Endi haydovchilar YTHda aybdor tomonning sug‘urta kompaniyasidan to‘lov undirish uchun murojaat qilishi mumkin
O‘zbekistonda elektron tijorat va sug‘urta sohasini huquqiy tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan qonun qabul qilindi. 22 iyun kuni qabul qilingan hujjat bilan 10 ta qonun hujjatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yangi tartibga ko‘ra, elektron tijorat platformalari faoliyati bo‘yicha vakolatli davlat organini xabardor qilishi va soddalashtirilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tishi belgilandi.
Sug‘urta sohasida esa iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari kuchaytirildi. Xususan, sug‘urta polisini qog‘oz shaklida rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilindi.
Shuningdek, transport vositasidan cheklanmagan tarzda foydalanish uchun rasmiylashtiriladigan majburiy sug‘urta polisida avtomobil egasi, umumiy mulkdori va uning yaqin qarindoshlarini alohida ko‘rsatish talab etilmaydi. Ularning fuqarolik javobgarligi avtomatik ravishda sug‘urtalangan hisoblanadi.
Bundan tashqari, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda haydovchilar endi o‘z tanloviga ko‘ra, aybdor tomonning sug‘urta kompaniyasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sug‘urta to‘lovini olish uchun murojaat qilishi mumkin.
Qonun bilan sug‘urta kompaniyalarining foydasini taqsimlashga ham ayrim cheklovlar joriy etildi. Xususan, prudensial normativlar buzilgan yoki kompaniyada to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari mavjud bo‘lgan hollarda foydani taqsimlash taqiqlanadi.
Shu bilan birga, sug‘urtalovchilar iste’molchiga sug‘urta xizmati, uning shartlari, narxi, sug‘urta to‘lovi miqdori, shuningdek xizmatning afzallik va kamchiliklari haqida to‘liq ma’lumot taqdim etishi majburiy etib belgilandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter