Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi bank ilovalariga begona kartani ulab bo‘lmaydi

Endi bank ilovalariga begona kartani ulab bo‘lmaydi

Foto: «Xabar.uz»

Kredit va to‘lov tashkilotlari, shuningdek to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot hamda kiberxavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan yangi talablar joriy etildi.

Unga ko‘ra, mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi akkauntiga faqat o‘zi yoki yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan bank hisobvarag‘i, bank kartasi va elektron hamyonlarni biriktirish hamda ushbu akkaunt orqali P2P o‘tkazmalarini amalga oshirish mumkin.

Shuningdek, foydalanuvchining telefon raqami va JShShIRi mosligi tekshiriladi. Agar moslik aniqlanmasa, mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tish va bank kartasini biriktirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Kredit va to‘lov tashkilotlari foydalanuvchilarni biometrik identifikatsiyadan o‘tkazishda hayotiylik faktorlarini aniqlashi shart. Ya’ni, rasm orqali identifikatsiya qilishga ruxsat berilmaydi.

Bundan tashqari, telefonga yuborilgan bir martalik SMS-kod 3 marta noto‘g‘ri kiritilsa, foydalanuvchining mobil ilovadagi harakatlari 15 daqiqaga vaqtincha cheklanadi.

Mobil ilovadagi akkauntga boshqa qurilmadan kirish yoki parolni qayta tiklash holatida, akkauntga bog‘langan barcha bank kartalari avtomatik tarzda mobil ilovadan chiqarib yuboriladi hamda ushbu qurilmadagi moliyaviy operatsiyalar tarixi o‘chiriladi.

Qayd etilishicha, bank kartalarini qaytadan biriktirish majburiy biometrik identifikatsiyadan o‘tgan holda amalga oshiriladi.

Avvalroq onlayn kredit firibgarligi qurbonlaridan qarz undirish to‘xtatilishi xabar qilingandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring