Dostonga tatigulik umr: partiyadan haydalgan baxshi
U hayotini maktabda o‘tkazdi. Ona-tili va adabiyotidan dars berdi, ko‘p yillar maktab direktori bo‘lib ishladi. 1970 yilgacha kommunistik partiya a’zosi edi. Boshqachasiga bolalarga dars beradigan maskanni boshqara olmasdi. Partiyada bo‘lish shart edi.
Hammasi o‘sha yili o‘zgarib ketdi. Qora Umirovni partiyadan o‘chirishdi, direktorlikdan haydashdi, qo‘shimchasiga maktabda ishlashni ham ta’qiqlab qo‘yishdi. Oxir-oqibat yurti – tug‘ilib o‘sgan Dehqonobodidan bosh olib, Surxonga ketishga majbur bo‘ldi. Sabab – Qora baxshi xalqning to‘y-tomoshasida, umuman, oddiy kunlarida ham doston aytishni to‘xtatmadi. Ota-bobolaridan qolgan san’atini, baxshilikni bir soniyaga bo‘lsin tashlab qo‘ymadi. Partiya a’zosi bo‘ladimi, maktab direktorimi, dostonlarni xalqqa yetkazaverdi. Tunlarni do‘mbira bilan o‘tkazdi. Evazi og‘ir bo‘ldi, jazolandi, sarson-sargardon bo‘ldi.
Qora baxshi Umirov bilan suhbatimiz Surxondaryo viloyatida o‘tayotgan festival oldidan kechdi. 86 yoshli baxshi bu yerga farzandlari, nevara va chevaralari bilan kelgan.
BAXShIChILIK
Esimni taniganimdan beri baxshi eshitaman, yoki o‘zim aytaman. Bolaligimda svet degan narsa bo‘lmagan. Odamlarning yagona ermagi baxshi edi. To‘ylarda tongotar dostonlar aytilardi. Svet bo‘lmagandan keyin, televizor bo‘lmagach odamlar nima qilardi, baxshi eshitadi-da.
Ba’zilar 40 talab dostonni yoddan bilaman, deydi. Bunaqa bo‘lmaydi. Dostonni yodlab bo‘lmaydi. Baxshi joyi kelganda o‘zidan chiqaradi, to‘qiydi. Odamlarni hayajonda ushlab turishni bilishi kerak. Buni yodlab bo‘lmaydi.
Dostonlar odamni tarbiyalaydi. Ularga yaxshilik qilishni, mardlik, jasoratni o‘rgatadi. Baxshi kunduzi aytilmaydi. Buniyam o‘z tarixi bor. Odamlar kunduzi tirikchilik qilgan, mol-holga qaragan, dehqonchilik yuritgan. Tunda doston eshitishgan.
Umrim shu bilan o‘tdi.
TOMOQ QIRIB AYTISh
Baxshida nota yo‘q. Do‘mbirada nota chiqmaydi. Nota yurakda bo‘ladi. Yurakdan chiqadi. Nimaga tomoq qirib aytadi? Bilmadim. Shunaqa aytiladi, tamom-vassalom. Bizda shunday. Masalan, Xorazmda boshqacha aytishadi. U yerda tomoq qirilmaydi, do‘mbira ham yo‘q. Dostonlarni doira bilan aytishadi. Hamma joyning o‘z yo‘li bor.
QIZILLAR
Men ikki davrni ko‘rdim. Qizillar deymizmi, bolshavoylarmi, o‘sha davrda baxshichilikka qarshi katta kurash boshlandi. 50-yillarga kelib baxshichilik tugay boshladi. Baxshilarni qatl qilishdi, otishdi, qamashdi, Sibirga surgun qilishdi. Bunday sharoitda madaniyatimiz, tilimiz saqlanib qolganiga xursand bo‘lishimiz kerak.
Baxshichilikka qarshi eskilik sarqiti, deya kurash olib borishdi. Xurofot, deyishdi. Natijada baxshilarimiz kamayib ketdi. Men 40-yillarni yaxshi eslayman. Har yerda ikki yoki uch baxshi bo‘lardi. Oltmishinchi yillardan keyin umuman kamayib ketdi. Yoshi kattalar o‘tgani sari o‘rnini egallaydiganlar juda kam edi.
Mening yetti urug‘im baxshi o‘tgan. Men ham davom ettirdim. Boshqacha yo‘l tuta olmasdim. Bilib qolishgandan keyin yomon bo‘ldi. 1970 yilda partiyadan haydashdi. Kommunist bo‘la turib, xurofotga qarshi kurashish o‘rniga uni targ‘ib qilyapti, deb ayb qo‘yishdi. Maktabdan ketdim, Tug‘ilgan yurtim Dehqonobodda yashay olmadim. Oxiri Surxondaryoga ko‘chib ketdim.
YaXShI KUNLAR
Boshqalar ham u yoq, bu yoqda jon saqlashdi. Sal qolsa baxshichilik yo‘qolib ketardi. Ming yillardan beri kelayotgan san’atimizni yo‘q qilishardi. Baxtimizga yaxshi kunlar keldi.
80-yillardan hammasi yaxshilana boshladi. 1985-yilda baxshilik festivali o‘tkazildi. O‘shanda men ukam Chori baxshi va o‘g‘lim Nurali baxshi bilan qatnashdim. G‘olib bo‘ldim, O‘zbekiston xalq baxshisi degan nom oldim. Hozir Xudoga shukr, hammasi yaxshi. Yo‘limizni hech kim to‘smaydi. Yuzdan ortiq baxshilar bor. Mana shu festivalda ham 10 shogirdim qatnashyapti. 86 yoshga kirdim. Shunday kunlarni ham ko‘rdik.
Zafar QOSIMOV
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter