Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat boshqaruvida xotin-qizlarning ulushi qancha bo‘lishi kerak?

Davlat boshqaruvida xotin-qizlarning ulushi qancha bo‘lishi kerak?

Foto: Xabar.uz

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 50 foizini: shundan 29 foizini – 14 yoshgacha, 28 foizini – 15-30 yoshgacha, 21 foizini – 31-45 yoshlilar, 15 foizini – 46-60 yoshlilar hamda 7 foizini – 60 yoshdan katta ayollar tashkil etadi.

Bugungi kunda BMTga 120 dan ziyod mamlakatda gender kvotasi mavjud. Xususan, Markaziy Osiyoda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning umumiy sonidan ayollar uchun 30 foizli kvotalar qonuniylashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga muvofiq, ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o‘ttiz foizini tashkil etishi belgilangan.

Markaziy saylov komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yil 22-dekabr kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlar saylovlarida nomzodlar ko‘rsatish jarayonida siyosiy partiyalar tomonidan mazkur talabga rioya qilindi. Xususan, 150 ta saylov okrugidan 750 nafar nomzod ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 41,4 foizini (310 nafarini) ayollar tashkil etgan.

Parlament quyi palatasida 48 nafar ayol (32 foiz) deputat bo‘lsa, yuqori palatasida 24 ayol (24 foiz) senatorlar ishlab kelmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga yangi saylangan deputatlarning 247 nafari (30 foiz), tuman va shahar kengashlarida – 1 422 nafari (25 foiz) ayollar faoliyat yuritib kelmoqda.

Biroq, amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramay, ayollarning davlat boshqaruvi organlaridagi salmog‘i kamligicha qolmoqda. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2022-yil 2-mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat idoralarida ishlayotgan rahbar ayollar ulushi 10 foizdan oshmayotganligini ta’kidlangan. Shuningdek, mahaliy kengash deputatlari orasida ayollar soni oz miqdorni tashkil qilinishi, hududlarda xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini, qiynab kelayotgan muammolarini kengashlarda kam muhokama qilinishiga sabab bo‘ladi. Boisi, huquq va erkinliklari buzilgan yoki jamiyatdagi muammolarga duch kelgan xotin-qizlar o‘z masalalarini ayol deputatlarga bir muncha oson bayon qilishi tajribalarda kuzatilgan.

Bugungi kunga kelib Ispaniya, Finlyandiya va Fransiya kabi davlatlar boshqaruv lavozimlarida ayollarning ulushi 50 foizni tashkil etmoqda. Avstriya, Belgiya va Qo‘shma Shtatlar ham hukumat tarkibidagi ayollar soni 2017-yildan beri sezilarli oshgan, ushbu ko‘rsatkich 29 foizdan ko‘proqni qayd etib kelmoqda. Shuningdek, Vengriya, Koreya va Portugaliya davlatlarida ayollar ulushi esa 18 foizni tashkil qilmoqda.

Finlyandiyada siyosiy partiyalarida assotsiatsiya sifatida ro‘yxatdan o‘tgan ayollar tashkilotlari mavjud. Ular partiyaning yillik yig‘ilishlarida, boshqaruv kengashga saylanishda ishtirok etadi. Siyosiy partiyalardagi xotin-qizlar tashkilotlari faoliyati davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Amalda har to‘rt yilda bir marta parlament saylovlaridan so‘ng va koalitsion hukumat muzokaralarida «ayollarga xos tadbirlar»ga sarflanadigan xarajatlar belgilab olinadi. Bugungi kunda ushbu xarajatlar partiyaning siyosiy faoliyatni moliyalashtirishning 10 foizni tashkil etadi.

Norvegiyada 1978-yilda Parlament «Gender tengligi to‘g‘risida»gi Qonunni qabul qildi va ushbu qonunga 2016-yilda rahbarlik va boshqaruv lavozimlarida ayollar sonini ko‘paytirishga oid bir qator o‘zgartirishlar kiritilgan. Xususan, ayollar va erkaklarga ta’lim olishda, ishga joylashishda, madaniy va kasbiy yuksalish (meritokratiya)da teng imkoniyatlar berilgan. Barcha davlat qo‘mitalari, kengashlar va boshqa davlat organlarida har bir jinsdagi a’zolarning kamida 40 foizi bo‘lish talabi belgilab qo‘yilgan. Bugungi kunda hukumatning 18 nafaridan 7 nafari (39 foiz) ayollar tashkil etadi. Hukumat «Konservativ» va «Taraqqiyot» partiyalaridan («Xristian-demokratlar» va «So‘l» partiyalari ko‘magida) tashkil topgan bo‘lib, uchtasini ayollar boshqaradi.

Islandiyada qabul qilingan «Ayol va erkaklarning teng maqomi va teng huquqlari to‘g‘risida»gi Qonunning 15-moddasiga asosan davlat va mahalliy davlat hokimiyati organlarida, kengashlarida lavozimga tayinlashda erkaklar va ayollarning imkon qadar teng miqdorini ta’minlashga, bir organda uch nafardan ortiq vakil bo‘lsa, 40 foizdan kam bo‘lmaslik talabi belgilangan. Ushbu norma davlat yoki munitsipalitetga tegishli bo‘lgan ochiq aksiyadorlik jamiyatlari va korxonalar boshqaruvlariga ham tegishli hisoblanadi.

Avstriya davlat xizmatida ayollar doimiy ravishda rag‘batlantirilib kelinadi. «Teng munosabatda bo‘lish to‘g‘risida»gi Federal qonunga asosan davlat organlarida ayollarning ulushi 50 foiz kam bo‘lmaslik talabi ish beruvchiga yuklatiladi. Agar tegishli davlat organidagi ayollarning ulushi 50 foizdan kam bo‘lsa, ayollar aynan o‘sha idoraviy sektorda kam vakil sifatida tavsiflanadi. Ayollar kam vakil bo‘lgan hollarda, tegishli muassasalar ayollarni mehnatga jalb qilish va rag‘batlantirish orqali ushbu vaziyatni hal qilish uchun chora ko‘rishi talab etiladi. Ushbu 50 foizlik chegaraga erishilgunga qadar, ayollarni ishga olish va lavozimga ko‘tarilishi doimiy amalga oshirilishini talab etadi.

Qolaversa, Ispaniyada «Gender tengligi to‘g‘risida»gi 2007-yil 22-martdagi qonuni partiyalarga barcha saylov ro‘yxatlarida nomzodlarning kamida 40 foizini ayollar tashkil etish majburiyatini yuklaydi. BAAda Prezidentning 2019-yildagi 1-son qarori bilan parlamentda har bir amirlik umumiy vakillarining kamida 50 foizini ayollar tashkil qilish lozimligi belgilangan. Fransiyada munitsipal saylovda qonun bitta erkakka bitta ayol nisbatini talab etadi. Hozirgi vaqtda munitsipal majlislarida bu masalada qat’iy tenglik amal qilmoqda. Ukrainada 2020 yilgi saylovlarda siyosiy partiyalardan nomzod ko‘rsatish va ro‘yxatni shakllantirishda 40 foizlik majburiy kvota qonunchilikda belgilandi va o‘z samarasini ko‘rsatdi.

Ta’kidlash joizki, xalqaro miqyosda parlamentda ayollar salmog‘ini oshirish uchun majburiy yoki ixtiyoriy gender kvotalarini belgilash yoxud ayollarga zaxira o‘rinlarini ajratish usullaridan keng foydalaniladi. Bunday talablar parlamentda ayollarning vakilligini «tezkorlik bilan kuzatib borish» uchun zarur va samarali vosita sifatida ko‘riladi.

Majburiy nomzodlik kvotalari saylov qonunchiligida nomzodlar ro‘yxatiga kiritilishi lozim bo‘lgan ayollarning eng kam ulushini belgilaydi. Dunyo bo‘ylab 60 ta davlat va hududlar qonun bilan belgilangan deputatlikka nomzodlar kvotasidan foydalanadi. Bu kvotalar odatda barcha partiyalar uchun nomzodlar kvotasini shakllantirishning majburiy shakli hisoblanadi.

BMTTD tavsiyasiga ko‘ra, o‘z navbatida davlat ham parlamentda o‘ringa ega bo‘lgan va gender kvotasini bajargan siyosiy partiyalarga qo‘shimcha moliyaviy yordam ajratishi orqali ularni saylovlar davomida gender tenglikni ta’minlashga undashi mumkin. Gender kvotasini bajargan siyosiy partiyalar o‘zlarining faoliyatlarini moliyalashtirish uchun budjetdan qo‘shimcha mablag‘ olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar va shu sababli ayollarni jalb qilish uchun motivatsiyaga ega bo‘ladilar.

Qonunchilikka ko‘ra, nomzodlik kvotalari davlatga siyosiy partiyalarni qabul qilingan standartga rioya qilishga majburlash uchun jazo choralarini qo‘llash imkoniyatini beradi.

Boshqacha aytganda, saylovga nomzodlar uchun kvotalarni qonunchilikda belgilagan 60 ta davlat va hududlardan 34 tasida (57 foiz) kvota talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik choralari ko‘zda tutilgan. 8 ta davlat (13 foiz) esa buning uchun moliyaviy sanksiyalarni nazarda tutadi.

Ta’kidlash joizki, qonunchiligimizda aynan deputatlikka va xalq deputatlari mahalliy kengashlari a’zoligiga ko‘rsatiladigan nomzodlar uchun belgilangan kvotalar talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik ko‘rsatib o‘tilmagan.

Saylovlarga ixtiyoriy kvotalar Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida tobora ommalashib bormoqda. Unga ko‘ra, har qanday siyosiy partiya saylovlarda o‘z ro‘yxatiga gender kvotalari kiritishi mumkin. Misol uchun, Shvetsiyada ko‘plab siyosiy partiyalar «hech bir jinsdagilar 40 foizdan kam bo‘lmasligi kerak» qoidasi ko‘rinishida ixtiyoriy partiyaviy kvotalarni joriy qilgan. Ixtiyoriy partiyalar kvotalari Avstraliya, Germaniya, Janubiy Afrika va Buyuk Britaniya kabi turli mamlakatlarning milliy parlamentlarida ayollar vakilligini sezilarli darajada oshirgan. Taxminan 37 ta mamlakat va hududlarda bir yoki bir nechta partiyalar ixtiyoriy partiyalar kvotasidan foydalaniladi.

Tashqi aloqalar kengashi tomonidan «Xotin-qizlar va tashqi siyosat dasturi» doirasida ishlab chiqilgan Ayollar kuchi indeksiga (Women’s Power Index) ko‘ra, BMTga a’zo 193 ta mamlakatdan O‘zbekiston 78 o‘rinni egallashiga qaramay, Hukumatda ayollarning ulushi 3 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, mahalliy davlat hokimiyati organlarida ayollarning ishtiroki yuzasidan aniq ma’lumotlar belgilanmagan.

Ma’lumot uchun: mutaxassislarning ta’kidlashicha, 193 ta dunyo mamlakatlarining 14 tasida (asosan Yevropa mamlakatlarida) hukumat tarkibida ayollar ulushi kamida 50 foizdan iborat. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, qaror qabul qilishda ayollarning «zarur massasi» 30 foizni tashkil etishi kerak. Bu darajadagi ayollar vakili 1995-yilgi Pekin Harakatlar Platformasi tomonidan ham o‘rnatilgan.

BMTning Butunjahon federatsiyasi tavsiyasiga ko‘ra, mahalliy darajadagi lavozimlarga ayollarni tayinlash yoki saylash ularni yuqori darajadagi davlat lavozimlariga zarur bo‘lgan ko‘nikmalariga ega bo‘lishiga olib keladi.

Siyosatda ayollar ishtirokini oshirish bo‘yicha qator davlatlar o‘zining mexanizm va siyosatlarini ishlab chiqqan, BMTTD, BMT Ayollar, YXHT, IHTT, Gender tenglik bo‘yicha Yevropa instituti kabi xalqaro tashkilot va muassasalar o‘z tavsiyalarini ishlab chiqqan. Ular orasida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:

1. Siyosiy partiyalarning gender siyosati. Partiya ichida o‘zining kvotalarining belgilanishi turli bosqichlarda xotin-qizlarni siyosatga jalb etishda siyosiy partiyalarning muhim rolini ko‘rsatadi. Masalan, Malta Leyboristlar partiyasi 1990-yillardan boshlab partiyadan saylov ro‘yxatlarini tuzishda 20 foiz ayollar uchun kvota ajratishni hamda milliy darajada partiya ijroiya qo‘mitalari rahbarlarining uchdan bir qismi (12 nafardan 4 nafari) ayollar bo‘lishi kabi qoidalarni joriy etgan. Partiyaning ushbu strategiyasi sezilarli natijalarni qo‘lga kiritishga sabab bo‘ldi: hozirgi kunda Malta parlamenti deputatlarining uchdan ikki qismini ayollar tashkil qiladi.

Partiyada gender auditni o‘tkazish orqali ayollarning ishtiroki partiyaga siyosiy maydonda qanday yordam berishi mumkinligini aniqlash mumkin. Bunday auditlar natijasida ayollarga karerada o‘sish va jamiyatga tanilish imkoniyatini yaratuvchi partiya dasturlari va siyosat ishlab chiqiladi. Shu jumladan, partiyalarga partiya ishi bilan band bolali ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun turli jamg‘armalar tuzish tavsiya qilinadi.

2. Fraksiyalararo assotsiatsiyalar va guruhlar. Gender tenglikni ta’minlashni maqsad qilib olgan fraksiyalararo assotsiatsiyalar va guruhlar ayollarga siyosatdagi muhim masalalarni ko‘tarishga, jamiyatga tanilishda, boshqa deputat ayollarni qo‘llab-quvvatlashda, turli gender bilan bog‘liq kamsitishlarga qarshi turishda yordam beradi. Bunday birlashmalar o‘zaro yordam ko‘rsatish
va gender tengligi bo‘yicha yechimlarni ishlab chiqish uchun muhim platforma hisoblanadi.

3. Murabbiylik. «Katta siyosat»dan hadiksirash, o‘zining qobiliyatlarini shubha ostiga qo‘yish, stereotiplar va boshqa jihatlar ayollarning siyosatga kirishiga to‘sqinlik qiladi. Maxsus murabbiylik (shu jumladan, siyosiy partiyalar tomonidan ishlab chiqilgan) dasturlari bunday ayollarga ko‘proq tajribaga ega bo‘lgan siyosatchi ayollardan o‘rganish, ayol deputat yordamchisi bo‘lish orqali o‘z malakasini oshirishga yordam beradi. Murabbiylik dasturlari allaqachon deputat bo‘lib saylangan ayollarga ham foydali bo‘lishi mumkin, bunday dasturlar ularga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishga, shunchaki deputat emas, balki liderga aylanishiga yordam beradi.

4. Ayollar uchun trening va liderlik dasturlari. Allaqachon lavozimda bo‘lgan ayollar va endigina siyosiy faoliyatini rejalashtirayotgan ayollar uchun turli xil trening va yetakchilik dasturlariga ham e’tibor berish kerak. Bunday dasturlar ayollarga nafaqat budjetni tushunish va qarorlar loyihasini tuzishni o‘rgatadi, balki ular uchun muloqot doirasini kengaytirish, o‘ziga ishonchga ega bo‘lish, o‘zini himoya qilish mexanizmlarini o‘rganish, qat’iyatli bo‘lishga yordam beradi va shu tariqa ayol siyosatchilarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, davlat boshqaruvida xotin-qizlar ulushini oshirish uchun siyosiy partiyalarning ishtirokini yanada kengaytirish yuzasidan quyidagi takliflarni ilgari surish mumkin:

1. Siyosiy partiyalarning ayollar ijtimoiy himoyasini ta’minlashga doir dasturlarini amalga oshirishda moddiy yordam ajratish.
2. Siyosiy partiyalar tomonidan o‘z faoliyati, shu jumladan partiyaning kadrlar siyosatini olib borish yuzasidan gender auditni o‘tkazish tartibini joriy etish.
3. Siyosiy partiyalar qoshida ayollar uchun o‘z qobilyatini rivojlantirishga oid maxsus murabbiylik, liderlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish.
4. Saylov kodeksining 70 va 91-moddalarida ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida qirq foizini tashkil etishini belgilash.
5. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida deputatlikka va xalq deputatlari mahalliy kengashlari a’zoligiga ko‘rsatiladigan nomzodlar uchun belgilangan kvotalar talablariga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash.
6. Quyi bo‘g‘inlarda rahbarlikka nomzodlar ayollar bilan yetakchilik qobilyatini oshirish bo‘yicha uslubiy treninglarni doimiy o‘tkazish.
7. Yangi saylangan yoki tayinlangan rahbar ayollar uchun ish bilan bir vaqtda birga olib boriladigan alohida maxsus o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yish.

Boburjon Donayev
Adliya vazirligi ma’sul xodimi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring