Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davolanish uchun Hindistonga borgan o‘zbekistonliklar tunab ketildi

Davolanish uchun Hindistonga borgan o‘zbekistonliklar tunab ketildi

Hindistonning Gurugram (Gurgaon) shahrida politsiya libosida bo‘lgan bir guruh shaxslar o‘zbekistonlik fuqaro pulini o‘marib ketgan. Bu haqda «Press Trust of India» axborot agentligiga tayanib «Dunyo» AA ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, Gurugram shahrining 53-sektorida shanba kuni kechki soat 21:00 atrofida mehmonxonaga qaytib kelayotgan uch nafar aka-ukani politsiyachilar to‘dasi go‘yoki hujjatlarni tekshirish bahonasida to‘xtatgan. Sumkalarni ko‘zdan kechirish jarayonida 16 ming AQSh dollarini o‘g‘irlab, qochib ketgan.

O‘zini B.S. deb tanishtirgan O‘zbekiston fuqarosi Gurugram shahrida joylashgan «Artemis» shifoxonasiga buyrak ko‘chirish amaliyotini o‘tkazish uchun kelganini aytgan.

 B.S. ushbu voqea yuzasidan mahalliy politsiya idorasiga murojaat qilgan.

Hozir Gurugram shahrining 53-sektori politsiya bo‘limi tomonidan jinoyat qonunchiligining 379A (tortib olish orqali o‘g‘irlik), 419 (o‘zini boshqa kishi deb tanishtirish yo‘li bilan aldash) va boshqa moddalari bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Elchixona tomonidan Hindiston Tashqi ishlar vazirligi va boshqa rasmiy idoralar bilan mazkur holat yuzasidan muloqotlar o‘tkazilgan, vaziyat nazoratga olingan.

Diplomatik missiya, o‘z navbatida, vatandoshlarni Hindiston hududidagi moliyaviy masalalar bilan bog‘liq vaziyatlarda shaxsiy xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish, yirik miqdordagi naqd pul ishlatmaslik, balki bank kartalaridan yoki pul o‘tkazish amaliyotidan keng foydalanishga chaqirmoqda.

Shuningdek, bunday holatlar yuzaga kelgan taqdirda zarur konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatilishi uchun zudlik bilan +91 11 2467 0774/75 telefon raqamlariga yoki @consuluzbindia_bot’ga murojaat qilishni so‘ramoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring