Cherchill, Ruzvelt va Stalinning hayotini saqlab qolgan josus
Urushda eng muhim nuqta – bu dushman harakatlaridan oldindan voqif bo‘lish. Tabiiyki, bunda asosan razvedka ma’lumotlariga tayaniladi. Ikkinchi jahon urushi tom ma’noda razvedka urushi ham edi. Chunki urushning asosiy ishtirokchilari bo‘lgan Sovet Ittifoqi, AQSh, Germaniya va Buyuk Britaniya armiyasida o‘z davrining eng kuchli razvedka agentlari bo‘lib, ular dushmanning bo‘lajak harakatlari haqida Bosh shtabga ma’lumot yetkazib turgan.
Bugungi maqolamizda, KGB (SSSR Davlat Xavfsizlik qo‘mitasi)chilar sulolasi vakili, Gitlerning ishonchli sobatajchisi Otto Skorsenining rejalarini buzib yuborgan, Ruzvelt, Cherchill va Stalinning hayotini saqlab qolgan Ivan Agayans haqida hikoya qilamiz.
Asli ozarbayjonlik Ivan
Ivan Ivanovich Agayans 1911-yil 28-avgust sanasida Ozarbayjonning Yelizavetpol (hozirgi Ganja) shahrida arman ruhoniysi oilasida tug‘ilgan. Otasi kasbi bo‘yicha buxgalter edi. Lekin u qishloqda o‘qituvchi va pravoslav ruhoniy bo‘lib ishlagan. Ivan oilada kenja farzand bo‘lib, uning ikkita akasi bor edi.
1924-yilda uning otasi bolalarining hayotini yaxshilash uchun ruhoniylikdan voz kechib, VChK (Xalq Komissarlari Kengashi huzuridagi aksilinqilob va sabotajga qarshi kurash bo‘yicha Butunrossiya favqulodda komissiyasi)ga xizmat qila boshladi. Ivanning ikkita akasi ham yoshligidan kommunistik g‘oyalarga berilib ketgan edi. Shu bois Ozarbayjon bolsheviklar tomonidan egallanayotgan vaqtda, ular yashirincha qizillarga yordam berishdi. Ivan bu paytda inqilobiy kurash maydoniga kirish uchun hali yosh edi. Shu sababli ota kenja o‘g‘lini shifokor bo‘lib ishlaydigan singlisining uyiga jo‘natib yuboradi. Sababi fuqarolar urushi davrida shifokorlar odatda daxlsiz insonlar hisoblangan. Ammasining uyida Ivan ham tibbiyotni, ham chet tillarini o‘rganishga berilib ketdi.
1919-yilda Ozarbayjonda hokimiyat bolsheviklar qo‘liga o‘tganidan so‘ng, Ivanning akalari tezda VChK organida juda ko‘zga ko‘ringan shaxslarga aylanishdi. Xususan, Ivandan 11 yosh katta bo‘lgan akasi Aleksandr Agayans 1922-yilda respublika markaziy apparatida katta tergovchi bo‘lib ishladi.
Oradan bir muncha vaqt o‘tib, Ivan Agayans Plexanov nomidagi Moskva Xalq xo‘jaligi institutiga o‘qishga kirdi. U 1929-yilda institutni tamomlagach, ona shahri Ganjada bir yil turli lavozimlarda ishladi. Bir yildan so‘ng akasining homiyligida Ivan Moskvaga chaqirilib, OGPU (davlat xavfsizligining maxsus organi)ga iqtisodiy bo‘lim xodimi sifatida qabul qilindi. Bu yosh xodimga jiddiy ishlarni topshirishga hali ancha qovun pishig‘i bor edi. Shu sababli u komsomol qo‘mitasiga rais etib tayinlandi va bir necha yil davomida komsomol tashkilotiga rahbarlik qildi.
Yangi hayotga qadam
Komsomoldagi vazifalar unga o‘z-o‘zini tarbiyalash uchun imkon berdi. Ivan mustaqil tarzda fors, turk, fransuz va ispan tillarini o‘rgandi. Bundan tashqari, u ingliz va italyan tilini yaxshi bilar edi. 1936-yili Ivan Agayans rasman OGPUga o‘tkazildi. Endi uning uchun yangi hayot boshlangandi.
1936-yilning iyul oyida Ispaniyada fuqarolar urushi boshlanib ketdi. Fuqarolar urushining birinchi bosqichida respublikachilarni Fransiya qo‘llab-quvvatladi. Fuqarolar urushi boshlanganidan olti oy o‘tib, fransuz va ispan tillarini mukammal biladigan Ivan Agayans Fransiyaga jo‘natildi. Unga Fransiya portlari orqali Ispaniyaga jo‘natiladigan harbiy yordamlarni nazorat qilish topshirildi.
1938-yilning boshida Ispaniyada general Franko hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi. Shundan so‘ng kommunistlarning rahbarlariga nisbatan qatag‘on boshlandi. Bu vaziyatda Ivan Agayans ispan kommunist rahbarlari Xose Dias va Dolores Ibarrurini SSSRga evakuatsiya qilish bilan shug‘ullandi.
Erondagi missiya
1940-yilda Ivan Agayans Moskvaga qaytib keldi. Markaz Ivan Agayansning amalga oshirayotgan ishlaridan mamnun edi. Xose Dias va Dolores Ibarrurini muvaffaqiyatli tarzda Moskvaga evakuatsiya qilinishi Ivanning obro‘sini oshirdi. U «Qizil bayroq» ordeni bilan taqdirlandi va SSSR NKGB 1-boshqarmasi (tashqi razvedka)ning bo‘lim boshlig‘i etib tayinlandi.
1939-yili Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan Germaniya Eronni o‘z tarafiga og‘dirish uchun harakat boshladi. Eron shohi Rizoshoh Pahlaviyning fashistlar bilan ittifoq tuzishga moyilligi bor edi, Tabiiyki, bu Sovet Ittifoqi va Buyuk Britaniyaga ortiqcha bosh og‘rig‘ini keltirib chiqarardi.
1941-yilning iyun oyida Germaniya SSSRga qarshi urush e’lon qilgach, Eronga bosimlar kuchayib bordi. Bundan tashqari, Eronga admiral Kanaris boshchiligidagi keng tarmoqli nemis razvedkasi joylashtirilgan bo‘lib, yuzlab nemis agentlari aynan Eron orqali SSSRga yuborildi. Bu vaziyatda Tehronda sovet razvedkasining ta’sirini oshirish zarurati paydo bo‘ldi. Buning uchun tajribali zobit kerak edi. Ivan Agayans bunga har tomonlama to‘g‘ri kelardi. U sobiq Ittifoqning Tehrondagi elchixonasiga maslahatchi sifatida yuborildi.
Markaz tomonidan Ivan Agayansga bir nechta vazifalar topshirildi. Bular: Eronni urushga qo‘shilmasligini ta’minlash, Eron orqali SSSRga o‘tayotgan nemis agentlarini aniqlash va fashistlarning Eronda amalga oshirmoqchi bo‘lgan harbiy harakatlari haqida ma’lumot to‘plash kabilar edi.
Ivan qisqa vaqt ichida Eron milliy maslahat kengashi rahbarlaridan odam topishi kerak edi. Sababi, Rizoshoh urushga qo‘shilish to‘g‘risidagi qarorni kengashga tasdiqlatmoqchi edi. Bu holatda Ivan bir vaqtlar Eronga ko‘chib kelgan armanlardan yordam oldi. Milliy maslahat kengashi shohni qo‘llab-quvvatlamasligi uchun armanlar oyoqqa turishdi. Natijada kengash Rizoshoh Pahlaviyning urushga qo‘shilish taklifini rad etdi. Ammo, shoh nemislar bilan shaxsiy muzokaralar olib borishda davom etdi.
Agayans o‘zida mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni tahlil qilib, «Rizo Shoh majlisni chetlab o‘tib, nemislar bilan ittifoq tuzmoqchi», degan xulosaga keldi va bu haqda Moskvaga zudlik bilan xabar berdi.
Markaz Ivan Agayansning tahliliga ishondi. Sovet Ittifoqi shu zahoti Buyuk Britaniya bilan shoshilinch muzokaralar olib borib, Eronga sovet-ingliz qo‘shinlarini joylashtirishga qaror qildi. 1941-yilning sentyabr oyida shimoldan sovet qo‘shinlari, janubi-g‘arbdan Britaniya armiyasining bo‘linmalari Eronga bostirib kirdi. Rizoshoh taxtdan voz kechib, mamlakatni tark etdi. Shoh Eronni tark etgach, nemis razvedkasi noqulay ahvolga tushib qoldi. Rus-ingliz razvedkasi Eronda yashayotgan yoki xizmat safarida bo‘lgan nemislar bilan jiddiy shug‘ullana boshladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha zahoti 5 mingga yaqin Germaniya fuqarolari tezda Eronni tark etib, qo‘shni Turkiyaga ko‘chib o‘tgan. Shunga qaramay Eron nemis agentlari uchun qulay bosh pana bo‘lib qolaverdi.
1941-yilning oxirida Ivan Agayans o‘zining xabarlaridan birida shunday yozgan edi:
«Erondagi nemislar mamlakatimizda ishlayotgan razvedkachilarini boshqaradi. Dushman ayg‘oqchilari Erondan SSSRga chigirtka kabi uchib ketishmoqda».
Sovet razvedkasi uchun Eronga qo‘shimcha kuchlar yuborishning iloji yo‘q edi. Sababi, SSSR urushni boy berayotgandi. Agayansga mahalliy aholi orasidan kadrlar izlash buyurildi.
Stalin, Ruzvelt va Cherchillga qilingan suiqasd
1943-yilning qishida Tehronda fashistlar Germaniyasi va uning ittifoqchilariga qarshi bo‘lgan uchta asosiy davlat (Sovet Ittifoqi, Buyuk Britaniya va AQSh) rahbarlarining uchrashuvini o‘tkazishga qaror qilindi. Germaniya razvedkasi «Katta uchlik» yetakchilari Iosif Stalin, Uinston Cherchill va Franklin Ruzveltni yo‘q qilishga qaratilgan «Uzunlikka sakrash» deb nomlangan reja ishlab chiqdi, Ushbu operatsiyani amalga oshirish 1-raqamli nemis sabotajchisi Otto Skorzeniyga topshirildi. Agayans bundan xabar topdi va tezda Kremlga telegramma yo‘lladi. Nemislarning rejasidan voqif bo‘lgan Moskva Eronga qo‘shimcha razvedka kuchlarini yubordi.
1943-yilning avgust oyida nemis rezidenti Frans Mayer qo‘lga olindi. Shundan so‘ng 22-27-noyabr kuni nemislar o‘zlarining rejalarini amalga oshirish uchun Rudolf fon Xolten-Pflug qo‘mondonligi ostida oltita parashyutchilar guruhi va Vladimir Shkvarev qo‘mondonligidagi 60 kishidan iborat yana sakkizta desantchilar guruhini Qum viloyatiga tashlashdi. Shkvarev guruhi NKVD tomonidan tezda qo‘lga olindi. 30 noyabr kuniga o‘tar kechasi esa ingliz razvedkasi Xolten-Pflug guruhini hibsga oldi. Oxir-oqibat nemis diversantlari tomonidan rejalashtirilgan operatsiya muvaffaqiyatsizlikka yuz tutdi.
Ivan Agayans Tehron konferensiyasi xavfsizligini ta’minlagani uchun Lenin ordeni bilan taqdirlandi. 1945-yilda u Moskvaga chaqirildi va darhol fransuz rezidensiyasiga rahbar etib tayinlandi. Biroq kasallik uni oyog‘idan chaldi. Ivan sil bilan kasallangan edi. U bir muncha vaqt KGBning maxsus maktabida dars berdi. 1959-yilda Ivan Agayans KGB Birinchi Bosh boshqarmasining «A» bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandi («A» bo‘limi xorijiy razvedka xizmatlarining harakatlariga qarshi kurashish bo‘yicha faol chora-tadbirlar bilan shug‘ullangan, aynan shu bo‘lim sabotaj uchun mas’ul bo‘lib, turli mamlakatlarning nomaqbul rahbarlarini yo‘q qilgan).
1967-yilda Ivan Agayans KGB Birinchi Bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari etib tayinlandi. Ammo, Agayans bu jiddiy lavozimda uzoq ishlamadi. Tayinlanganidan bir yil o‘tgach, Ivan Agayans yurak xurujidan 57 yoshida vafot etdi.
Sardor ALI
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter