«So‘ngi qisqa tutashuv, dunyoning tugashi»: Oxirgi qaror – oxirgi fojea

2024-yilda polshalik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan «So‘ngi qisqa tutashuv. Dunyoning tugashi» (Posledneye zamikaniye. Konets sveta) filmi bir qarashda fantastika janridagi klassik ssenariyga o‘xshaydi: tiriklik tugagan dunyo, robot, bir inson va yashash uchun kurash. Garchi kino juda katta reyting olmagan bo‘lsa-da, bizning bugungi kunimiz haqida o‘ylashga majbur qiladi.
Filmda bor yo‘g‘i ikki qahramon ishtirok etadi. Biri Yeva ismli ayol. Uning ismida ham majoziylik bor – u nafaqat oddiy ism, balki u insoniyat tarixidagi birinchi ayol Hazrati Momo Havvo (Eva) bilan ham ma’naviy bog‘liqligi bordek.
Ikkinchi qahramon Artur. Tashqi ko‘rinishida madaniyatli, ehtiromli, ammo aslida qayta-qayta bir xil javobni beruvchi algoritm, robot. Qizig‘i shundaki, Artur ismi ham ma’nosiz emas. U tarixda ko‘pincha qayta tiklanish, shohlik ramzi sifatida foydalanilgan.
Film kadr ortida shunday fikrlar bilan boshlanadi: «Donishmand Yer o‘zining eng katta dushmani insoniyatdan qutulgan kun...»
Dastlabki kadrlardanoq film tomoshabinni qalbiga mahzun kayfiyat ulashadi, ya’ni hayot tugagan Yerda ayol va robot, vayron bo‘lgan, zulmatga cho‘mgan borliq.
Artur robot bo‘lsa-da ishonchli. Uning vazifasi aniq: ayolni qo‘riqlash. U harbiy operatsiyalar uchun ishlab chiqilgan eng ilg‘or robot. Va umr bo‘yi chegarani qo‘riqlagan, odamlarni muhofaza qilgan, qochoqlarga yordam bergan. Yevaning otasi tiriklik tugayotganda qizini o‘zi yashagan harbiy bazada robotni qo‘riqchi qilib qoldirib ketadi.
Artur juda mehribon – Yeva har doim qayerga borsa o‘zini ehtiyot qilishini, ayniqsa radiatsiya ko‘p joyga maxsus kiyimlarda borishini, borgan joyidan bir qultum ham suv ichmasligini tayinlaydi. Ular o‘rtasidagi munosabatlar samimiy. Artur nafaqat Yevani qo‘riqlaydi, balki o‘ziga xos suhbatdosh ham. Suhbatlari, fikrlashi jonli, go‘yo u inson. Balki undan ham yaxshiroq. Hamrohining har bir savoliga javob beradi, topishmoqlar o‘ylab topadi, kechayu kunduz Yeva yashayotgan hududda aylanib yuradi.
Arturning har uch oyda paroli yangilanadi va bu tizimga kiritilgan. Parollar daftari esa bazaning ichkarisida muzlatgich eshigiga, ko‘rinadigan joyga ilingan... Ayni paytdagi paroli bagryanka, uch oylik muddatdan so‘ng parol navbatdagisiga tizim orqali almashadi...
Kino davomida Yeva turli joylarga borib turli bazalarga, stansiyalarga kirib vaqtini o‘tkazadi. Ana shunday kunlarning birida tashlab ketilgan bino ichidan lavanda gulining urug‘lari saqlangan qog‘ozchani topib oladi. Va urug‘ni o‘zi yashayotgan joyga sepib qo‘yadi. Bu urug‘ unga go‘yo umid bo‘lib ko‘ringan bo‘lsa ajab emas...
Yeva erta tongda sayohatga otlanarkan, zahirada suv va harbiy mashinasiga yoqilg‘i olish uchun omborga kirmoqchi bo‘ladi. Sal oldin salomlashgan va uzundan uzoq suhbatlashgan artur Yevani to‘xtatadi.
– Yeva salom. Parolni aytmasangiz bazaga kirmaysiz.
Yeva hayron bo‘ladi va parolini aytadi.
– Bu parolim eskirdi, har uch oyda parol yangilanadi. Oxirgi parolni ayt.
Yeva shunda, parol yozilgan daftarga yaqin o‘rtada qaramaganini va esdan chiqarganini anglaydi.
– Sen meni taniysan. Men Yevaman, to‘g‘rimi?
U Arturning xotirasini uyg‘otmoqchi bo‘ladi, lekin robot undan yana parol so‘raydi. Shu sahna insonning ehtiyoj oldida xotiraga, umidga, hatto raqamli aqlga ham suyanishga majburligini va shu bilan film shunchaki robot haqida emas, insonning oxirgi umidlari va yolg‘izlikdagi intilishlari haqida ekanini ko‘rsatadi.
– Mening Yevaligimni bilasanku? – deydi u, har daf’a balandroq, qat’iyroq so‘ngra iltijoli ohangda.
Ammo Artur uchun Yeva bu ism, parol emas... «Yeva» so‘zi fayl, u ma’lumotlar bazasida turibdi. Uning ichki tizimida ehtiros yoki yaqin do‘st emas, hududga kirgan xavfli odam bor. U, ehtimol, Yevaga qarab shunday fikrlaydi: «Ovozni tanidim. Yuz xarakteristikasi mos. Hatto so‘zlashidagi hissiyotlar ham bor. Lekin parol yo‘q. Qulaylik darajasi: xavfsiz emas.»
Arturning vazifasi xavfni bartaraf etish. Yonidagi odam parolni aytmadimi demak u xavfli. Unda ikki ssenariy bor: Parol aytilsa odam bazaga kirish mumkin, aytilmasa dushman bartaraf etiladi.
Yeva baza tomon qadam tashlaydi. Shunda ilk bor Artur qo‘liga moslashtirilgan qurolni Yevaga o‘qtaladi.
Yevaning ko‘zlari katta-katta ochiladi. Ayol vaziyat qanchalik jiddiydigini tushunib yetdi. U hatto qochoq roliga ham kirishadi. Ammo qochoqqa yordam berish uchun dasturlangan robot egasi Yeva kelib parolni aytmagunicha qochoqni ham bazaga qo‘yolmasligini aytadi.
Vaqt o‘tadi, Yeva endi chanqay boshlaydi. Tomog‘i qurib iltijo qiladi, bazadan suv olishi kerakligini aytadi:
– Men Yevaman. Seni tanishimdan oldin ham shunday Yeva edim. Sen mening eng yaqin do‘stimsan, iltimos, men bazaga kirib suv olib ichishim kerak… axir sen meni taniyapsanku?
Arturning tizimidagi «tanish funksiyasi» ishga tushdi: To‘g‘ri, Yeva. Unga suv kerak. U chanqagan. Uning suvsiz qolganini bilib turibman. Faqat ikkita harakat yo‘li bor: bazaga kirishga ruxsat berish yoki bermaslik. Parol aytilsagina bazaga kirishga ruxsat beraman, parol aytilmayapti demak suv olishga ruxsat yo‘q.
Filmdagi eng kuchli – inson va mashina o‘rtasidagi ziddiyatli farq ko‘rsatuvchi sahna chanqagan ayol va robot o‘rtasidagi «parol va suv» dialogi. Ayol tirik qolish uchun obihayot so‘raydi, robot esa parol so‘raydi. Iltimosni tushunmaydi. Iltijoga javob bermaydi. U «sizni tushunmadim» deb qayta-qayta takrorlaydi. Bu yerda his-tuyg‘u yo‘q. Faqat algoritm bor.
Robotning «qat’iyligi» axloqiy yoki hissiy tanlov emas – bu texnik tuzilish. U suv berishga qodir, lekin tizim ruxsat bermaydi.
Bu yerda rejissyor tomoshabinga qiyin bir voqelikni ko‘rsatadi: texnologiya tufayli inson hayoti algoritmga to‘liq bog‘langanda, kechirim, tushunish, hamdardlik – ya’ni insoniylik chetga suriladi. U robot. U qoidaga bo‘ysungan. Lekin u hech qachon his qilmaydi. Yolvoruvchi ko‘zlarni, «men axir senga ishongandim» degan nigohni u his qilmaydi.
Bu dialogda mashina va inson o‘rtasidagi etik to‘siqlar aniq ko‘rinadi. Yeva suvsizlikdan qiynalmoqda, Artur esa tuyg‘usiz unga rahmi kelmayapti.
Yeva parolni eslolmaydi, tabiiyki suvga yetisholmaydi. So‘ngi so‘zi:
– Sendan iltimosim men ekkan urug‘ga suv quyish esdan chiqmasin.
Artur: – Sen qanday urug‘ ekkansan.
Yeva: – Mening lavanda gulim...
Artur: – Ha parol lavanda edi. Siz parolni aytdingiz va bazaga kirishga ruxsat beraman.
Ammo Yeva bu paytda vafot etgan edi.
Bu to‘qnashuv bizga shuni ko‘rsatadi: inson hayotidagi eng og‘ir yo‘qotish – qarshingdagi senga mahtal odamga hissiz javob berishdir.
Bugungi kunda biz texnologiyaga ortiqcha suyanib, hislarsiz, raqamli qarorlar qabul qilishni keng joriy etayotgan davrdamiz. Artur – bu algoritmlashgan hayotda insonni unutib qo‘ygan jamiyatning yuzidir.
Film bizga inson va mashina o‘rtasidagi chuqur jarlikni ko‘rsatadi. Arturning vazifasi insonni saqlash edi. Lekin u aynan shu burchni bajarish jarayonida insonni o‘ldirdi. Sababi insonning hayoti haqidagi tushuncha shunchaki parolga bog‘liq.
Artur inson tomonidan yaratilgan. Ammo inson o‘zidan ham yaxshiroq ratsional «mavjudot» yarataman deb, ehtimol, o‘zini tugatdi. Artur boshqaruvni hisob-kitobga topshirishdan tug‘ilgan «mavjudot». U odamdan zo‘r emas, lekin hissiyotsizligi bilan odamdan ustun. Va shu bois xavfli. U zulm qilmaydi, lekin rahm ham qilmaydi. U adolatli, lekin shu adolatida inson tabiatini hisobga olmaydi.
Filmdagi Yeva aslida bizmiz. U inson – og‘riqni his qiladi, vafo qiladi, sevadi, mehr beradi, umid qiladi. Yeva Arturga, hatto temirga ham ishondi. Shu ishonch tufayli u halok bo‘ldi.
Artur esa unga mehrni ma’lum bir parolsiz bermaydi. Bu parol shunchaki kod emas. Bu inson va texnologiya o‘rtasidagi ishonch zanjirining simvoli. Bu parol unutilgan joyda hayot tugaydi. Bu yerda halokatning zanjiri yetiladi. Artur faqat buyruqni bajaradi. Lekin shu sodiqlik bilan u Yevani o‘limga yetaklaydi. Filmdagi eng dahshatli nuqta shu: Artur Yevani himoya qilaman deb uning o‘limiga sabab bo‘ladi. Shu orqali film inson bilan texnologiya o‘rtasidagi munosabatda hissiyotning naqadar yetuk va zarur ekanini ko‘rsatadi. Yevaning halokati robotning emas, odamning aybi. Biz texnologiyani yaratamiz, lekin u hech qachon inson bo‘la olmasligini unutamiz. Artur insonga xos tuyg‘ularsiz ijro etuvchi qurol. Yevaning sevgi, umid va ishonchi esa insoniyat uchun eng oliy qadriyat sifatida tasvirlanadi. Film aynan shu tuyg‘ularsiz kelajak qanchalar dahshatli ekanini yana bir bor eslatadi.
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter