Dori vositalarini elektron buyurtma qilishda nimalarga e’tibor berish kerak?
Savollarga Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Muhabbat Ibragimova javob berdi.
— Dorixonaga borishga imkon bo‘lmaganda dori vositalarini elektron tarzda xarid qilish mumkinmi?
— Ha, mumkin. «Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom»ga muvofiq, elektron tijorat orqali faqat retseptsiz beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlarni elektron tarzda sotish va sotib olishga ruxsat berilgan. Faqat ularni saqlash va yetkazib berishda xavfsizlikni ta’minlagan holda, shuningdek, qonunchilik talablaridan chetga chiqmasdan amalga oshirilishi shart. Ayni vaqtda dori vositalarini yetkazib berishni takomillashtirish uchun «elektron dorixona» tizimini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Bu orqali mahalliy dorixonalarning yagona elektron bazasi shakllanadi, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish ta’minlanadi.
— Elektron tarzda sotib olingan dori vositalari va tibbiy buyumlar aholiga qanday tartibda yetkazib berilishi kerak?
— Bunda dori vositalari va tibbiy buyumlarni elektron tijorat orqali chakana sotishda dorixonalarga tegishli veb-saytlar yoki mobil ilovalarda yuridik shaxsning nomi, uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, INN raqami, joylashgan joyi (pochta manzili), elektron pochta manzili, bog‘lanish telefon raqami, litsenziya raqami, amal qilish muddati, uni bergan organ nomi ko‘rsatilishi shart.
Shuningdek, elektron savdo manzilida dori vositalari va tibbiy buyumlar haqidagi ma’lumotlar, jumladan, xalqaro patentlanmagan nomi va savdo nomi, chiqarilgan shakli, dozasi, seriyasi, yaroqlilik muddati, ishlab chiqargan davlat (yetkazib beruvchi), qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma, chakana narxi, savdo ustamasi miqdori, muvofiqlik sertifikati, analoglarning mavjudligi, hisob-kitob shakli, yetkazib berish tartibi va narxi ko‘rsatilishi shart.
Mahsulotlar tibbiy buyumlar va dori vositalarini tashish uchun maxsus jihozlangan transportlarda farmatsevtik ma’lumotga ega mutaxassis tomonidan yetkazib berilishi belgilab qo‘yilgan.
— Bemor retseptda yozilgan doriga elektron tarzda buyurtma bermoqchi, lekin dorixonada shu nomli dori mahsuloti topilmay, unga muqobil bo‘lgan boshqa preparat bor. Dori preparatlarini o‘zaro muqobiliga almashtirib qabul qilish mumkinmi?
— Xalqaro patentlanmagan nom bilan retsept yozish bu jarayonni yanada osonlashtiradi. Tibbiy maqsadlarda foydalaniladigan dori preparatlarini o‘zaro almashtirish tibbiy amaliyotda qo‘llaniladigan jarayon bo‘lib, original dori preparatlari yoki yetakchi farmatsevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan dori preparatlarining xalqaro patentlanmagan nomiga asoslangan holda, ularga terapevtik va farmakokinetik jihatdan bioekvivalent bo‘lgan dori preparati tanlanishi mumkin. Ushbu dori vositalarini almashtirish mumkinligi yoki mumkin emasligi to‘g‘risidagi xulosa O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli soha mutaxassislari tomonidan bir qancha mezonlar (dori preparatlarining ekvivalentligi, dori shaklining ekvivalentligi, yordamchi moddalari tarkibining ekvivalentligi yoki bir xilligi, yuborish usuli va qo‘llash usulining aynan bir xilligi, dori preparatini ishlab chiqaruvchi korxonaning zarur ishlab chiqarish amaliyoti talablariga muvofiqligi) asosida qabul qilinadi.
Bunda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, farmatsevtika xodimlari tomonidan, birinchi navbatda, mahalliy dori vositalarini xaridorga taklif etish tavsiya etiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter