DMED – tizimlilik va inson haq-huquqi kafolati

Buxoro va Samarqandda bu tizim qanday ishlayapti?
Ayni kunlarda yurtimizning 15 ta tuman (shahar)ida sog‘liqni saqlashning yangi modelini joriy qilish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi boshlandi. Bu UZINFOCOMning DMED tibbiyot raqamlashtirish loyihasi.
Ushbu dasturning ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, tibbiyotni raqamlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi birlamchi tibbiyot muassasalariga tashrif tadbirlari uyushtirildi.
Va DMED tizimining qanday ishlashini ilk marta Samarqand shahridagi 2-oilaviy poliklinikada kuzatdim bu – qog‘ozsiz, navbatsiz qulaylik edi. Faqat shugina emas. Bu tizimda shifokor yoxud bosh shifokorni tanishingizning ahamiyati yo‘q, tizim sizning ID raqamingizni taniydi, xolos. Va, to‘g‘risini aytsam, men shu yerda raqamlashtirishning eng katta ahamiyatini his qildim: u tizimdagi boshboshdoqlikning oldini oladi.
Ayni paytda 55 ming nafardan ziyod aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan mazkur shifo maskani zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlanib, DMED axborot tizimi to‘liq ishga tushirilgan.
– Bu tizimning ishlash jarayoniga ilk duch kelganimda menga boshog‘riqdek tuyulgandi, 70 yoshdan oshganman, kompyuterni tushunmasam, keyin esa mana shu yerdagi hamshiralar barcha hujjatlarimni raqamlashtirdi, – deydi shu poliklinika mijozi Ma’rufa Sharipova. – Hozir avvalgiday qaysi shifokorga kiraman, qayerga boraman degan savol yo‘q. Hatto tibbiy daftarimni ham ko‘tarib yurmayman, qachon davolanganimni eslashimga ham hojat yo‘q. Hammasi hamshira qizlarning anavi kompyuterida turibdi. Bir marta tekshiruvdan o‘tsam o‘sha tahlillar hamma joyga o‘tadi. Masalan, men bu yerdan tekshiruvdan o‘tsam, istalgan kasalxonaga borib davolanishni shu tahlillar bilan davom ettiraman, avvlgiday bir necha marta UZIga tushish yoki qon oldirish shart emas.
Darvoqe raqamlashtirish qanday qulayliklar beradi?
Raqamlashtirish faqat qulaylik emas, qonuniylik demak. Ya’ni «qo‘ldan qo‘lga» o‘tadigan ma’lumotlar yo‘q – bu degani, manipulyasiya uchun yo‘llar kesiladi.
DMED ilovasi orqali nimalardan xabardor bo‘lish mumkin?
Mijoz tarixining to‘liq elektron bazasi shakllanadi, dori-darmon aylanmasini shaffof nazorat qilish imkoni paydo bo‘ladi, yo‘llanma, navbat, diagnostika va natijalar bir tizimga solinadi, «qo‘shimcha to‘lov»lar uchun joy qolmaydi...
DMED shifokorning har bir harakatini qayd etadi: qayerda qabul qildi, nimani yozdi, qaysi doriga yo‘llanma berdi. Bu tizim orqali «hamma uchun bir xil qoida» bo‘ladi.
DMED haqida yanada to‘liqroq ma’lumotlarga ega bo‘lish maqsadida Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ham bordik.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, 350 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu shifo maskanida ayni chog‘da 28 turdagi tor soha mutaxassislari aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Muassasaning Maslahat poliklinikasi kunlik 250 qatnovga mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda bemorlarga to‘liq DMED tizimi orqali tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Kasalxonaga sayohat asnosida ushbu axborot dasturini joriy etish holati, uning qaysi modullari izchil yo‘lga qo‘yilgani, bemor va shifokorlar uchun qulayliklari, shu jumladan, tibbiyot muassasalarida uzundan-uzoq navbatlarning oldini olishdagi ahamiyati xususida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldik.
Ayniqsa, har bir shifokor eshigi oldiga qo‘yilgan QR-kodli «shikoyat daftari» shaffoflikning ramzidek ko‘rindi: ilgari ayrim shifoxonalarda «shikoyat daftari» bo‘lardi. Uni kim o‘qiydi, kim e’tibor beradi bilmas edik.
– Endilikda har bir qabul, har bir yo‘llanma, har bir tashxis DMED (Davlat tibbiy elektron ma’lumotlar tizimi) ya’ni raqamlar orqali qayd etiladi, tom ma’noda ish jarayonini baholaydi. Bemorning yoshlikdagi kasallik tarixi, barcha-barchasi kiritilgan bo‘ladi bu tizimga, – deydi Lutfullo Raxmonov, Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi rahbari. – Albatta, bu tizimni yo‘lga qo‘yishda qarshiliklar, to‘siqlarga duch kelishimiz mumkin. Chunki qo‘l yozuviga o‘rgangan shifokorlar elektron tizimga qiynalib moslashyapti. Tizimni to‘liq ishlatish uchun bizga juda ko‘p ayti xodimlari kerak bo‘ladi. Ayti hamshiralarni o‘qitdik. Bu tizimning eng muhim jihati: nafaqat bemorni, balki shifokorni ham himoya qiladi. Chunki adolatli ishlayotgan shifokor ham ba’zan asossiz tuhmatga uchrashi mumkin. QR-kod tizimi doimiy ravishda ijobiy va salbiy fikrlarni yig‘ib boradi. Ya’ni, inson haqida emas, ish uslubi haqida umumiy tasavvur shakllanadi. Shifokor qaysi kuni, nechada, qayerda bemor qabul qilgani qayd etiladi. Qanday tashxis qo‘ygani, qaysi laboratoriyaga yo‘llagani, qanday davo muolajasini yozgani – hammasi tizimda saqlanadi. Har qanday ma’lumot yoki «ortiqcha harakat»ni qayd etib boradi. DMED – tizimlilik va inson haq-huquqi kafolati...
Mana bu har bir eshik yoniga qo‘yilgan QR-kod orqali bevosita fikr qoldirish mumkin ekan. Bu esa real nazorat tizimidir.
– Bu tizim hozircha hamma joyda yo‘q. Ammo u qayerda joriy qilingan bo‘lsa, u yerda tizim inson faktorisiz insonga xizmat qila boshlaydi, – deydi xirurg G‘afur Yoqubov. – Endi bu tizimda tanish-bilishchiliklar, «kerakli», aslida ortiqcha tashxislar, soxta «kasallik varaqasi» uchun imkoniyat cheklanadi, har bir harakat tizimda qayd etiladi. Har bir bemorning yo‘li izidan kuzatiladi.
Bemor shifokorni, xizmat ko‘rsatishni istasa anonim, istasa o‘z ismi sharifi bilan baholashi mumkin, va shifokor ham turli gumondan qutuladi. QR-kod fikrlari orqali haqiqiy kasbga sadoqat ko‘rinadi. Ya’ni men 12 yil Rossiyada ishlab kelgan mutaxassis sifatida aytamanki, boshqa joylarda allaqachon bu tizim o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. Siz endi falonchi tavsiya qilgan shifokorga bormaysiz, mana shunday elektron qoldirilgan baholar tufayli sizni davolovchi shifokorni tanlaysiz. Tabiiyki, bu jarayonlar har bir mutaxassisni o‘z ustida ishlashga majbur qiladi.
DMED Buxoroda...
«Men yaqinda kasalxonaga borishimga to‘g‘ri keldi. Shunda ovora bo‘lib yurmasligimni, o‘zlari tashxis javoblarini onlayn jo‘natishini aytishdi. Va men uyda o‘tirib javoblarni bilishga muvaffaq bo‘ldim. Hatto navbatga ham uydan telefon orqali yozilib qo‘ydim», – deydi Maxsuda Tillayeva.
Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bir kunda 200-300 bemorni qabul qiladi. Bu yerga shoshilinch bemorlardan tortib og‘ir kasallargacha keltiriladi, ana shunday paytda DMED tizimining qulayligi yaqqol ko‘rinadi. Ya’ni, bunda bemor qayta qon topishirish uchun navbat kutib qolmaydi. Topshirgan qon tahlillari esa o‘sha zahotiyoq aniqlanadi.
«Travmatologiya bo‘limida davolanishimga to‘g‘ri keldi. Bu yerdagi raqamlashtirish jarayoni ayniqsa suyak-bo‘g‘im kasalliklari bilan davolanadigan mijozlarga juda qulay. Ortiqcha og‘riqli harakatlarsiz hamma savolingizga javob topishingiz mumkin ekan bu ilova orqali. Avvalgiday qayta-qayta rentgenga tushishgayam hojat yo‘q. Hamma ma’lumotlaringiz, hatto qaysi dorini qabul qilganingizcha saqlanib turarkan. Bu qulayliklar esa bemorning tezroq shifo topishiga katta yordam beradi», – deydi shu kasalxonada muolaja olayotgan Zamira Aminova.
DMED tibbiy tizimi nafaqat zamonaviy raqamli texnologiyalarni sog‘liqni saqlash sohasiga joriy etish namunasi, balki inson haq-huquqlarini himoya qilish, bemorlar hayotini yengillashtirish va tibbiy xizmatlarga shaffof, adolatli yo‘l bilan erishishning muhim vositasiga aylanmoqda. Ushbu ilova orqali odamlar navbat kutmasdan, qo‘shimcha xarajatlarsiz, o‘z vaqtida zarur ma’lumotga ega bo‘lish imkoniga erishmoqda. Qolaversa, har bir fuqaroning tibbiy ma’lumotlari xavfsiz saqlanishi va qayd etilishi orqali ularning sog‘liqqa bo‘lgan munosabatida mas’uliyat hissi kuchaymoqda. DMED – bu shunchaki raqamlashtirish emas, balki inson qadri va tibbiyot sohasidagi shaffoflik uchun tashlangan muhim qadamdir.
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter