Ektor Kuper JCh-2022 saralashidagi raqiblar haqida qanday fikrda?
Bugun Malayziya poytaxti Kuala Lumpurda joylashgan Osiyo futbol konfederatsiyasi bosh qarorgohida Jahon chempionati-2022 hamda Osiyo kubogi-2023 musobaqalari ikkinchi saralash bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ikkinchi saralash bosqichining «D» guruhidan o‘rin oldi. Guruhda terma jamoamizga Saudiya Arabistoni, Falastin, Yaman hamda Singapur termalari raqiblik qiladi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper O‘FA rasmiy saytiga qur’a haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Qur’a qanday jamoalarni taqdim etishini oldindan tahmin qilib bo‘lmaydi. Shu sababdan har qanday raqib bilan to‘qnash kelishga tayyor turish lozim bo‘ladi. Jahon chempionati saralashi ikkinchi bosqichi qur’asi bizga taqdim etgan raqiblarning barchasi o‘ziga yarasha kuchli jihatlarga ega ekanini ta’kidlay olaman. Hech bir raqibga bepisandlik bilan qarab bo‘lmaydi. Guruhimizdan o‘rin olgan har bir raqibni hurmat qilgan holda uchrashuvlarga hozirlik ko‘ramiz. O‘zbekiston terma jamoasi barcha uchrashuvlarda mazmunli o‘yin namoyish etib, yakunda kelasi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun maydonga tushadi, — dedi mutaxassis.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter