DXX prokuratura,sud xodimi va advokatni qo‘lga oldi
Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat prokuraturasi noziri firibgarlik yo‘li bilan mahalliy fuqarodan 10 mln. so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Aniqlanishicha, nozir o‘zining tanishlari imkoniyatlari orqali uni Navoiy shahar hokimligi uy-joy va yotoqxonalardan foydalanish boshqarmasi tasarrufidagi yotoqxonalardan biriga navbatsiz joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Do‘stlik tuman sudining xodimi esa Sharof Rashidov tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs bilan birga, Jizzax shahrida yashovchi fuqaroning nikohdan ajratish haqidagi da’vosini fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ishlaydigan tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 4 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 2 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida DXX va prokuratura xodimlari tomonidan ushlandi.
Muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan Guliston shahridagi Advokatlar hay’ati advokati 2021 yilda mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga bankdan 240 ming AQSh dollari miqdorida kredit ajratilishida yordam berganligi uchun xizmati evaziga uning rahbaridan 12 ming AQSh dollari olgan.
Biroq, bank tomonidan olib borilgan monitoring jarayonida mas’uliyati cheklangan jamiyat kredit mablag‘ini maqsadsiz ishlatganligi aniqlanib, prokuratura organlari tomonidan uning rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda advokat muqaddam olgan 12 ming AQSh dollaridan 1000 AQSh dollarini MChJ rahbariga qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda IIB hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Milliy Gvardiyaning Samarqand viloyat Qo‘riqlash boshqarmasi Ishtixon tumanlararo qo‘riqlash bo‘limida qorovul lavozimida ishlovchi shaxs o‘zining qarindoshiga muqaddam hokimlik tomonidan bog‘dorchilik qilish uchun berilgan 70 sotix yer maydonini xaridorga 175 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 100 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-(Firibgarlik) va 211-(Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter