Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DXMga ishingiz tushsa....

DXMga ishingiz tushsa....

Davlat xizmatlari markazi dastlab faoliyat boshlaganida turli xil ma’lumotnomalar bilan shug‘ullanuvchi bir xizmat ko‘rsatuvchi odatdagidek tashkilot-da, degan fikrda bo‘lganmiz. Tashkil topganligining bir yilligi nishonlanayotgan kunlari respublika ommaviy axborot vositalari-yu internet tarmoqlari orqali yoritilgan fakt va raqamlar bilan tanisharkanman, aniq yanglishganimni angladim. Nihoyatdayam quvonarli edi ular. Biz o‘ylaganchalik, bir necha xil ma’lumotnomalar berish bilan emas, 116 turdan ziyod davlat xizmati ko‘rsatilayotgani chindan-da hayratlanarli emasmi?

DXMning faoliyatiga bu qadar chuqur qiziqishim bejiz emas. Vazirlar Mahkamasining "Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2017-yil 12-dekabrdagi Prezident Farmoniga muvofiq va "Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori bilan batafsil tanishgach, u yanayam keng quloch otishiga, tag‘in ham takomillashuviga, xizmat ko‘rsatishda miqdordan ko‘ra, samaradorlikka ko‘proq ahamiyat qaratilishiga iqrorligim avvalgidan-da ortdi. Fikrlarimni uzoqdan emas, aynan tumanimiz miqyosidagi misollar bilan asoslashni lozim topdim.

Ko‘p yillik ish stajiga ega o‘qituvchi emasmanmi, hamqishloqlarim, tanish-bilishlar meni ko‘rishsa, qulf sandiqlari ochilib ketadi deng.

Nargiza ismli dugonam xonadoniga tabiiy gaz hisoblagich o‘rnatishi kerak ekan. Shu ish bilan shug‘ullanib yuruvchi jiyaniga uchrabdi. Ishi xamirdan qil sug‘urgandek bitgach, ustani rozi qilib kuzatibdi. Lekin oradan bir oy o‘tmasdanoq MIB nazoratchilari "mijoz tarmoqqa noqonuniy ulangan"ligi haqida dalolatnoma tuzib, dilini xufton qilishibdi.

"Avval DXMga murojaat qilishingiz lozim edi", debdi nazoratchilar.

"Buni bilardim, harna mablag‘im tejalishini o‘ylabman", dermish u.

Yana bir mahalladoshim esa xonadoniga elektr hisoblagich o‘rnatmoqchi ekan. Bu haqda tuman elektr tarmoqlari mutasaddilaridan biriga aytibdi. "Erta-indin" deya ishini 3 oydan so‘ng bitirishibdi. Orada qishloqdan tuman markaziga borish, hojatini chiqarmoqchi bo‘lgan mutaxassisni sarg‘a­yib kutishlar ortiqcha. Va nihoyat ishini bitirishibdi. Endi elektr tarmoqlari idorasiga borib, ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘lsa, avval DXMga borishi lozimligini aytishibdi. Aks holda o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan hisoblagich uchun jarima solinarmish.

"Uch oy sarson-sargardon bo‘lib, bir odamning qosh-qovog‘iga termulguncha DXMga borganimda ishim oson bitarkan-ku", deydi u afsuslanganicha.

Biz azaldan shunga o‘rganib qolganmizda. Qanaqasiga bo‘lsayam ish bitsa, olam guliston edi. Yo‘q, endi unaqa emas. Bir ukamizning aytishicha, uy-joy uchastkasini kadastr qildirish uchun DXMga ariza beribdi. O‘sha kuniyoq tuman kadastr bo‘limidan qo‘ng‘iroq qilishibdi: "DXMga ariza bergan ekansiz. Ertaga uyingizga o‘tamiz" deb.

"Men ertaga Toshkentga ketmoqchi edim", - deya javob qaytaradi murojaatchi fuqaro.

"Ertaga ishingizni bitirmasam, jarima to‘lashimga to‘g‘ri keladi, akajon. Iltimos, ertaga ketmay turing", - debdi kadastrdan qo‘ng‘iroq qilgan mutaxassis yigit.

Ha, hozir xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar DXMning aniq muddati belgilangan topshiriqnomalarini vaqtida bajarish harakatiga tushib qoldilar. Muqaddam bunday emasdi. Bajaruvchini kutardik, orqasidan yugurardik, cho‘ntagiga besh-o‘n so‘m solib qo‘yardik. Unaqa zamon ertakka aylangan bugun.

Bunday savdolar o‘z boshimga ham tushdi. Tadbirkorlik harakati kengayayotganidan quvonib, biz ham rasman "Furqatbek Ahliyor" xususiy korxonasini tashkil etdik. Axir turmush o‘rtog‘im Farxod akam binoyidek qo‘li gul duradgor. Eshik-deraza deysizmi, mebellarmi - hammasini xuddi zavodnikidek yasaydi. O‘g‘illarim Ahliyor, Abdumutal, Farruxbeklarning tomiridan ota qoni oqyapti-yu allaqachon bu ishlarni o‘zlashtirib bo‘lishgan-da. Yiqqan-terganimizni jamladik-da, bankdan imtiyozli kredit ham oldik. Xorijning so‘nggi rusumdagi dastgohlarini xarid qildik. Binomiz esa tayyor.

Ana endi mash-mashalar boshlanganini ko‘ring. Eng katta muammo elektr tarmog‘iga ulanish ekan. Shuncha qilgan ishimiz, sarflagan mablag‘imizu vaqtimiz behuda ketgandek. Tuman elektr tarmoqlari korxonasiga necha bor murojaat qildim. Es-hushimdan ajralayozdim. Qancha vaj-karson, sabab, bahonalar oldida har qanday odam esankirab qolarkan. O‘yladimki, men oliy ma’lumotli, ko‘pni ko‘rgan, esli-hushli, ortida alp qomatli o‘g‘lonlari bor ayolman. Ular ishonchli tirgaklarim, qo‘li gul ustalar. Oddiy, yolg‘iz qo‘l, tadbirkorlikni boshlash uchun sarmoyasi yetarli bo‘lmagan kishilar nima qilsin? Tarmoqqa ulanish uchun allaqancha million so‘m mablag‘ so‘rashdi-ya. Aks holda yangi transformator sotib olishimiz kerakmish. Uni xarid qilmasdan Chust shahriga ketishni rejalashtirdik. Buning uchun joyimiz ham aniq edi. Yo‘q, farzandlarimning g‘ururi yo‘l qo‘ymadi bunga.

Murojaat qilishda davom etdik. Bosh prokuraturadan tumanimizga sayyor qabul uchun kelishdi. Bordim. Lekin bir amaldor tanishim aralashuvi bilan qabulga kirmadim. Elektr tarmog‘i boshlig‘i ishimni bitirishga qat’iy va’da berdi. Ishondim. Xom sut emgan banda, tag‘in aldanibman.

So‘nggi umid sifatida tuman DXMga kirdim. Direktor Kamoliddin Turdaliyev arzimni tinglayotgandi, viloyatdagi rahbarlardan biri qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Uzr so‘ragan holda telefon go‘shagini oldi. Suhbatlashayotgan  paytida jamoa a’zolarining ishlarini zimdan kuzatdim. Baxtiyor Abdurahmonov, Bahodir Mamatqulov, Abdumalik Abdurahmonov, Uchqun Abdurahimov kabi xodimlar burchlarini sid­qidildan ado etishayotgani, fuqarolarga ochiq chehra bilan boqib, murojaatlariga yarasha jo‘yali javoblar qaytarishayotgani, zarur huquqiy maslahatlar berishayotgani menda iliq taassurot qoldirdi. Jamoaga vazifasini chuqur anglaydigan, halolu pok xodimlar jamlanganiga amin bo‘ldim.

- Diqqat bo‘lmang, opa, - dedi u gaplashib bo‘lgach, telefon go‘shagini qo‘yarkan qat’iy ohangda. - Ishingiz, albatta, bitadi...

Aytganicha bo‘ldi. Ikki kun o‘tmasdan tarmoqqa ulandik. Buning uchun million-million pul ham sarflamadik, transformator ham sotib olmadik. Hatto yugurmadik ham. Bor ekan-ku haqiqat, bor ekanku tadbirkorni haqiqiy qo‘llovchilar. Bejizga bu tashkilotni "Davlat xizmatlari" deb atashmagan ekan-da. Buning uchun muhtaram Prezidentimizga, xalqimizga jonimiz chiqquncha fidoyilik ko‘rsatib xizmat qilsak arziydi. Jamiyatimizdagi ayrim byurokrat, ta’magir, va’daboz rahbaru mutaxassislarga ham bir kun insof kirib qolar.

Aytgancha, safimiz Xoldorali, Bekzodbek, Bahodir singari yosh, iqtidorli duradgorlar bilan kengayib borayapti. Ularni 30 nafarga yetkazmoqchimiz.

Gulnora Dehqonova,

“Furqatbek Ahliyor" xususiy korxonasi

ish yurituvchisi, pedagog.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring