Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chang bo‘roni tufayli «tez yordam» chaqirish ko‘paydi – SSV

Chang bo‘roni tufayli «tez yordam» chaqirish ko‘paydi – SSV

Foto: Xabar.uz

Joriy yil 4-5 noyabr kunlari mamlakatimizning ayrim hududlarida, xususan, Toshkent shahrida mavsumga xos bo‘lmagan chang-qumli bo‘ron hodisasi kuzatilib, buning oqibatida atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me’yordan 5 barobar, kunning ayrim vaqtlarida esa 30 barobarga oshgani kuzatildi.

Yog‘ingarchilik kutilmayotgani bois mutaxassislar havodagi zararli chang-g‘ubor yaqin kunlar ichida ham saqlanib qolishini ta’kidlamoqda. Qolaversa, «O‘zgidromet» so‘nggi 150 yil ichida O‘zbekistonda bunday hodisa kuzatilmaganini ma’lum qildi.

 SSV matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etilib, «Tez yordam» xizmati tomonidan aholiga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.

— 4 noyabr kuni «Tez yordam» xizmatiga jami chaqiriqlar soni 4082 tani tashkil etib, 3 noyabr holatiga ko‘ra, murojaatlar soni 649 taga oshdi, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor BO‘RIBAYeV. — 5 noyabrdan 6 noyabr soat 06.00ga qadar umumiy chaqiriqlar soni 4110 taga yetib, nafas olish bilan bog‘liq murojatlar soni 709 tani (jami chaqiriqlarning 17,2 foizi) tashkil qildi. Shundan allergik reaksiyalar bilan 36 ta, bronxial astma huruji bilan 122 ta murojaat bo‘lib, ularning 11 tasi gospitalizatsiya qilindi.

Eslatib o‘tamiz, yurtimiz aholisi bunday ob-havo sharoitida zarurat sezganda, o‘z hududidagi oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarga murojaat qilib, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishlari mumkin.

Bundan tashqari,  Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda tuman va shahar bo‘limlarida  zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda to‘liq ta’minlangan.

Qolaversa, aholi Sog‘liqni saqlash vazirligining «1003» qisqa raqamli  Sall-markazining malakali mutaxassislaridan changli havodan qanday himoyalanish bo‘yicha tunu kun kerakli maslahat va tavsiyalar olishlari mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring