DXX uyushma raisi, yuristkonsult va qamoqxona mahkumini qo‘lga oldi
DXX tezkor tadbirlarda bir qancha shaxslarni qo‘lga oldi. Ular ichida qamoqxona mahkumi, uyushma raisi va yuristkonsult ham bor.
Toshkent shahrida yashovchi, 1970-y.t. va Jizzax shahrida yashovchi, 1971-y.t. 2 nafar shaxs o‘zaro kelishgan holda, qurilish firmasi rahbariga, o‘zlarining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanidagi 72,5 mlrd. so‘mlik ichimlik suvi tarmog‘ini tortish loyihasini tender savdolarisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib berishni va’da qilib, evaziga ob’yekt qiymatining 6 foizini, ya’ni 4 mlrd. 350 mln. so‘m talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, ular so‘ralgan pul mablag‘idan 29 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur noqonuniy ishga Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida joylashgan, IIV huzuridagi 44-sonli manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumning aloqadorligi aniqlanib, yuqoridagi pul mablag‘idan 28500 AQSh dollarini olgan vaqtida u ham qo‘lga olindi.
Boshqa holatda esa Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanidagi bog‘dorchilik va polizchilikka ixtisoslashgan uyushma raisi hamda Davlat kadastrlar palatasi Uchko‘prik tuman filialining sobiq mutaxassisi hisoblangan, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlari uchun bir necha marotaba sudlangan shaxs o‘zaro kelishgan holda, mazkur uyushma balansidagi 10 sotix yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib, kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 12600 AQSh dollari talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qarshi davlat universitetining yuriskonsulti Koson tumanida yashovchi, 1991-y.t. fuqaroning Qozog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalaridan birida o‘qiyotganligi to‘g‘risida soxta hujjatlar tayyorlab, o‘qishini Qarshi davlat universitetining tibbiyot fakultetiga ko‘chirib berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qiladi.
Lekin, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Qarshi shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘idan 8 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter