rib, safarni inkor qilishadi. Kameron ko‘nmaydi. Asl maqsadi, okean qa’ridagi Titanikni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun qayta-qayta harakat qilib, oxiri homiylarni ko‘ndiradi.

Hozir izlanuvchilar ham shunday qilishlari kerak. Balki allaqachon qilishayapti. Kemeron sof qiziqishini Titanik bilan qoplaganidek, olimlar ham sof qiziqishlarini «muammo» bilan qoplashlari kerak. Nashriyotchilar muammoni ko‘rib, maqolani chop qiladi. Bahonada sof qiziqish ham qondiriladi.

Savolingizning «Impostor sindromi»  haqidagi ikkinchi qismiga to‘xtaladigan bo‘lsam, taxminim: bu sindromli kishilar soni o‘zgarmagan. Shaxsan men, borgan sari ko‘proq kishilarda bu sindromni uchratayapman. Lekin bu ko‘proq kishi chalinayapti degani emas. Yaqinda o‘rgangan narsa hayotda ko‘proq uchrashini qaytaruvchanlik illyuziyasi deyishadi (inglizcha: frequency illusion). Masalan o‘zim farzandli bo‘lib, ko‘chada bolalalar aravachasini yetaklay boshlaganimda «tashqarida nega buncha aravacha ko‘p, avval bunaqa emasdiku» deb his qilganman. Aslida esa aravachalar men ota bo‘lishimdan oldin ham shuncha bo‘lgan. Men buni ota bo‘lganimdan keyin payqaganman. Ungacha yo‘lakda ikki aravacha zo‘rg‘a sig‘ishi muammosini uchratmaganman. Psixologlar bu illyuziyani miyaning bir narsaga odatdagidan ko‘proq e’tibori natijasi deb hisoblashadi. Men bunga qo‘shilaman. Impostor sindromi ham shunga o‘xshash deb o‘ylayman. Men uni hayotda ko‘proq uchratayapman va o‘sha blogni yozganimdan beri ko‘proq kishi menga bu sindromga u ham chalinganini aytayapti. Shaxsan men bu sindromsiz olimlar kamchilik deb o‘ylayman.

Chinakam fan farqini tiniq ko‘rsatgan

Sevimli uch kitobim: Richard Bax va Russel Munsonning Jonathan Livingston Seagull qissasi. Ingliz tilida. To‘dadan farqli bo‘lish ayb emasligini, boshqacha hayot tarzi porloq kelajakka olib borishi mumkinligini qush hayoti misolida yaxshi ko‘rsatgan. Mana bu Ahmad Otaboyevning o‘zbek tiliga tarjimasi: Oqcharloq Jonatan Livingston.

Richard Feynmanning Surely You’re Joking, Mr. Feynman! (mazmuniy tarjima: «Siz albatta hazillashayapsiz, mister Feynman» ) kitobi. 1965 yilda Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti olgan, o‘zim hurmat qiladigan, olim avtobiografiyasi. Feynman olim qanday ulg‘ayishini o‘z misolida qoyilmaqom tasvirlagan. Nafaqat yosh olimlarning o‘zlariga, balki ota-onalarga ham qo‘llanma qilib ishlatsa bo‘ladi. Ya’ni farzandingizda shunday qobiliyat sezsangiz, demak yosh Nobelchi tarbiyalayapsiz. Qolaversa, fan hayotning ajralmas qismi ekanligini, xo‘jako‘rsinga fan qilish bilan chinakam fan farqini tiniq ko‘rsatgan. Latifalarga ham boy kitob.

Piter Tiyel va Bleyk Masterning Zero to One: Notes on Startups, or How to Build the Future kitobi (ingliz tilida). Mazmuniy tarjima: «Yo‘qdan bor: kompaniyalar va kelajakni qurish haqida izohlar» . Insho sifatida yozilgan ko‘rinishi mana bu yerda (ingliz tilida). Yangiliklar qanday qilinishi, daholar qanday o‘ylashi va yashashi, ularni boshqalar qanday ko‘rishini hayotiy misollar bilan yaxshi tasvirlagan.

Mehnatdan qochmasa, omad sizni quvadi

Intervyuni ikki hikoya bilan yakunlayman. Ikkalasi ham o‘z hayotimdan. Aytishimni sababi, boshqalarga men ham ular kabi oddiy odam, kerak bo‘lsa oddiy qishloq bolasi ekanligimni ta’kidlash. Bularni o‘qib ular ham hayot kemalarini o‘z qo‘llariga olishlari va bu kemani o‘zlari hohlagan qirg‘oqqa burishlariga undash.

Birinchisi: kartoshka chopiq mavsumi edi. Buxoroning may oyida havo endi isib, kunlar uzayib, kechki sakkizlargacha dalada ishlash imkoni bo‘lardi. Daladagi kartoshka jo‘yaklaridagi (egat) begona o‘tlarini chopib tashlab, kartoshka tanasi ostiga ko‘proq qum tashlanardi. Shunda tananing ko‘proq qismi qumga botib, ildizdagi kartoshkalar yanada kuch olardi, kattaroq hosil berardi.

Adashmasam 2002-2003 yillar, TATUga kirishimdan 2 yilcha oldin. Bu vaqtga kelib men fanga ancha qiziqib qolgandim. O‘sha kuni qorong‘u tushdi, lekin uzun jo‘yakni oxirigacha chopiq qilishga ulgurmadim. Shuni tugatsam, ertasi ko‘proq dars qilaman deb, qorong‘uda chopiqda davom etdim. Uydagilar «kiraqol endi, qolganini erta qilasan» deyishdi. Ularga indamay, ishimda davom etdim. Fursat o‘tib, bir-ikki takrorlashdi. Charchoq va g‘azab aralash «hali ishimni tugatmadim, bugun tugatmasam ertaga yana qilishim kerak, ertaga esa ko‘proq o‘qimoqchiman; nega falonchi domla kunini bilimga sarflay oladi, men esa dalada ham ishlashim kerak» deb zarda bilan so‘radim. Uydagilar yosh bolaga yoyishdi shekilli «chunki u domla omadli» deyishdi.

Bu domla Sherali Ochilov edi. Avvalroq aytgan fizika tayyorlov kursidagi ustozim. Ustoz omadlari bordir, lekin bu omad ustoz jonkuyarliklari va mehnatlari oldida daryodan tomchi edi. Buni bir necha marta shaxsan guvohi bo‘lganman. Masalan, tayyorlov kursi kunlarimdan birida fizikadan masalani yecholmay qoldim. Ustozga endi savolni berganimda tanaffus boshlandi. Ustozlar alohida, talabalar alohida ovqatlanishga chiqib ketdi. 30 daqiqalik ovqatlanishdan qaytganimizda, ustoz kelib «yechimni topdim» dedilar. Men esa «qachon ulgurdingiz, ovqatlanishdan endi keldikku» dedim. Domla «nima, men ovqatlanganda o‘ylolmaymanmi» dedilar. Bu ustozdagi omadni emas mehnatkashlikning yaqqol ifodasi edi. Men yilida bir qorong‘uda chopiq qilsam, domla har tanaffusda masala ishlardilar.

Ikkinchi hikoyam: geometriya masalasini ishlash haqida. Bu ham taxminan 2002-yillar edi. Kuz fasli oxiri. Mavsum tugab, beda poyalari qazib olinardi. Bu poyalarni bolg‘a bilan yanchib, qo‘lda bo‘laklarga ajratib chorva mollarga berardik. Qo‘lim poya yanchish bilan, miyamda geometriyaga oid bir masala aylanardi. Savol parallelolgrammning tashqi burchagi haqida edi. Uning chizmasdan masalani ishlash qiyin tuyuldi. Qo‘limdagi beda poya bir yanchdimda, suvi chiqqan poyani qalam sifatida ishlatib, qarshimdagi quruq yog‘ochga poya namligi bilan parallelogramm shaklini chizdim. Tashqi burchagiga e’tibor berib javobini topayotganimda, yog‘ochdagi suv quridi. Javob topmasimdan parallelogramm yo‘qoldi. Chorva ayvonidan uyga bordimda, haqiqiy qalamni olib kelib yog‘ochda shaklni qayta chizib, masalani yechdim. Shu qalamni masala ishlash uchun ayvonda anchagacha saqladim.

Ikki hikoya tugadi. Qissalardan hissa: qat’iy xohish bo‘lsa, chorva ayvonni darsxonaga aylantirsa bo‘ladi. Mehnatdan qochmasa, omad sizni quvadi. Yillab mehnat ortidan esa Chorvador fermer diplomini Texnika fanlar doktori diplomiga aylantirsa bo‘ladi.

Kema sizniki. Oqimga tayanmang. Qirg‘oqqa buring.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring