Cherchill Nobel mukofotini qanday olgan?

Shvetsiyalik mashhur ximik, injener, ixtirochi Alfred Nobel 1895-yili o‘z nomida mukofotni ta’sis qilgan. Lekin mashhur olimning bu mukofoti xuddi 1867- yilda ixtiro qilgan portlovchi modda – dinamitga o‘xshab «portlash» xususiyatiga ega ekanligini o‘ylab ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Chunki o‘shandan beri, jahonda har yili bir necha sohada Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilinar ekan, jamoatchilik tomonidan bahsli munozaralarga sabab bo‘lib kelgan. Ya’ni, ularda sovrindorlarning mukofotga nomunosib ekanligini qayta-qayta ta’kidlangan. Ayniqsa, adabiyot sohasidagi Nobel eng ko‘plab tortishuvlarga sabab bo‘luvchi mukofotlardan biri hisoblanadi.
1953-yilda adabiyot sohasida Nobel uchun tanlovda Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchillning g‘olib deb topilishi hammani hayratga soldi va ko‘plab bahslarni keltirib chiqardi. Chunki Cherchill adabiyot sohasida o‘sha davrda mashhur hisoblangan Ernest Xeminguey, Jon Steynbek, Alber Kamyu, Jan-Pol Sartr, Boris Pasternak, Vladimir Nabokov, Xorxe Luis Borxes, Jerom Selinjer kabi adabiyot «darg‘a»laridan ustun qo‘yilgan edi-da! Mukofotga nomzodlar orasida asosiy nomzod AQShlik yozuvchi Ernest Xeminguey edi. Bu vaqtda u o‘zining asosiy asarlarini, jumladan, «Chol va dengiz»ni ham yozgandi. Lekin mukofot Uinston Cherchillga berildi...
Ko‘plarning fikricha, mukofotga nomzodlar ko‘rib chiqilganda Nobel qo‘mitasi ko‘p hollarda sovrindorlarga «favoritizm» (bir kishini boshqalarga nisbatan yuqori qo‘yish, qo‘llab-quvvatlash) uslubidan foydalanganligi ko‘zga tashlanadi. Balki qo‘mita a’zolari Uinston Cherchillga mukofoti berilishida favoritizm uslubidan foydalanishgandir...
Xullas, 1953-yilda Nobel mukofotining adabiyot sohasida Uinston Cherchillga berilishini Cherchill merosi bo‘yicha alohida tadqiqodlar olib boruvchi Xillsdeyl kolleji ham, qolaversa, hatto Cherchillning o‘zi ham kutmagan edi. U Nobel mukofoti tinchlik sohasida beriladi deb o‘ylagandi. Chunki nomzodi bir necha marta shu yo‘nalishda sohasida ko‘rsatilgandi.
Avvalambor, Uinston Cherchill adabiyot sohasida «o‘ziga xos» iste’dod sohibi egasi bo‘lgan. Uning iqtidori birinchi navbatda adabiyotning tarix va xotiraga asoslangan yo‘nalishlarida yaqqol namoyon bo‘lgan. Nobel qo‘mitasi bunga qo‘shimcha ravishda Cherchilldagi notiqlik qobiliyati, uning xarizmi (o‘z so‘zi va harakatlari bilan boshqalarni jalb qilishi), jahon miqyosida tarixiy shaxs ekanligi va siyosiy qarashlarini hisobga olgan bo‘lishi mumkin.
Ko‘plar Cherchillni mashhur siyosatchi deb hisoblagan bo‘lsa ham, uning adabiyot va jurnalistika sohasida qoldirgan merosi hozirgi davrda ham o‘z kuchini yo‘qotmagan...
Adabiyot sohasida Nobel mukofoti – uning tarixiy va biografik mavzuni tasvirlash mahorati, yuksak insoniy qadriyatlarni himoya qilishdagi yorqin notiqligi uchun berilgan. U Shvetsiya elchisiga hazilona tarzda shunday deb minnatdorchilik bildirgan edi: «O‘ylaymanki, sizlar mening adabiyotdagi iste’dodimga xolisona baho bergansizlar».
Lekin o‘shanda qo‘mitadagilar mashhur siyosatchiga qaysi sohada jahondagi mukofot berilishi o‘ylab, rosa «boshlari qotgan» edi. Axir ularning alohida mashhur davlat arboblari uchun mukofoti yo‘q edi-da!.. Siyosatchilar uchun tinchlik mukofoti berilsa, Uinston Cherchill olishi mumkin edimi? Yo‘q, u rozi bo‘lmasligi ehtimoldan xoli emasdi. Cherchillning e’tiqodidan chiqqan holda, shunday deyish kerak. U har doim qayerda urush bo‘lsa, shu joyda bo‘lgan. Masalan, Kuba, Hindiston, Sudan, Janubiy Afrika. Chunki Uinston Cherchill jahon urushlarida millatning buyuk yo‘lboshchisi sifatida jahon tarixi «sahnasi»da namoyon bo‘lgandi. Balki, Nobel Komiteti a’zolari jahon «siyosat olami ustozi» hisoblangan Uinston Cherchillni tinchlik mukofotidan voz kechishini hisobga olib, adabiyot sohasidagi mukofot bilan taqdirlashgandir.
Uning nomzodi adabiyot sohasida Nobel mukofoti sohibligiga da’vogar shaxs sifatida bir necha marta qo‘yilgandi. Nomzodlarga birinchi bo‘lib, Shvetsiya akademiyasi olimlari tomonidan baho berilardi. Masalan, 1946 yilda Cherchill nomzodligiga Shvetsiya akademiyasi doimiy kotibi Per Xelstrem tomonidan salbiy baho berilgandi. Xelstrem fikricha, u Cherchillning «Savrola» sarguzasht romanida «adabiy qadr-qimmat»ni topa olmaydi...
1950 yilda ikkinchi marta nomzodi ko‘rsatilganda, Shvetsiya akademiyasi professori Nils Anlund Cherchill asarlarida Birinchi jahon urushi voqealarini hujjatlar bilan to‘liq yoritganligiga ijobiy baho beradi. Lekin Anlund Cherchillning tarixga asoslangan asarlari Nobel mukofoti olishga baribir kamlik qiladi, degan xulosaga keladi. 1953 yilda esa, Nobel qo‘mitasi Uinston Cherchillning adabiyot sohasida asarlariga notiqlik iste’dodini ham qo‘shishni lozim ko‘radi.
1953 yilda adabiyot sohasida Nobel mukofoti konkursida 25 nafar adabiyot «darg‘a»lari nomzod sifatida qatnashadi. Raqobatni qarang! Ulardan biri mukofot sohibi bo‘lish kerak edi. Ular orasida mashhur uch mashhur adabiyot «darg‘a»lari: AQShlik Ernest Xeminguey, islandiyalik Xalldor Laksness, ispaniyalik Xuan Ramon Ximenes ham bor edi. Uch mashhur yozuvchi keyingi yillari Nobel mukofoti sovrindori bo‘lishadi...
1953 yilda Nobel komiteti adabiyot sohasida Nobel mukofoti nomzodlariga berilgan «ovozlar»ni yakunlanishiga bir necha kun qolganda, diplomatik kanallar orqali Cherchillga, «Mukofotni qabul qilasizmi?» – deb murojaat qiladi. Cherchill albatta rozi bo‘lishini, mukofot uning uchun katta sharaf ekanligini aytadi. Buning uchun Shvetsiya poytaxti Stokgolmga borishga va’da beradi...
Afsuski, Cherchill Bermud orollarida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada ushlanib qoladi. Nobel mukofotini topshirish uchun o‘tkazilgan tantanali marosimda uning xotini Klementina va kichik qizi Meri Soms qatnashadi...
Vaqt o‘tadi... Odamlar o‘zgaradi... Lekin tarixda jahon ahli Uinston Cherchillni buyuk davlat arbobi, mashhur notiq, jahon siyosatida buyuk rahbar sifatida biladi.
Cherchill o‘zining betakror diplomatiyasi yoki insoniy qadriyatlarni himoyasiga bo‘lgan ishonchli hatti-harakatlari uchun tinchlik sohasida Nobel mukofotga sazovor bo‘lmadi. Cherchill adabiyot sohasida Nobel mukofotini oldi!..
Uinston Cherchillning eng yaxshi asarlar ruyxati: «Malakand korpusi», «Daryo urushi», «Londondan Ledismitga Pretoriya orqali», «Savrola», «Iena Xemilton yurishi», «Jahon inqirozi» (5 tom), «Noma’lum urush: Sharqiy front», «Buyuk zamondoshlar», «Ikkinchi jahon urushi» (6 tom), «Men «Rossiya bilan qanday jang qildim», «Mening dastlabki yillarim», «Ingliz zabonli xalqlar tarixi», «Qon, ter va ko‘z yoshlari»...
Abdurashid Qo‘ziboyev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter