«Dunyo ikkinchi Xirosima fojiasiga dosh bermaydi» – Saudiya valiahd shahzodasi
Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va bosh vaziri Muhammad bin Salmon AQShning Fox News telekanaliga bergan intervyusida Isroil va Eron bilan munosabatlarga oydinlik kiritdi.
Muhammad bin Salmon Saudiyaning Isroil bilan munosabatlari normallashuvi tobora yaqinlashayotganini qayd etar ekan, «Biz uchun Falastin masalasi o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Biz (Isroil bilan) ana shu jihatni hal qilib olishimiz kerak», – deb ta’kidlagan.
Siyosiy yetakchiga ko‘ra, agar AQSh prezidenti Jo Bayden Saudiya–Isroil o‘rtasida vositachilik qilsa, «sovuq urush» xotimasidan keyingi davrdagi eng yirik bitim imzolanishi mumkin.
Ayni choqda, mazkur bitim Falastin xalqining mushkuli oson bo‘lishini ham ko‘zda tutadi.
Eron yadro dasturi haqida gapirgan Muhammad bin Salmon Saudiya Arabistoni davlatlarning yadro quroliga ega bo‘lishini xavotirli holat deb hisoblashini urg‘ulagan. Negaki, dunyo ikkinchi Xirosima fojiasiga dosh bera olmaydi, deb hisoblaydi u.
«Bu nomaqbul yurishdir. Agar siz uni qo‘llamoqchi bo‘lsangiz, jahonning qolgan qismi bilan kurashishingizga to‘g‘ri keladi. Sirasini aytganda, yadro quroliga ega bo‘lishning ma’nisi yo‘q, chunki baribir uni qo‘llash amrimahol», – degan Saudiya valiahdi.
U Eron yadro quroliga egalik qilgudek bo‘lsa, podshohlik ham shunday yo‘l tutishiga to‘g‘ri kelishini qayd etgan.
Muhammad bin Salmon Tehron bilan aloqalar yaxshilanayotganini ham mamnuniyat bilan ma’lum qilgan.
Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK+) tomonidan qora oltin qazib olish ko‘rsatkichi qisqartirilishi ortidan ushbu tashkilot, jumladan, Saudiya Arabistoniga Rossiyani dastaklash aybi qo‘yilgan edi.
Saudiya valiahd shahzodasi Fox News sharhlovchisi bilan suhbat davomida ushbu ayblovni rad etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter