Chexiya Kobuldagi elchixonasini yopadi
Chexiya Kobuldagi elchixonasini 2022-yil yakuniga qadar yopadi. Chunki yaqin orada mamlakatda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanishi kutilmayapti. Bu haqda Tolonews mamlakatning mahalliy OAVlariga tayanib xabar bermoqda.
Chexiya Kobuldagi elchixonasini 2007-yilda ochgan bo‘lib, 2021-yilning avgust oyida o‘z elchixonasini vaqtincha yopgan. Tolibon poytaxt Kobulni egallaganidan so‘ng, Chexiya o‘z xodimlarini evakuatsiya qilishga majbur bo‘lgan edi.
Islom Amirligining Dohadagi idorasining rahbari Suhayl Shohinning aytishicha, mamlakatda xavfsizlik avvalgidan yaxshiroq.
«Chexiyaning Afg‘onistonda xavfsizlik yo‘q, degan so‘zlari hech qanday asosga ega emas. Islom Amirligi hokimiyat tepasiga kelgach, butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlikni ta’minladi», dedi u.
Xabarlarga ko‘ra, Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy shunday qaror qabul qilgan.
Ayrim sobiq afg‘on diplomatlari Chexiyaning Kobuldagi elchixonasining yopilishi Afg‘onistonning xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlariga salbiy ta’sir qiladi, deb hisoblamoqda.
«Tolibon dunyo ishonchini qozona olmadi va dunyo talablarini qabul qilolmadi», – deydi sobiq diplomat Aziz Maarij.
Hozirda Afg‘onistonda 10 dan ortiq davlatning elchixonalari mavjud.
Islom Amirligi diplomatlari Rossiya, O‘zbekiston, Xitoy, Eron va Pokistonda qabul qilinmoqda. Vaholanki, hali dunyoning hech bir davlati Islom Amirligini tan olmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter