Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi jismoniy tarbiya va sport mutaxassislari uch yilda oliy ma’lumotli bo‘lishadi

Endi jismoniy tarbiya va sport mutaxassislari uch yilda oliy ma’lumotli bo‘lishadi

«2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori bilan sport sohasida oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash jarayonini optimallashtirish maqsadida «Sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha)» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati uch yil etib belgilandi.

Ma’lumot uchun, bungacha O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavriat ta’lim yo‘nalishida o‘qish muddati to‘rt yil edi.

Sport faoliyati ta’lim yo‘nalishida o‘qish muddatining bir yilga qisqartirilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–5924-sonli farmonida belgilab berilgan, 2025 yilgacha davlat sport ta’limi muassasalarida trener va mutaxassislarning sifat tarkibi, xususan oliy ma’lumotli xodimlar sonini bosqichma-bosqich 80 foizgacha yetkazish borasidagi vazifani bajarishda qo‘l keladi.

Shuningdek, «2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga muvofiq 2020/2021 o‘quv yili uchun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga 1 300 nafar talaba o‘qishga qabul qilinishi belgilangan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga ko‘p demakdir.

Eslatib o‘tamiz, pandemiya sababli 2020/2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari optimallashtirildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti abituriyentlari joriy yilda kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ikkita yo‘nalishda imtihon topshiradi. Shuningdek, kasbiy (ijodiy)+test shaklidagi ta’lim yo‘nalishlarida esa abituriyentlar avvalgidek ikkita emas, balki bitta yo‘nalishda ijodiy imtihondan o‘tishadi.

Prezident qarori bilan, 2020/2021 o‘quv yili uchun qabul jarayoni 2020 yil 20 iyundan 20 iyulgacha davom etishi belgilangan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring