Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxorolik hamshira: «Besh yildan beri paxta termayman... »

Buxorolik hamshira: «Besh yildan beri paxta termayman... »

«Bugun Buxoroda paxta yig‘im-terimiga rasman «start» berildi. Shundoq hovlimiz oldida oppoq paxtazor. Gohida miriqib terging ham keladi. Biroq, O‘qituvchiyu, shifokor, hamshiralarning, ayniqsa, paxta yig‘im-terimiga jalb etilmasligi undan ham yaxshi bo‘ldi.  Besh yildan buyon paxta termayman... Paxtani yig‘ib-terib olish esa  hosilni yetishtirguncha ter to‘kkan dala ishchilarining o‘zidan ortmaydi. Shashting kelib, paxta terimiga ixtiyoron chiqmoqchi bo‘lsang ham ularning qarshiligiga uchraysan (kulib).  Chunki ular olti oycha kutishadi-da, bu hosil cho‘g‘ini»,-deydi romitanlik hamshira zavq bilan.

28 yil maktabda faoliyat yuritib, ikki yildan buyon nafaqaga chiqqan Kogon tumanilik sobiq o‘qituvchi Gulsara Ma’rupova esa paxta terimiga birinchilardan bo‘lib «otilgani»ni aytmoqda.

«Har kilosiga yaxshigina to‘lashar ekan. Pensiya pulim ham yomon emas. Ammo, nevaralarimga yanayam yordam bo‘lsin uchun paxta terimiga chiqdim. Paxtachilikka asoslangan yer maydonlari ham avvalgilardek had-hududsiz emas. Dala ishchilarining o‘zlari bir pasda yig‘ib-terib olishadi. Shunchaki yoshlikni  bir eslaymiz-da, hamqishloq ayollar bilan. Paxta terimining ham o‘zgacha gashti bor»,-deydi u.

Buxoro hokimligi matbuot xizmati rahbari Olim Jo‘rayevning «Xabar.uz» ga ma’lum qilishicha, joriy yilda viloyatda jami 96 ming 229 gektar yerda g‘o‘za parvarishlangan. Paxtachilikka ixtisoslashgan 3017 ta fermer xo‘jaligi bilan davlat shartnomalari imzolangan. Unga ko‘ra, 400 ming tonna hosil yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

«Eski davrlar, ya’ni qish-qirovli kunlarda ham qor ostidagi qurigan g‘o‘zalardan paxta qidirishlar ortda qolgan. O‘sha kunlarni ham bosib o‘tdik. Ammo, paxta dalasida tug‘ilganlardanman. Esimni tanibmanki, paxta terib, ro‘zg‘orimni butlab kelaman. Vobkent tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan birining a’zosiman. Kuniga 140-150 kilogrammgacha paxta teryapman.  Bu bir kunda, salkam, 200-300 ming so‘m qo‘limga naqd olyapman, deganim. Mavsumda ishlab qolaylik, deb jonsarakmiz. Yetkazganiga shukr!»-deydi Dilrabo Boltayeva.

Ma’lum qilinishicha, Buxoroda paxta terim otryadlari shakllantirilmoqda. Ushbu otryadlarga 1 585 ta transport traktori, 3170 ta tirkamalar biriktirilgan. 6 340 ta yopinchiq, 548 452 ta etak (fartuk), 4 940 ta tarozi, 3705 ta qozon-o‘choq,  3 705 ta samovar, 2470 ta suv saqlash baklar zaxirasi mavsumga tayyor holga keltirilgan.

«Paxta yig‘im-terimida ishchi-xodimlarni, talaba va o‘quvchi-yoshlarni majburiy jalb etish holatlari kuzatilmasligi uchun barcha chora-tadbirlar belgilangan. O‘z ixtiyori bilan mavsumda turmush sharoitini yaxshilash maqsadida bo‘lgan oilalar paxta yig‘im-terimida qatnashishi mumkin. Biroq, oilalarda ham voyaga yetmaganlarni jalb etmaslik bo‘yicha tushuntirishlar olib borilgan va bu qat’iy nazoratda», - deydi Olim Jo‘rayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring