Chek bermagan tadbirkorlarni tekshirish tartibi o‘zgardi
Davlat soliq qo‘mitasi oxirgi vaqtlarda xarid cheklarini berish bilan bog‘liq o‘tkazilayotgan sayyor soliq tekshirishlari bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan ayrim postlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Soliq organlari ma’murchilikni amalga oshirishda quyidagilarga tayanadi:
- tadbirkorlar uchun bir xil sharoitdagi muhitni yaratishga erishish;
- «yashirin iqtisodiyot»ga barham berish.
Shuningdek, Xalqaro moliya institutlari va professional ekspertlarning tahlil va xulosalari respublikada yashirin iqtisodiyotning ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lib, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida bu ko‘rsatkich 70 foizgacha yetishi ma’lum qilingan.
Shu munosabat bilan xufiyona iqtisodiyotni jilovlashga qaratilgan soliq ma’murchiligining zamonaviy instrumentlari qatorida, chek bermaslik, plastik kartalarga savdo qilishdan bosh tortish, plastik kartalarga tovarlarni narxini oshirib sotish va boshqa qonunbuzilishlari ustidan keng jamoatchilik nazorati instituti ishga tushirilib, fuqarolardan murojaatlarni qabul qilish uchun «Soliq» mobil ilovasi amaliyotga kiritildi.
Ushbu o‘zgarishlarga fuqarolarning faol ishtiroki kuzatilib, yil boshidan buyon 13 mingga yaqin fuqarodan 66 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatlar asosida nazorat tadbirlarini o‘tkazishdan oldin, ijtimoiy tarmoqlarda keltirilganidek hech qanday tahlillarsiz emas, ularning har biri sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilmoqda.
Onlayn kassa mashinalari orqali urilgan har bir chek soliq organlari ma’lumotlar bazasida aks ettirilib, murojaatchining xabari asosliyligi bevosita ushbu sub’yektga o‘rnatilgan onlayn nazorat kassa mashinasi ko‘rsatkichlari bilan solishtiriladi.
Aynan shunday tahlillar natijasi bilan 30 mingga yaqin murojaat bo‘yicha tekshirish o‘tkazish rad etilgan. Lekin qolgan qismi tekshirilganda 97 foizida haqiqatda chek urilmagani ma’lum bo‘ldi. Amalga oshirilayotgan tadbirlar soliq to‘lovchilarni jazolash emas, belgilangan soliq siyosati asosida budjetga to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan.
Shu maqsadda joriy yil 1 iyundan boshlab:
- «Soliq» mobil ilovasi orqali mulkchilik shaklidan qat’i nazar, birinchi marotaba kelib tushgan murojaat bo‘yicha soliq to‘lovchi huzuriga borgan holda, profilaktik suhbat o‘tkazilib, tadbirkorlik sub’yektining qonun talablarida ish yuritishi to‘g‘risida rasman ogohlantiriladi. Unga nisbatan ta’sirchan moliyaviy jazo choralari ko‘rilmaydi. Mazkur ogohlantirishdan keyin ham xulosa qilinmasdan, qonun buzilishlari davom ettirilib, ushbu tadbirkorlik sub’yekti bo‘yicha ikkinchi marotaba murojaat kelib tushsa, belgilangan tartibda o‘rganish o‘tkaziladi va natijasi bo‘yicha soliq tekshiruvi tashkil etiladi.
- Murojaat bo‘yicha sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilayotgan yoki o‘tkazilgan tekshiruv natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida ushbu sub’yekt bo‘yicha takroriy tushgan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.
- Jamoatchilik nazoratini kengaytirish maqsadida, bir fuqaro tomonidan 24 soat ichida 2 tadan ortiq hamda 30 kalendar kuni davomida 1 ta shoxobcha bo‘yicha 1 martadan ko‘p murojaat yuborilishiga cheklov o‘rnatiladi.
- Davlat soliq xizmati organlari xodimlarining huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi murojaatlari mukofot to‘lanmaydigan murojaatlar sifatida qayd qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter