Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davolanishni besh yil ortga surib kutubxona yaratgan qiz: «Bola mustaqil fikrlashni kitob o‘qigan ota-onadan o‘rganadi» (video)

Davolanishni besh yil ortga surib kutubxona yaratgan qiz: «Bola mustaqil fikrlashni kitob o‘qigan ota-onadan o‘rganadi» (video)

Foto: Xabar.uz

Qalbida quyoshi bor odamni ko‘rganmisiz? Bir gaplashganingizdayoq, yo‘q gaplashmasdan turib shunday ko‘rganingizdayoq undan taralayotgan issiqlik qalbingizni isitadi. Jizzax viloyati, G‘allaorolning chekka qishlog‘i Jiydalida kutubxona ochgan qizning qalbida quyoshi bor. Bolalarga katta kutubxona qanday bo‘lishini ko‘rsatishni orzu qilgan Nargiza Qo‘shmonova shu kunlarda orzusiga erishdi – tashkil qilgan kutubxonasiga «Umid» deb nom berdi.   

...Yaqinda Marokashning eng  chekkasida kutubxona ochgan  marokashlik haqida o‘qigandim. Nega Muhammad Aziz kitob mutolaasi keng tarqalmagan mamlakatda kitob do‘koni ochishga qaror qildi?

Ota-onasidan erta, 6 yoshida ayrilgani uchun  tirikchilik qilishi va o‘rta maktabni tugatishi kerak edi, lekin  bunga imkoni bo‘lmadi. 15 yoshida u darsliklar juda qimmatligi sababli maktabni tashlab ketdi.

Bolaligida kitoblardan foydalanish imkoniyati yo‘qligi, o‘zini kitobga bag‘ishlash haqida qaror qabul qilishga turtki bo‘ldi. Boshqalar bilan suhbatda u shunday deydi: «Men bolaligim, ahvolim, qashshoqligim uchun shunday qasos olaman». 

Undan do‘koniga qancha kitob yig‘ilganini so‘rashganida: «Yetarli emas», deb javob beradi. Muhammad Aziz kuniga o‘rtacha bir yoki ikki marta savdo qiladi. Keyin u o‘qishni boshlash uchun eshik romiga o‘tiradi – faqat ovqatlanish, ibodat, chekish va mijozlarga yordam berish paytida kitobdan bosh ko‘taradi. Maqolada qayd etilishicha, 55 yil davomida Muhammad Aziz kitob do‘koni ochgandan buyon Marokashda savodsizlik darajasi 1960 yildagi 87 foizdan 2014 yilda 32 foizga kamaydi, deya xabar beradi mamlakatning davlat statistika agentligi. Ammo hafsalasi pir bo‘lgan kitob sotuvchisining so‘zlari shuni anglatadiki, har 10 marokashlikdan uchtasi haligacha uning kitoblaridan bahramand bo‘lolmaydi. «Men 4000 dan ortiq kitob o‘qiganman, shuning uchun men 4000 dan ortiq hayot kechirganman. Har bir inson bunday imkoniyatga ega bo‘lishi kerak.»  

Shu maqolani o‘qiganimda bu odamning qahramonligiga qoyil qolgandim. Bugun esa bunday qahramonlikni o‘z yurtdoshlarim ham qilayotgani qanchalar ajoyib. Kitob rostdan ham hayotni yaxshilaydi. U shunchaki do‘st emas, u shunchaki vaqtni o‘tkazish uchun emas, u shunchaki dunyoqarashni belgilash uchun emas, kitob dunyoni o‘zgartirishga qodir. Agar jiydalilik Nargiza kitob o‘qimagan qiz bo‘lganida hozir qishloqdoshlari uchun shunday ezgu ish qila olarmidi, yo‘q, balki umrida qo‘liga kitob ushlamagan tiktoker yoshlardek pul uchun o‘zini har ko‘yga solayotgan bo‘lmasmidi? Videoning boshidayoq Nargizaning bir gapi men o‘ziga rom qildi, «nimaga faqat men kitob o‘qishim kerak, boshqalar ham kitobdan bahramand bo‘lishi kerak. Qarasam ota-onalar o‘zi bilan o‘zi, bolalar qarovsiz qolayapti...»

Agar Nargiza kitob o‘qimaganda bolalar ota-ona nazoratisiz, qarovsiz qolayotganini his qilarmidi?  

Besh yil davolanishi kerak bo‘lgan pulini kitob yig‘ish uchun sarflaganini esa istar-istamas aytib berdi. U kitobni yaxshi ko‘rmaganida shunaqa OLIJANOB bo‘la olarmidi?

Nargizaning o‘zi aytganidek avvalo, uning ota-onasiga raxmat, biron marta boshingni og‘ritma, kitob olish o‘rniga davolanishing kerak, deb malomat qilmaganiga.  

«Kitob o‘qimagan ota-ona farzandiga qanday qilib mustaqil fikrlashni o‘rgatadi. Bir yig‘ilishda tumanimizga kelgan turk shoirasi bizga qarata qizlarga ayollarga mustaqil fikrlashni o‘rgatinglar, jamiyatga o‘z so‘zlarini ayta olsinlar, dedi. Shunda men o‘yladim, qizlar mustaqil bo‘lishi uchun oilasi mustaqil bo‘lishi kerak, ular mustaqilligini ko‘rsatish uchun oilada ularni eshita olish kerakda. Bolalar hozir kitob o‘qiydi, so‘ng ular ham ota-ona bo‘ladi, kitob o‘qimagan ota-ona bolasiga qanday qilib mustaqillikni o‘rgata oladi. Maktabdan bolasi biron savol bilan kelsa ota-ona bor o‘qituvchidan so‘ra deydi, aslida ota-ona o‘qimishli bo‘lishi kerak, bolalar esa mening otam hamma narsani bilar ekan, mening onam o‘qigan, onam hamma narsani biladi deb faxrlanishi kerak.»

Shundan so‘ng Nargizaning o‘zi aytganidek sarguzashtlari boshlanadi, uni Yoshlar ishlari agentligi, G‘allaorol tumani bo‘limi rahbari Jamshid Norbekov tinglaydi va qo‘llab-quvvatlaydi, yetakchilar qurshovida bir dunyo kitob bilan  «Umid»  kutubxonasiga kirib boradi.  

Shunday paytda ko‘nglingiz yanada yorishadi, axir atrofimizda hali ezgulik qila oladigan va ularga tirgak bo‘la oladigan yoshlar ko‘p, judayam ko‘p...

Ona zamin uzra quyosh nur sochadi, ammo G‘allaorolning chekka bir qishlog‘i Jiydalida yana bir quyosh paydo bo‘ldi. Bu Nargiza va uning kutubxonasi, kitoblari. Bu quyosh nuridan bahramand bo‘lgan qishloq odamlari kelajakda buning mevasini albatta ko‘radi.

Hali ko‘rasiz Jiydalidan bir boshqacha fikrlaydigan odamlar chiqadi... quyoshlar ko‘payadi...

                                                           Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring