Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Cadir Japarov akasi oltin o‘margani haqidagi ovozaga munosabat bildirdi

Cadir Japarov akasi oltin o‘margani haqidagi ovozaga munosabat bildirdi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov akasi Sobir Japarov mamlakatdan oltin yombilari olib chiqib ketgani haqidagi ayblovga munosabat bildirdi. 

Qirg‘iziston rahbari «Kabar» agentligiga bergan intervyusida ta’kidlashicha, davlat tasarrufidagi oltin konlarida kuchli nazorat o‘rnatilgan.

«Milliy bank yoki “Qirg‘izoltin” korxonasiga kelgunga qadar har bir gramm oltin va kumush onlayn rejimida nazorat qilinadi. Yuzlab, balki minglab ko‘zlar kuzatib turadi. Keyin jahon bozoriga savdoga chiqariladi. Oltin qazib oluvchi kompaniyalar daromad qiladi va ushbu mablag‘ kelgusida oltin qazib olish uchun ishlatiladi», – deydi Sadir Japarov.  

Qirg‘izistonda 132 ta oltin koni bo‘lib, undan 17 tasida davlat ulushi bor.

«Biror bir davlat xizmatchisi zarracha oltin o‘g‘irlash imkoniga ega emas. Qolgan yuzdan ziyod konlar xususiy sanaladi. Bu ancha avval xususiy mulkka berilgan litsenziyalardir. Oltinni Milliy bank yoki “Qirg‘izoltin” orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga uringan ayrim kon egalari qo‘lga olindi. Bundan ko‘zlangan g‘araz boj va soliq to‘lovlaridan bosh tortish», – deydi Qirg‘iziston rahbari.

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan hafta qirg‘izzabon ijtimoiy tarmoqda oltin yombilariga o‘xshash modda aks etgan video tarqaldi. Lavhadagi ovoz egasi erkakka «shef» va «Sabir ava» deb murojaat qilar ekan, yombilar jo‘natishga tayyor ekanini aytadi.

Ushbu video tarqalishi ortidan tarmoqlarda Qirg‘iziston prezidentining akasi Sobir Japarov mamlakat tillalarini xorijga olib chiqib ketayotgani haqida ayblov yangradi. 2022 yilda prezidentning akasi quyma oltin bo‘lagini ushlab turgani aks etgan surat ham tarqalgan edi. Yangi videolavha davlat rahbari akasi tegrasidagi shubha-gumonlarni yanada kuchaytirgan.

Jurnalist Bolot Temirovning aniqlashicha, videolavhadagi qutilarda  IKU va IATA qisqartmalari hamda 02.07.23 sanasi yozilgan. IKU va IATA Qirg‘izistondagi Tomchi va Kiprdagi Larnaka aeroportlarining kodidir.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati videolavhani feyk deb atagan. Mamlakat maxsus xizmatiga ko‘ra, videolavha hukumatni obro‘sizlantirish maqsadida buzg‘unchi kuchlar tomonidan tayyorlangan.  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring