«Budjet amakivachchasining cho‘ntagimi?» – blogerlar Toshkentda kanatli taksi qurish loyihasiga e’tiroz bildirdi
Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkentda dor yo‘li transporti yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik.
23 yanvar kuni Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzakov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning Shenchjen shahrida «Beijing North Bartholet Ropeway Technology» kompaniyasi vakillari bilan uchrashgan. Muzokara yakunida mazkur kompaniya va «Toshkent invest kompaniyasi» AJ o‘rtasida investitsiya shartnomasi imzolangan.
Loyiha O‘zbekiston poytaxtida kanatli transport qatnovini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Poytaxt hokimligi loyiha jamoatchilikka oldindan taqdim etilishi va bu boradagi takliflar Xitoy kompaniyasi ofisiga yuborilishini ma’lum qilgan.
O‘zbekistonlik blogerlar ushbu loyihaga e’tiroz bildirmoqda.
«Rasmda Maxtumquli ko‘chasi. Chamasi, Yangi O‘zbekiston bog‘igacha qurishmoqchi. U yergacha bo‘lgan masofa taxminan 10 km. Bunday transportning tezligi o‘rtacha 10-15 km soatiga. 1-1,5 soatda borasiz Yangi O‘zbekistongacha. Avtobusda borsangiz, 20 daqiqada boradigan joy. «Zato» mashinalarning tutunini hidla-ab ketasiz, har bir kabinkada 10 kishidan bo‘lib. Mazza... Dori-porisini ichiringlar bunaqa loyihalarni o‘ylab topganlarga. Amakivachchasining cho‘ntagimidi budjet?» – deb yozdi Troll.uz kanali muallifi Umid G‘afurov.
Telegramdagi «Platforma» kanali dor yo‘llari odatda tog‘larda qurilishiga e’tibor qaratgan.
«Kanatli yo‘llar odatda bog‘larda, tog‘larda bo‘lardi. Ochig‘i, oldin bunaqasini eshitmaganmiz. Bu bizning iqlim sharoitimizga qanchalik mos keladi? Ayniqsa, issiqda kabinkada yurishni tasavvur qilib ko‘ring. Kanatli transport o‘rniga osma metrolar qurish yaxshi emasmi? Zamonaviy, Xitoyda ham rivojlanyapti bu soha...» – deb yozdi mazkur kanal.
Iqtisodchi Otabek Bakirov loyihaning iqtisodiy jihatlariga e’tibor qaratgan.
«O‘zbek amaldorlari to‘lovi soliq to‘lovchilar gardaniga tushadigan, budjet va davlat resurslarini o‘zlashtirish uchun qanaqa loyihalarni o‘ylab topishmaydi. Loyiha yasab pul o‘zlashtirishda ularning fantaziyalari umuman cheklanmagan. Toshkentda tobora og‘irlashib borayotgan infratuzilma, transport, logistika muammolarining yechimlari uchun qator ratsional takliflar bir chetda qolib, kanat yo‘lini qurish bo‘yicha loyiha ham shu jumladan. Endigi vazifa kanat yo‘li qurib mablag‘ o‘zlashtirishni boshlab olish. Qayta-qayta va’da qilingan tramvay kutib turadi», – deb yozdi iqtisodchi.
«Bu loyiha necha pulga tushadi, bilmadim-u, lekin shuning puliga ham yana avtobus sotib olgan yoki Toshkentdagi jamoat transporti uchun ajratilgan bo‘laklarni yaxshiroq ishlaydigan, avtobuslarni tezroq qatnaydigan qilgan yaxshiroq bo‘lsa kerak», – deb hisoblaydi jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev.
«O‘zi ochdan o‘lyapmiz-ku, kiyikka balo bormi» degandek, poytaxtda yerdagi transport tartibga kelmay, osma transportga «harakat» bo‘larkanmi?!» – deb yozdi boshqa bir jurnalist Muslim Mirzajonov.
Poytaxt jamoat transporti haqida materiallar yozib kelayotgan jurnalist va bloger Nikita Makarenko ham jamoat transportini rivojlantirish o‘rniga dor yo‘li loyihasiga e’tibor qaratilganini tanqid qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter