Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvi

Davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvi

Foto: Xabar.uz

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga kelib tushgan murojaatlar, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan davlat xaridlari va Agentlik tashabbusi bilan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, bir qator davlat idoralari tomonidan o‘tkazilgan davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, tegishli vazirlik hamda tashkilotlarga davlat xaridlarini bekor qilish va qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan taqdimnomalar kiritilgan.

Jumladan, Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi Davlat unitar korxonasi buyurtmachiligida qiymati 3,7 mlrd. so‘mlik «kompyuter tizimiga maxsus uskunalar» olish uchun berilgan e’lon yuzasidan o‘tkazilgan tender jarayonida affillanganlik holatiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, mazkur tenderni bekor qilish yuzasidan Xalq ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritildi.

Shuningdek, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun talablarining buzilishi holati Q.S.Zoirov nomidagi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash muzeyining ma’muriy binosini (765 mln. so‘mlik) joriy ta’mirlash bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xaridlari jarayonida ham yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, Sog‘liqni saqlash vazirligiga mazkur xaridlarni bekor qilish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.

Bundan tashqari, Agentlik tomonidan Sog‘liqni saqlash tizimidagi budjet buyurtmachilari tomonidan maxsus axborot portalida joylashtirilgan autsorsing xizmatlarini tashkil etishga oid e’lonlarning «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunga muvofiqligi masofaviy monitoring tartibida va hududlarga chiqqan holda o‘rganilib, tahlil qilindi.

O‘rganishda Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasidan olingan ma’lumotlar hamda «dxarid.uz» maxsus axborot portalida joylashtirilgan ma’lumotlar tahlil qilinganida, sog‘liqni saqlash tizimida autsorsing xizmatlarini tashkil etishda budjet buyurtmachilari (tibbiyot muassasalari) tomonidan  manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga keltiruvchi korrupsiyaviy omillarning kelib chiqishiga shart-sharoit yaratilayotganligi  aniqlanib, Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirligiga bu kabi qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish yuzasidan taqdimnomalar kiritildi.

Shu bilan birga, Agentlik tomonidan Qashqadaryo viloyatida sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan tibbiy uskunalar xarid qilinishining qonuniyligi o‘rganilganida, 2020 yil va 2021 yilning 1-yarim yili davomida 10 ta tibbiyot muassasalari tomonidan 75 dona jami 7 mlrd. 817,6 mln.so‘mlik tibbiy uskunalar Qarshi shahridagi mas’uliyati cheklangan jamiyatdan shartnoma asosida 2 mlrd. 613 mln. 334 ming 899 so‘mga juda qimmat narxlarda budjet mablag‘lari hisobiga sotib olinganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan 2021 yil 16 dekabr kuni  ta’minotchi jamiyat va Qashqadaryodagi 9 ta tibbiyot muassasalari mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, xozirda prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Agentlik tomonidan «Obod qishloq» dasturi doirasida Shahrisabz tumanidagi  «Mevazor» va «O‘rtaqo‘rg‘on» mahallalarida piyodalar yo‘lagi qurish va tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish bo‘yicha pudratchi jamiyat tomonidan amalga oshirilgan ishlar o‘rganilganida, 67,0 mln. so‘mlik haqiqatda bajarilmagan ishlar bajarilgan deb qo‘shib yozilganligi aniqlanib, to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga yuborildi. Boshqarma tomonidan 2021 yil 9 dekabr kuni Shahrisabz tumani obodonlashtirish boshqarmasi mansabdor shaxslari va pudratchi jamiyatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, xozirda prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring