Buyuk Britaniyani jangari chumolilar bosmoqda

Buyuk Britaniyani jangari super chumolilar bosmoqda. Tapinoma magnum turiga mansub bu chumolilarning bitta koloniyasi «aholisi» 5 milliongacha yetishi mumkin, deb yozdi Daily Mail.
Ta’kidlanishicha, bu chumolilar Yevropaning ayrim mamlakatlariga ziyon yetkazishga ulgurdi: yo‘laklarni bosib ketgan, elektr tarmoqlarida uzilishlarga sababchi bo‘lgan va infratuzilmaga shikast yetkazgan. Shveysariyada esa chumolilarning dastidan 3 mlrd funt sterling qiymatidagi ob’yekt qurilishi to‘xtab qoldi.
Tapinoma magnum tashqi ko‘rinishidan odatiy qora chumolilardan deyarli farq qilmaydi, biroq jangariroq va noodatiy ijtimoiy tuzilmaga ega. Super chumolilar koloniyasida minglab ona chumolilar bo‘ladi, oddiy chumolilarning onasi esa bitta. Guruhlari o‘zaro to‘qnash kelganda, Tapinoma magnum chumolilari jang qilmaydi, balki birlashib, yanada yirik koloniya hosil qiladi va hududini kengaytiradi. Qolaversa, sal xavf tug‘ilsa, super chumolilar manzilini o‘zgartirishni boshlaydi.
Britan entomologlari super chumolilar Uest-Sasseks va Silli orollarida paydo bo‘lganini qayd etishdi. Olimlarning ogohlantirishcha, ularga qarshi kurashda insektitsidlar yordam bermaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter