Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Daliyev ishi». Qonuniy huquq va ma’naviy haqdorlik haqida ikki og‘iz

«Daliyev ishi». Qonuniy huquq va ma’naviy haqdorlik haqida ikki og‘iz

Foto: Xabar.uz

Keyingi o‘n kun nari-berisida farg‘onalik Dilshod Daliyev (sobiq bank xodimi, o‘zining aytishicha, ayni paytda bloger) ikki marta «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida sudlar faoliyati haqida ehtirosli chiqishlar qildi. Uning chiqishlaridan ishga tiklash va mjburiy bekor yurgan kunlari uchun haq to‘lashga oid da’vosi sudlar tomonidan rad etilgani anglashadi.

Ayni masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmatining bayonoti holatga bir qadar aniq kiritdi, albatta. Ya’nikim, uchta instansiya sudi ham da’vo talabi asossizligi sababli rad etish haqida qaror chiqargan.

Aytilishicha, «Xalq banki» Uchko‘prik filialining 2017-yil 1-avgustdagi 66-k-sonli buyrug‘i bilan Dilshod Daliyev hisobchi-nazoratchisi lavozimiga ishga qabul qilingan. Keyinchalik u boshqa lavozimlarga, xususan, (2018-yil 13-iyulda) filial boshqaruvchisi o‘rinbosarligiga o‘tkazilgan. Biroq yangi vazifada olti oy ishlab ulgurmay u (2019-yil 23-yanvar) bank filiali boshqaruvchisining buyrug‘i bilan (o‘z xohishiga ko‘ra emas) O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 100-moddasi 2-qismining 3-bandiga asosan (mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzib kelinganligi uchun) ishdan bo‘shatilgan (mehnat shartnomasi bekor qilingan). Shuningdek, buyruqqa D.Daliyev bilan mehnat shartnomasini bekor qilinishiga kasaba uyushmasining (2019-yil 21-yanvar) roziligi ham asos tariqasida ko‘rsatiladi.

Sud qarorlari borasida ham bahs etish ham bizgamas. Qolaversa, nizo bo‘yicha chiqarilgan sud aktlari «hukm qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q!» ma’nosini anglatmaydi. Sud qaroridan norozi tarafda yana shikoyat qilish imkoniyati bor. 

Faqat «Daliyev ishi»ga oid ijtimoiy tarmoqdagi ehtirosli (jazavali degimiz kelmadi) chiqishlar va Oliy mahkama bayonotidan (darvoqe, bayonot axborot xarakterida bo‘lib, tomonlarning shikoyat qilishiga monelik qilmaydi) kelib chiqib, shaxsning qonuniy huquqi va ma’naviy haqdorligi xususida ikki og‘iz so‘z aytamoqqa ehtiyoj tug‘ildi-da.

Dilshod Daliyevning ishdan haydalishiga fuqaro X.Ovchiyevani bank binosining o‘zida, axloq me’yorlaridan chetga chiqib, haqorat qilgani «oxirgi tomchi» bo‘lgan ko‘rinadi (u ayni qilmishi uchun sud tomonidan ma’muriy huquqbuzarlikka tortilib, jarima jazosi qo‘llangan).  Mazkur sud qarori qonuniy kuchda ekani D. Daliyev unga nisbatan shikoyat qilmagani yoki shikoyat qilsa ham (sud qarori) o‘zgarishsiz qoldirilgan bo‘lishi mumkinligi anglashiladi. Bank xodimi bo‘laturib, shu muassasaga yumush bilan kelgan ayol kishini (!) tikka haqorat (nima bo‘lgan taqdirdayam!) qilganining o‘zi uning ma’naviy qiyofasiga yetarlicha chizgi beradi, aslida.

Ikkinchidan, bu «Xalq banki» Uchko‘prik tumani boshqaruvchisining sobiq o‘rinbosari bo‘lmish Daliyevning birinchi bezorligi emas ekan. U fuqaro Ovchiyevaning haqorat qilib, ma’muriy huquqbuzarlikka tortilishidan bor-yo‘g‘i to‘rt yarim oy burun ham bankka kredit masalasida kelgan er-xotin Beknazarovlarni tikka haqorat qilgan, bu jarayonda ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan odamni sansirab, ochiqdan-ochiqdan «cho‘loq!» deyishgacha boradi. Bu mojaro ham ma’muriy sudgacha yetadi, biroq masala jazo tayinlashgacha bormaydi – sud ogohlantirish berish bilan cheklanadi.

Sudning ogohlantirishi – ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilmaganini bildirmaydi, balki, aybdorsan, ammo bu yog‘iga ko‘zini ochibroq yur, deganidir.

Ko‘rinadiki, D.Daliyev bundan xulosa chiqarmagan, aksincha, oradan ko‘p o‘tmay yana «og‘zi polvonlik» qiladi, natijada keyingi sud majlisida tegishli jazoga tortiladi. Sud tomonidan jazoga tortilishiga faoliyati davomida yo‘l qo‘ygan boshqa xato-kamchiliklari uchun qo‘llangan intizomiy choralar ham qo‘shilib, u vazifasidan ozod etiladi.

Endi xulosa chiqaring: kap-katta mansabdor shaxs – bank filiali rahbari o‘rinbosari bir emas, ikki marta bankka kelgan fuqaroni, hatto nogiron insonni, ayol kishini xaqoratlasa, buning ustiga ish faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ysa, ko‘rilgan intizomiy choralar (tartibga chaqirish, jarima, ogohlantirish) naf bermasa, bunday inson yana o‘sha dargohda ishlashga ma’nan haqdor hisoblanadimi?

Gap ma’naviy haqdorlik haqida ketganda yana bitta inkor etib bo‘lmas faktni keltirishga to‘g‘ri keladi. D.Daliyev bundan besh yil muqaddam, bankning Farg‘ona shahar filialida ishlayotgan paytda firibgarlik bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi. Qachonki zararlar qoplaganidan so‘ng ozodlikka chiqib, ma’lum vaqtdan keyin sudlanganligini oldirib tashlanganidan so‘ng (sudlanganlik olib tashlangani shaxs oqlanganini anglatmaydi) yana tizimga ishga olinadi. Uning bank sohasiga qaytishiga qonun monelik qilmagani aniq. Biroq masalaning ma’naviy-axloqiy jihatlaridan kelib chiqilsa, uning tizimga qaytishi muassasa rahbariyati tomonidan unga berilgan ikkinchi imkoniyat bo‘lgani tushuniladi. Bunday imkoniyatdan foylanib, o‘zini munosib mutaxassis sifatida qayta ko‘rsatolmagani esa, uning muammosi.

Albatta, D.Daliyev o‘zini noqonuniy ishdan bo‘shatilgan hisoblab, vakolatli organlar orqali sudga murojaat qilishida g‘ayritabiiylik yo‘q. Bu uning huquqidir. Shuningdek, sud qarorlaridan noroziligini ham tushunish mumkin. Odatda sudda yutqazgan tomon shikoyat qilishini qo‘ymaydi. Bungayam monelik yo‘q, buyam uning huquqi. Ammo-lekin qonuniy huquqlarini pesh qilib, da’vo talabida yurgan odam (talab qilayotgan da’voga nisbatan) ma’nan haqqi bor-yo‘qligi xususida biroz tanasida o‘ylab ko‘rish kerakday. Qolaversa, tarmoq orqali ehtiroslarga berilib, turfa «bayonot»lar bilan sud tartibida ko‘rib chiqiladigan masalaga yechim topishi dargumon. Bu bilan faqat jamoatchilikning fikrini chalg‘itib, suvni battar loyqalatish mumkin, xolos. Bundan hech kimga foyda yo‘q, jumladan, da’vogarga ham.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring