Ekologik loyihalarning situatsion xaritalarini tasdiqlashning elektron mexanizmi joriy etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq atrof-muhitga ta’sirni baholash sohasini raqamlashtirish va shaffof tizim yaratilishi belgilangan.
Unga ko‘ra, Ekologiya vazirining tegishli buyrug‘i bilan rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan faoliyatning atrof-muhitga ta’sirini baholash uchun taqdim etiladigan loyihalarning situatsion xaritalarini tasdiqlash mexanizmi joriy etildi.
Ekologik ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim qilingan situatsion xaritalarning ishonchli va aniq asoslangan ma’lumotlar asosida kiritilishini ta’minlash, shuningdek, ularni Ekologiya vazirligi hududiy boshqarmalarining mas’ul xodimlari tomonidan tasdiqlash jarayonlarini tartibga solish maqsadida amalga oshirililishi ko‘zda tutilgan.
Buyurtmachi tomonidan loyiha hujjatlari Davlat ekologik ekspertizasi markazining eco-service.uz dasturi orqali elektron kiritilgandan so‘ng ariza shakllantiradi hamda dastur orqali avtomatik tarzda tuman (shahar) inspeksiya bo‘lim boshlig‘i va mas’ul inspektorlarning profiliga yuboriladi.
Tuman (shahar) ekologik inspeksiya bo‘limi boshlig‘i va inspektorlari eco-service.uz dasturiga elektron raqamli imzosi orqali kirishadi va situatsion xaritalarni ko‘rib chiqadi. Inspektorlar situatsion xaritadagi belgilangan ob’yekt joylashgan hududga chiqib, ob’yektning geografik koordinatalari, rekreatsiya zonalari, aholi yashash joylari, suv va gaz quvurlari kabi ma’lumotlar situation xaritaga mos kelishini tekshiradi.
Agar barcha ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lsa, situatsion xaritani tasdiqlaydi va tizim ushbu arizani Davlat ekologik ekspertizasi markaziga yuboradi. Agar tekshiruv vaqtida kamchiliklar aniqlansa, situatsion xarita inspektorlar tomonidan rad etiladi.
Inspektorlar tomonidan situatsion xaritalar quyidagi muddatlarda ko‘rib chiqadi hamda tasdiqlaydi:
— atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I-toifasiga mansub ob’yektlarning situatsion xaritalari 10 ish kunida;
— atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning II-toifasiga mansub ob’yektlarning situatsion xaritalari 7 ish kunida;
— atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning III-toifasiga mansub ob’yektlarning vaziyat xaritalari 5 ish kunida;
— atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning IV-toifasiga mansub ob’yektlarning vaziyat xaritalari 3 ish kunida.
Ekologik nazorat inspeksiyasi tuman (shahar) inspeksiya bo‘lim boshlig‘i va mas’ul inspektorlari tomonidan «situatsion xaritalar» tasdiqlanganidan so‘ng buyurtmachining arizasi Davlat ekologik ekspertizasi markazi ma’sul xodimiga kelib tushadi hamda keyingi ekologik ekspertiza ishlari olib boriladi.
Ma’lumot uchun, ilgari bu jarayon tadbirkorlik sub’yektlari uchun ancha murakkab bo‘lgan va ko‘p vaqt talab qilgan, chunki loyihalarning barcha hujjatlari qog‘ozda tayyorlanib, tegishli idoralarga qo‘lda topshirilishi kerak edi. Bu holat qator muammolarni keltirib chiqargan, jumladan, ovoragarchilik, tezkorlikning yo‘qligi, hujjatlarni kuzatishdagi qiyinchiliklar, resurslarning ko‘p sarflanishi. Hujjatlar endi elektron shaklda taqdim etiladi, bu esa jarayonni sezilarli darajada soddalashtirib, vaqtni tejaydi va ovoragarchiliklarni kamaytiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter