Daraxtkesarlar uchun 15 sutkalik qamoq jazosi ham amaliyotga kiritilyapti
Senatning qirqinchi yalpi majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritishga doir qonun loyihasi muhokama qilindi. Jumladan, daraxt va butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun jarima miqdorlari oshirilyapti.
Bundan tashqari, ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida ushbu huquqbuzarliklarni takror sodir etilgan uchun o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish choralari belgilanmoqda.
Shu bilan birga, endilikda daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik ham kiritilmoqda.
Bundan tashqari, noqonuniy daraxt kesganlik yoki kundakov qilganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 4 ta moddasida ma’muriy javobgarlik belgilangan. Mazkur moddalarda bir xil ma’muriy huquqbuzarlik uchun turli miqdordagi jarimalar va nomutanosiblik mavjudligi inobatga olinib, o‘zgartishlar orqali bir turdagi ma’muriy xuquqbuzarlikka nisbatan bitta moddada bir xil javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter