Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevroittifoq: “Ukraina xalqi o‘z kelajagini o‘zi belgilashga haqli”

Yevroittifoq: “Ukraina xalqi o‘z kelajagini o‘zi belgilashga haqli”

AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp hamda Vladimir Putinning uchrashuvi arafasida Yevropa Ittifoqi yetakchilarining Ukrainaga oid bayonoti e’lon qilindi.

“Biz – Yevropa Ittifoqi yetakchilari, prezident Trampning Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushini to‘xtatish hamda Ukraina uchun adolatli, mustahkam tinchlik hamda barqarorlikka erishishga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishlaymiz. Barqarorlik va xavfsizlikni ta’min etuvchi adolatli, mustahkam tinchlik xalqaro huquq, jumladan, mustaqillik, suverenitet, hududiy yaxlitlik va xalqaro tan olingan chegaralarni kuch bilan o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaslik kabi tamoyillarga rioya etishga asoslanmog‘i lozim”, – deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, Ukraina xalqi o‘z kelajagini o‘zi belgilash borasida erkin tanlovga ega bo‘lishi shart.

“Ukrainada tinchlikka erishish yo‘li Ukrainasiz hal etilishi mumkin emas. Konstruktiv muzokaralar o‘t ochishni to‘xtatish yoki jangovar harakatlarni qisqartirish sharoitidagina o‘tishi mumkin. Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi Yevropa va xalqaro xavfsizlik uchun yanada keng oqibatlarni keltirib chiqaradi. Biz diplomatik yechim Ukraina va Yevropa xavfsizligiga oid hayot-mamot manfaatlarini himoya qilishi lozim degan ishonchda sobitmiz”, – deb hisoblaydi YeI yetakchilari.

Qayd etilishicha, YeI AQSh hamda hammaslak hamkorlar bilan birgalikda Ukraina o‘zini mudofaa etish huquqini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishi yo‘lida Kiyevga siyosiy, moliyaviy, iqtisodiy, gumanitar, harbiy va diplomatik ko‘mak ko‘rsatishda davom etadi. Bryussel, shuningdek, Rossiya Federatsiyasiga qarshi cheklov choralarini ham to‘xtatmaydi.

Ukrainaning samarali mudofaa qobiliyati kelajakdagi har qanday xavfsizlik kafolatining ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi.

“Yevropa Ittifoqi Ukrainaning o‘z taqdirini o‘zi tanlashdek ajralmas huquqini e’tirof etgan holda, YeIga a’zolik yo‘lida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ham ma’lum qiladi”, – deyiladi bayonotda.

Avval xabar berganimizdek, AQSh prezidenti D.Tramp hamkasbi V.Putin bilan 15 avgust kuni Alyaskada uchrashishi kutilmoqda. Ushbu uchrashuvda asosan Ukrainada urushni to‘xtatish masalasi muhokama etiladi.

Ma’lumot o‘rnida: Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas kuni kecha Bi-bi-siga bergan intervyusida Ukraina taqdiriga doir har qanday bitim Kiyev ishtirokidagina tuzilishi mumkinligini ta’kidladi.

YeI bosh diplomati fikricha, muzokaralarda hududiy yon berish Putin va u kabi harbiy kuch ishlatish tarafdorlarini ilhomlantiradi, xolos.

“Shubhasiz, bosqinchini bosqinchilik harakati uchun mukofotlab bo‘lmaydi. Aks holda, butun dunyo bo‘ylab bosqinchilikning avj olishiga guvoh bo‘lamiz”, – deb ogohlantirdi K.Kallas.

Avvalroq YeIning O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar ham Ukraina faqat o‘z suvereniteti uchun emas, balki hududiy yaxlitlik, xalqaro huquq va tinchlik uchun kurashayotgani, binobarin, Ukrainaga oid biror bir qaror Ukrainasiz hamda Yevropasiz qabul qilinmasligi kerakligini ta’kidlagandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring