DXX qator mansabdor shaxslarni qo‘lga oldi
Namangan viloyati tumanlaridan birining fermerlar kengashi raisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga tumandagi mashina traktor parkining 30 sotix yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Jizzax viloyatidagi tumanlardan birining arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i tanlov savdolarini o‘tkazish bo‘yicha viloyat komissiyasi bayonnomasiga asosan tanlov g‘olibi deb topilgan xususiy korxonaga savdo do‘koni qurishi uchun ajratilgan 56 kv.m yer maydonida tegishli ishlarni amalga oshirishda zarur bo‘ladigan hujjatlarni tayyorlashda yordam berish evaziga korxona rahbaridan 3 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan puldan 2 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda O‘rtachirchiq tumanidagi fermer xo‘jalik rahbari mazkur xo‘jalikning 80 sotix sug‘oriladigan yer maydonini hokimiyat va kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 320 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.
Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1971 y.t. fuqaro ham o‘zganing ishonchiga kirib, “Amuzang” irrigatsiya tizimlari boshqarmasi balansida bo‘lgan 70 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 100 mln. so‘m talab qilib, 6 ming AQSh dollari va 32 mln. so‘m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter