Chirchiqda tank biatloni musobaqasining final bosqichi o‘tkazildi (foto)
5-may kuni «Chirchiq» poligonida «Xotira va Qadrlash kuni»ga bag‘ishlangan va Mudofaa vazirligi miqyosida 5 kundan buyon o‘tkazib kelinayotgan Tank biatloni musobaqasining final bosqichi yakuniga yetdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unda O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari, davlat va jamoat tashkilotlari hamdafaxriylar kengashi vakillari va minglab yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.
Shundan so‘ng 1,5 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar, 100 ga yaqin Ikkinchi jahon urushi yillaridagi va bugungi qurollanishda turgan zamonaviy harbiy texnika va 15 dan ziyod vertolyot ishtirokida bayramga bag‘ishlab parad o‘tkazildi.
Parad davomida desantchilar qariyb 2000 metr balandlikdan parashyut yordamida sakradi. E’tiborli jihati mazkur tadbirda harbiy xizmatchilarimiz birinchi bor «Malva aksioma» parashyutidan foydalangan holda sakrashni amalga oshirdi. Harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlarini 5 mingdan ziyod aholi kuzatib bordi. Ishtirokchilarning maroqli dam olishi uchun poligonda bayram sayli ham tashkil etildi.
Harbiy parad yakunlangach, tank biatloni musobaqasining so‘nggi bellashuvi boshlandi. T-62, T-64 va T-72 tanklari «Qudratli texnikalar jangi»ni o‘tkazishga mo‘ljallangan va xalqaro standartlarga mos bo‘lgan maxsus maydondan start oldi. Musobaqa ishtirokchilari sun’iy hovuz, minalashtirilgan va manyovr bajarish maydoni, tankka qarshi chuqur, qo‘rg‘on, eskarp (tankka qarshi devor), kolleyali ko‘prik maketi va boshqa to‘siqlardan iborat umumiy uzunligi 4200 metr bo‘lgan masofani bosib o‘tdi.
Otish mashqlarini bajarishda pushkalar uchun tezligi 1000 m/s dan kam bo‘lmagan o‘q-dorilardan foydalanildi. Musobaqa «Yakka tartibdagi (individual) poyga» tabiiy va sun’iy to‘siqlari mavjud bo‘lgan, jangovar yo‘lakcha va otish uchun okop (maydoncha)lar bilan jihozlangan yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazildi.
Musobaqa yuksak saviyada o‘tkazilishi va g‘oliblarni odilona baholash maqsadida biatlonni malakali mutaxassislardan iborat hakamlar jamoasi kuzatib bordi. Nishonlarni urolmagan,belgilangan to‘siqlarni bosib o‘tishda xatolikka yo‘l qo‘ygan jamoalarga jarima aylanishlari va jarima vaqtlari belgilandi.
G‘olib va sovrindor jamoalar mudofaa vaziritomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar, navbatdagi harbiy unvonlar hamda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan budjet yengil avtotransport vositalariga imtiyozli ravishda kredit olish huquqini qo‘lga kiritishdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari birinchi marta 2019 yilda Xalqaro armiya o‘yinlari (ArMI-2019) doirasida o‘tkaziladigan eng nufuzli musobaqa – «Tank biatloni»da ishtirok etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter