Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dangasalikni yo‘qotishning 14 yo‘li

Dangasalikni yo‘qotishning 14 yo‘li

Bugun – yakshanba. Hoynahoy, divanda cho‘zilib yotgandirsiz? Ammo aslida dam olyapsizmi yoki dangasalik qilyapsizmi? «Barcha kamchiliklarning onasi» hisoblangan dangasalik deyarli har bir odamda uchraydi. Yoshi va ijtimoiy holatidan qat’i nazar, aholining 100 foizga yaqin qismi erinchoqlik kasaliga duchor. Yalqovlikning asosiy sabablari: hayotda maqsadning yo‘qligi, osmondan nimadir tushishini kutish, zamonaviy maishiy qulaylikka o‘rganish, harakatni boshlashdan ko‘ra besamar o‘ylash, o‘zida borini yo‘qotishdan va kelgusida keladiganidan qo‘rqishdir...

Psixologlar fikricha, dangasalik negizida salbiy hissiyotlar – qo‘rquv, o‘zini aybdor sezish, o‘kinch yotadi. Uning kelib chiqishini anglash orqaligina ishyoqmaslikni bartaraf eta olasiz. Aniqlanishicha, erkaklarga nisbatan ayollar to‘rt baravar dangasa ekan.

Dangasalikning kelib chiqishiga bolalikdagi tarbiya ham sabab bo‘ladi. Mustaqil qaror chiqara olmaslik, salbiy yondashuv, e’tiroz, qo‘rquv, shubha, o‘z-o‘zini chegaralash, ichki taqiqlar, axloq modellari buning omillaridir. «Har joyga burningni suqma», «Aralashma», «Jim o‘tir» kabi tanbehlar tashabbus va faol yondashuvni cheklab qo‘yadi.

Bir so‘z bilan aytganda, dangasalik muammo bo‘lib, uni bartaraf etish kerak. Avvalo, anglash joizki, har qanday harakat zamirida tug‘ma his-tuyg‘u, sezgilar yotadi. Biz ulardan xalos bo‘lish holatida emasmiz, chunki sezgilar – tabiatimizning bir bo‘lagi. Shuningdek, dangasalik – o‘z jonini saqlashga intilish kabi his-tuyg‘uning paydo bo‘lishidir. Har qanday holatda ham o‘zingizda yalqovlikni sezsangiz, batamom quvib yuboring. Buni quyidagi tarzda amalga oshiring:

  1. Iroda kuchi bilan.

Iroda kuchi – dangasalik bilan kurashishning eng keskin usuli. Afsuski, bu hammaning qo‘lidan kelavermaydi, sababi, o‘z ustida ishlashda ham tanballik ro‘y beradi. Iroda kuchi orqali yalqovlikni keskin haydab solish sizni tezda shakllantirib, ish jarayonini tiklaydi. O‘zini kuchli, irodali hisoblaydigan odamlar uchun ideal variant.

  1. Aniq rejalashtirish.

Mazkur usul oldingi uslubdan kelib chiqadi. Rioya etish shart bo‘lgan aniq jadvalga asoslangan. Siz maxsus qoidalar yaratib, ularga amal qilasiz. Bu o‘zingizga nisbatan mas’uliyat hissini kuchaytirib qolmay, balki ancha-muncha vaqtni tejashga ham imkon beradi. Qolaversa, rejalashtirish mehnatingiz unumdorligini baholashingizni ta’minlaydi.

  1. «Ertaga» tushunchasidan xalos bo‘lish.

Bugun bajarish kerak bo‘lgan har qanday ishni hafsalasizlik bilan «ertaga» o‘tkazish deyarli har kimga xos. Biroq ertasi kuni bajarishga yana hafsala bo‘lmaydi, shu tarzda bu yumush so‘nggi nuqtasigacha surilib boraveradi. Natijada ish shoshilinch bajariladi, atroflicha o‘ylab ko‘rilmaydi, sifati yomonlashadi.

Nima qilish kerak? Ertangi kunni yo‘q deb tasavvur qiling. Demak, shu bugun bajarishingiz hayotiy zarurat. Dastlab bu noodatiy, bema’ni tuyuladi, biroq keyin ong-shuuringiz o‘rganadi: siz ko‘plab ishlarni «shu bugun» bajarishga harakat qila boshlaysiz. Muhimi, sifat yo‘qolmasin.

  1. Dedlayn.

Dedlayn (inglizcha deadline — oxirgi muhlat) — muddatlar qisqarib, qanday qilib bo‘lsa-da hammasini bajarish shart bo‘lgan so‘nggi lahzalar. Agar dedlayn tabiiy bo‘lsa, ish dangasalikkacha yetib bormaydi, chunki muddatlar «yonmoqda» va zudlikda shaylanib, buyurtmani ado etish kerak.

Agar vaqtingiz bo‘lib, dangasalik yuzaga kelsa, sun’iy dedlaynning yaratilishi ishni ertaga o‘tkazmaslik borasida muammoning muqobil yechimiga aylanishi mumkin. Oldingi holatda motivatsiya botiniy ro‘y bergan bo‘lsa, endi tashqi tomonlama vujudga keladi.

Ushbu uslubning mohiyati shundaki, siz o‘zingizga yaqinlashtirgan holda ish muddatini sun’iy tarzda o‘zgartirasiz. Xayoliy fobiyani shakllantirasiz va ishyoqmaslik chekinadi.

  1. Ilhomlanish.

Agar siz yangi g‘oyalarga mukkasidan berilib, shavq-zavqqa to‘lgan bo‘lsangiz, dangasalik sizni nafaqat tark etadi, balki oyog‘ini qo‘lga qolib qochadi. Unga qarshi kurashishning eng samarali usullaridan biri — ilhomlanishdir. Bunday uslub raqobatchilaringiz bo‘lganida yoki ustunligingizni isbotlashni xohlaganingizda natija beradi. Sizdagi shavq-zavq o‘sib, ishlash layoqatingiz aql bovar qilmay qoladi.

  1. Ortiqcha yalqovlik.

Xuddi shunday. Hech qanday noto‘g‘ri fikr yo‘q. Ponani pona urib chiqaradi, deydilar. Mazkur uslub xuddi shu tarzda qo‘llanadi. Oddiy qilib aytganda, siz shu darajaga borasizki, dangasalikdan tinkangiz qurib holdan keta boshlaysiz. Natijada yalqovlik o‘z-o‘zini kemiradigan bo‘ladi.

Bu holatda sizda nima bilandir shug‘ullanish ehtiyoji tug‘iladi, bekor yurishga toqatingiz qolmaydi. Sizni qiziqtiradigan narsaga keng miqyosda tobe bo‘lish masalani ijobiy hal qiladi.

  1. Vijdon.

Vijdon – mijg‘ov, ming‘ir-ming‘ir «maxluq» bo‘lib, unga nafaqat odamlar, balki dangasalik ham dosh berolmaydi. Agar vijdoningiz uyg‘onsa, toki uning shartlariga ko‘nmaguncha yorb qandaydir yo‘llar bilan uxlatmaguncha yoqimsiz hissiyotlarni boshdan kechira boshlaysiz.

Shunday ekan, yalqovlikdan tezda xalos bo‘lishni xohlasangiz, vijdoningizni uyg‘oting. Va «taqsimot»ga nafaqat dangasalik, balki siz ham tushib qolsangiz, mazkur uslub samarali vosita sifatida ish beradi.

  1. Ish joyidagi tartib.

Dangasalikni bartaraf etishga oid yana bir usul ish joyidagi zichlik hisoblanadi. Chalg‘itadigan barcha omillar – internet, telefon, brauzerdagi sahifalar, baland musiqa kabi messenjerlardan xalos bo‘ling. Ular fikrlaringizni jamlashingizga xalaqit beradi.

  1. Kichik rag‘batlar.

Albatta, miyangizda hoziroq ishni bitirish fikri bo‘ladi. Unga buyurtmachi pul to‘laydi. Biroq bu tez orada yuz bermaydi. Mazkur holatda «mayda rag‘batlashlar» yaxshi samara beradi. Rag‘bat – odam sevadigan, biroq yalqovlik yomon ko‘radigan jarayondir. Rag‘bat hamisha qandaydir qilingan ish uchun beriladi.

Ishning ma’lum qismini bajarganingiz uchun o‘zingizni rag‘batlantiring. Ana shunda sizda qo‘shimcha qiziqtiruvchi turtki paydo bo‘ladi. O‘zingizni 10 – 15 daqiqalik tanaffus bilan ham mukofotlashingiz mumkin.

  1. Bo‘lib tashlash va boshqarish.

Ishda shart-sharoitlarning muhayoligi dangasalikni o‘ziga jalb etadi. Yumush ko‘p, vaqt ham ko‘p, boz ustiga zaxira vaqt ko‘zda tutilgan. Nima uchun «zaxira»ni hozir sarflamaslik kerak? Biroq ish oxirigacha ado etilmas ekan, hech qachon vaqt ortiqcha bo‘lmaydi.

Ish ko‘lami bilan og‘irlik qilmasligi va umidsizlik hamda hafsalasizlik keltirib chiqarmasligi uchun uni bo‘laklarga bo‘lib tashlang va qismlar bo‘yicha bajaring. Bu «kichik rag‘batlantirish» uslubi bilan bog‘liq holda yaxshi natija beradi: siz katta ko‘lamning ma’lum qismini ado etasiz va o‘zingizni rag‘batlantirasiz.

  1. Vazifalar orasidagi o‘zgarish.

Ba’zida ish shu qadar me’daga uradiki, chidab bo‘lmay qoladi va dangasalik kelib chiqadi. Mazkur holatda qandaydir boshqa yumush bilan shug‘ullanish ortiqchalik qilmaydi. Masalan, yozishga toqatingiz qolmasa, tahlil o‘tkazing, o‘zingiz tanlagan mavzular yoki mahsulotlarning o‘ziga xos jihatlarini o‘rganing. Ushbu uslub ikkita xususiyatga ega:

  • Sizni bir xillik va yalqovlikdan xalos etadi.
  • Yangi-yangi g‘oyalar uyg‘onishiga sabab bo‘ladi.

Ikkinchi xususiyat shunisi o‘ziga xoski, yangi g‘oyalarning paydo bo‘lishi odamni ilhomlantiradi, natijada esa ishchanlik sezilarli ravishda oshadi.

  1. Sotibqadamlik.

Ishyoqmaslikdan nari yurishning yana bir yo‘li sobitqadam bo‘lishdir. Bir nuqtai nazarda turish insonda g‘urur uyg‘otadi, bu esa asoslashning juda kuchli manbaidir. Har qanday vaziyat va sharoitga qaramay ishlayversangiz, sizni uncha-buncha holat o‘ziga jalb etmaydi. G‘urur va yuqori darajadagi mas’uliyat botinan quvvat beradi va ishni oxirigacha yetkazishni talab qiladi.

O‘z oldingizga maqsad qo‘ygan bo‘lsangiz, deylik, mashina, uy uchun pul topish, tanlovda g‘olib bo‘lish va hokazolarda bu uslub albatta o‘zini oqlaydi.

  1. Dam olish.

Ba’zida u yoki bu ishni o‘ylanganingizda go‘yo vaqt to‘xtab qolgandek tuyuladi. Siz hech qanday fikr-mushohadasiz bir nuqtaga tikilib o‘tirasiz. Bu toliqish paydo bo‘lishining ko‘rinishlaridan biri: chalg‘iy boshlaysiz, o‘zingizni unutasiz va shu asnoda talay vaqtni yo‘qotasiz. Mazkur holatdan so‘ng ish tarziga tushish qiyin kechadi. Bu «davriylik»ka ham taalluqli. Siz miyangiz nihoyatda faol ishlyapti, deb o‘ylaysiz, aslida esa boshlagan ishingizga qaytgan ko‘yi bir joyda o‘tiraverasiz.

Divanda shunchaki dumalab yotib televizorga tikilish emas, balki dam olish kuch va ishchanlikni tiklashga yordam beradi. Faqat ehtiyot bo‘ling, ortiqcha orom dangasalikka o‘tib ketmasin. Hammasi me’yorida bo‘lganida yaxshi.

  1. Ish vaqtining yaqinlashishi.

Ishdagi eng og‘ir damlar so‘nggi daqiqalarda bilinadi. Tanballik xuddi shu paytda faollashadi. Hammasi deyarli bajarib bo‘lindi, hali vaqt ko‘p, shoshilishning keragi yo‘q, degan fikr miyada mustahkamlanadi. Oqibatda marraga yetadigan ish so‘nggi lahzalarga o‘tkaziladi.

Ishning oxiriga boshqa tomondan qaraganda, bor kuchni jamlash va ishni bajarish hissi bilan burchingizni ado etish va chuqur nafas olishingiz mumkin. Bunday yondashuv sakrash uchun shavq-zavq va quvvat berib, dangasalikka o‘rin qoldirmaydi.

Unutmang, «Men charchadim» dedingizmi, har yili qarib, yanada toliqa boshlaysiz. Agar sizda hozir «vaqt bo‘lmasa», har yili ulg‘aygan sayin, vaqtingiz tobora kamaya boradi.

Xullas, erinmang. Harakat, harakat va harakat qiling!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring