Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat daromadini adolatli taqsimlaydigan huquqiy mexanizm ishlab chiqish kerak – Prezidentlikka nomzod

Davlat daromadini adolatli taqsimlaydigan huquqiy mexanizm ishlab chiqish kerak – Prezidentlikka nomzod

«Adolat» SDPdan Prezidentlikka nomzod joylardagi saylovchilar bilan bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlarda qator masalalarga, jumladan, ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy ta’minot borasida o‘z saylovoldi dasturida ilgari surgan takliflarini e’lon qildi.

– Biz ijtimoiy sohani rivojlantirish maqsadida fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va bu yo‘nalishda tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Ijtimoiy davlat – 2030» dasturini ishlab chiqish lozim, deb hisoblaymiz.

Davlatning iqtisodiy faoliyati natijasida yuzaga kelgan daromadni adolatli taqsimlashni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish birlamchi vazifamizdir.

Shu bilan birgalikda, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy bir xil o‘sishni ta’minlash, tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaymiz, – deydi Robaxon Mahmudova.

Nomzod, shuningdek, tibbiyot sohasida ayni paytda farmatsevtika va tibbiyot xodimlari orasidagi yashirin kelishuvlar ortidan bemorlarga haddan ziyod dorilar sotib olishga undash holatlari kuzatilayotgani va bu barchani tashvishga solayotganini ta’kidladi.

– Tibbiyot muassasalaridagi faoliyatga farmatsevtika tashkilotlari tomonidan ba’zan ochiqchasiga  homiylik qilinadi. Tibbiyot sohasidagi bunday munosabatlar qonun bilan nazoratga olinishi kerak.

Tibbiyotchilar va farmatsevtlar o‘rtasida noqonuniy muloqot to‘liq taqiqlanishi shart, bunday muloqotlar va sovg‘alar uchun jazo muqarrar bo‘lishi, yangi dorilar va davolash uslublari faqat vazirlik tomonidan tushuntirilishi lozim, – deydi Mahmudova.

Nomzodning saylovoldi dasturida, shuningdek, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish orqali esa fan – ta’lim – ishlab chiqarish tizimlarining uzviy aloqadorligi ta’minlanishi ta’kidlanadi.

Bu borada, Dasturda adolatli jamiyat va huquqiy davlat barpo etishda ta’lim, ilm-fan va innovatsiyaning ahamiyatini oshirish choralarini ko‘rish, olimlar, va ixtirochilarni qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratishga doir qator maqsadlar belgilangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring