Endi har oyning ikkinchi shanba va yakshanbasi «sayohat kunlari» etib belgilandi

Mamlakatda turizm sohasini iqtisodiyotning muhim strategik tarmog‘i sifatida yanada rivojlantirish, sayyohlar oqimini keskin oshirish, yangi turizm ob’ektlarini tashkil etish, sohadagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda mavjud ish o‘rinlarini saqlab qolish maqsadida Prezidentning «2025–2026 yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-87-son Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2025-yil yakuniga qadar turizm sohasining asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- respublika hududlariga 15,8 mln nafar xorijiy turistlarning safarlarini tashkil etish, turizm xizmatlari eksportini 4 mlrd AQSh dollariga yetkazish;
- ichki turizmni rivojlantirish hisobiga 40 mln ta mahalliy sayyohlarning hududlarga safarlarini tashkil etish, qo‘shimcha 378 ta turoperator faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
2025-yil 1-iyundan Bahrayn Qirolligi, Quvayt Davlati va O‘mon Sultonligi fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilanadi.
2025-yildan har yili 30 noyabrga qadar kelgusi yil turizmni rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqiladi.
2025-yildan har yili noyabr oyining 3-haftasida Xalqaro turizm haftaligi tashkil etiladi.
2025-yil iyun oyidan «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturini amalga oshirish uchun har oy 2-haftasining shanba va yakshanba kunlari «Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni» etib belgilanadi.
Respublika miqyosida yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan sport musobaqalari g‘oliblari qo‘shimcha ravishda «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat» yo‘llanmasi bilan taqdirlanishi belgilandi.
2027-yil 1-yanvargacha tadbirkorlar tomonidan modulli mehmonxonani qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun kamida 10 ta moduldan iborat bo‘lgan modulli mehmonxonalar uchun quyidagi miqdorlarda 1 martalik subsidiya ajratiladi:
- I toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun – 10 mln so‘m;
- II toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun – 7 mln so‘m;
- III toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun – 5 mln so‘m.
2028-yil 1-yanvargacha tibbiy turizm klasterlarining turizm yo‘nalishidagi xodimlari malakasini oshirish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
2030 yil 1 yanvargacha tibbiy turizm klasterlarining xizmatlari xalqaro turizm va tibbiyot yarmarkalari hamda ko‘rgazmalarida targ‘ib qilinadi.
2025 yil 1 iyundan turizm sohasiga oid barcha davlat elektron tizim va platformalari Milliy turizm yagona platformasi doirasida ishlab chiqiladi.
2025 yil yakuniga qadar Samarqand shahrida «Ipak yo‘lida turizm» tematik ofisi tashkil etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter