Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YeI O‘zbekistonda davlat xizmatlarini takomillashtirishga 5 mln yevro ajratdi

YeI O‘zbekistonda davlat xizmatlarini takomillashtirishga 5 mln yevro ajratdi

O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirishga qaratilgan loyiha ishga tushirildi. Bu haqda YeIning mamlakatimizdagi delegatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Umumiy qiymati 4,9 mln yevrolik loyihada BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Adliya vazirligi asosiy hamkor hisoblanadi.

Mamlakatda, ayniqsa, qishloq joylarda va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining davlat xizmatlaridan foydalanishini soddalashtirish, raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan loyiha 2019-2024 yillarda amalga oshirilgan “Qishloq joylarda davlat xizmatlarini yaxshilash va boshqaruv tizimini takomillashtirish” loyihasining muvaffaqiyatli natijalariga asoslanadi.

“Ushbu tashabbus davlat xizmatlarini inson manfaatlari markaziga qo‘ygan holda tubdan o‘zgartiradi. Davlat institutlarini samarali va inklyuziv etib shakllantirish orqali biz, eng avvalo, chekka hududlarda yashovchi aholining hayot sifatini yaxshilaymiz”, – deydi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii xonim.

Adliya vaziri Akbar Toshqulov ta’kidicha, “Bu tashabbus Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining ajralmas qismidir. Uning maqsadi – fuqarolarga tezkor, shaffof va arzon xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlashdir. Asosiy prinsip – hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik”.

“Yaqinda Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo birinchi sammiti yakunlariga ko‘ra, biz ushbu yangi tashabbus umumiy ustuvorliklarimiz – raqamlashtirishni rivojlantirish, boshqaruv tizimini mustahkamlash va davlat xizmatlarining yanada qulayroq, samaraliroq va har bir O‘zbekiston fuqarosining ehtiyojlariga javob berishini ta’minlashiga ishonamiz”, – deydi YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi birinchi maslahatchisi va hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riyepma.

Loyiha davlat xizmatlarini ko‘rsatish milliy tizimining bek-ofisini tashkil etuvchi institutsional, huquqiy va me’yoriy asoslarini takomillashtirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda bek-ofislar salohiyatini oshirib, ularning milliy, mintaqaviy va mahalliy darajada samarali faoliyatini ta’minlash, bek-ofislarning raqamli va foydalanuvchiga yo‘naltirilgan transformatsiyasini amalga oshirish hamda hududiy va mahalliy bek-ofislarning tezkorligi, hisobdorligi va samarali ishlashini ta’minlash uchun mahalliy boshqaruv tizimini o‘zgartirish kabi to‘rtstrategik yo‘nalishni qamraydi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, 2029 yil yakunida loyiha doirasida 11 ta bek-ofis muassasasining funksional tahlili o‘tkaziladi, 1000 nafar davlat xizmatchisi inklyuziv va foydalanuvchilarga yo‘naltirilgan xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitiladi, kamida 35 ta davlat xizmati raqamli transformatsiya qilinadi, mamlakat bo‘ylab 34 ta yangi davlat xizmatlari burchaklari tashkil etiladi.
Ushbu keng qamrovli dastur fuqarolarning davlat xizmatlaridan samarali, shaffof va inklyuzivfoydalanish imkoniyatlarini oshirishi kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring