Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 «Doridan zaharlanish ehtimolini rad etib bo‘lmaydi, lekin aniqlash uchun vaqt kerak» – SSVning Chustdagi rasmiysi

 «Doridan zaharlanish ehtimolini rad etib bo‘lmaydi, lekin aniqlash uchun vaqt kerak» – SSVning Chustdagi rasmiysi

Chustda yuzdan ortiq bolalarning zaharlanishi va shifoxonalarga murojaat qilishi butun O‘zbekistonda vahima uyg‘otdi. Avvalo bu qadar ko‘p bolalarning zaharlanishi qo‘rqitgan bo‘lsa, ikkinchidan mamlakat bo‘ylab yod preparatlarini berilishi boshlangan va ko‘pchilik uni qabul qilishga ham ulgurgandi. Xabar.uz vaziyatga aniqroq baho berish uchun Chustda tashkil etilgan tezkor shtab vakili, Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Otabek Choriyev bilan bog‘landi.

– Otabek Normo‘minovich, ayni paytda nimalar qilinyapti?

– Bu xabar olinishi bilan vazir tomonidan tezkor ishchi guruh tuzildi va zudlik bilan Chust tomon yo‘lga chiqdik. Guruh tarkibida vazirlik xodimlari, malakali infeksionist, epidemiolog va reanimator shifokorlar bor. Shuningdek, guruhga dori vositalari nazorat qiluvchi mutaxassislar ham kiritilgan. Tunda tumanga yetib keldik va vaziyatni atroflicha o‘rgandik.

Umumiy olganda, shifoxonalarga murojaat qilgan bolalar soni chindan ham yuzdan ortiq. Ular subfebril (yengil) harorat va ko‘ngil aynishi, qayt qilish shikoyatlari bilan murojaat qilishyapti. Shukrki, bemor bolajonlar orasida og‘ir ahvoldagilar yo‘q, reanimatsion holatlar haqidagi gap-so‘zlar asossiz.

– Shifoxonalarda joy yetmay qolgani to‘g‘risidagi xabarlarni qanday izohlaysiz?

– Har bir tumanda tibbiy bo‘limlar ma’lum koykalar soniga ega. Bunday favqulodda vaziyatlarda esa zudlik bilan qo‘shimcha o‘rinlar tayyorlanadi. Chustda ham boshqarma tezkorlik bilan boshqa bo‘limlarda o‘rinlar ajratgan, mahalliy hokimiyat karavotlar yetkazdi, ayni paytda bu muammo to‘la bartaraf etilgan.

Nafaqat joy, balki dori-darmonlar va tibbiy vositalar bilan ham to‘la ta’minlangan.

– Zaharlanish sababi hammani qiziqtirishi tabiiy...

– Bu borada hozircha rasmiy javob bera olmayman. Faqat asosiy taxminlarni bildirishim mumkin. Birinchi taxmin – ovqatdan zaharlanish. Bu borada aniq javob olish uchun maktabgacha ta’lim muassasalaridan yeguliklar namunalari olindi va ham mahalliy, ham poytaxtdagi laboratoriyalarga jo‘natildi. Ayni paytda javoblarni kutyapmiz.

Ikkinchi taxmin – dori vositalaridan zaharlanish. Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda ularning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha 5198-qaroriga ko‘ra maktabgacha ta’lim muassasalari yod preparatlari bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan va bu bolalar ham shu preparatlarni qabul qilishgan. Lekin bu dori vositalari butun respublika bo‘yicha tarqatilgan, zaharlanish faqat Chustda kuzatilishi notabiiy. Shu bois bunday preparatlardan ham namunalar olinib, maxsus laboratoriyalarimizga jo‘natildi. Olingan javoblarga ko‘ra alohida ma’lumot beramiz.

Ayni paytda ichki ishlar xodimlari barcha preparatlar va yeguliklarni yig‘ib olgan, bosh prokuratura tergovga qadar tekshiruvlar olib bormoqda.

– Nima bo‘lganda ham yuzlab bolalar zaharlanishi vahima uyg‘otadi. Vazirlik nomidan ota-onalarga nima degan bo‘lardingiz?

– Albatta, xalqimizning hadigini to‘g‘ri tushunish lozim. Ayniqsa, yaqindagina dori vositalaridan zaharlanish bo‘yicha og‘ir holat kuzatilgan bir paytda. Lekin ishoning, Chustdagi holat mutlaqo boshqacha, bolalar o‘tkir zaharlanish bilan murojaat qilishgan va hammasining ahvoli stabil. Kechaning o‘zida 9 nafar, bugun tongda 15 nafar bolalarga javob berildi, kun davomida sog‘ayganlar ko‘rsatkichi ancha oshadi. Ular uylarida ham kuzatuv ostida bo‘lishadi.

Vahimaga yana bir sabab ota-onalar sog‘lom bolalarini ham tekshirishga olib kelishyapti. Ularni ham albatta qabul qilyapmiz. Shifokorlar barchalarini ko‘rikdan o‘tkazib, xotirjam qilib jo‘natishyapti.

O‘z muxbirimiz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring