Endi korrupsiya «yopiq» mavzu emas – ortga qaytish yo‘q!

Prezidentimizning korrupsiyaga qarshi kurash mavzusidagi nutqidan davlatning ochiqlik siyosati va so‘z erkinligi g‘oyalariga sadoqati o‘zgarmas, sobit va ortga qaytmasligini angladim.
Ilgari korrupsiya barcha uchun «noqulay» mavzu hisoblanardi. Bugun esa vaziyat mutlaqo o‘zgardi. Muammolarni ochiq muhokama qilish, ularni hal etish uchun takliflar berish oddiy holga aylanib bormoqda.
Davlat rahbari ochiqlik siyosatiga, so‘z erkinligiga sodiq qolishini qat’iy ta’kidlayotgani – juda muhim siyosiy signal. Jamiyat uchun ham, jurnalistlar, fuqarolik faollari, blogerlar uchun ham katta imkoniyat.
O‘zbekiston uchun Ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytingda 138 pog‘onaga yuqorilab, 30-o‘ringa ko‘tarilish va Markaziy Osiyoda birinchi o‘ringa chiqish – bu shunchaki raqam emas, balki katta o‘zgarishlar natijasi.
Bir vaqtlar davlat idoralaridan ma’lumot olish o‘ta murakkab jarayon edi, ko‘p hollarda imkonsiz ham edi. Bugun esa "ochiq ma’lumotlar" degan tushuncha hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.
Bu, albatta, oson bo‘lmadi. Mamlakatdagi har bir islohot, jamoatchilik nazorati, jurnalistlar va faollarning kuchi bu jarayonni olg‘a siljitdi. Odamlar davlat idoralari faoliyati ustidan savol berishga, tahlil qilishga, tanqid qilishga o‘rganyapti. Eng muhimi, bu tanqidlar eshitilyapti va kerakli javob topmoqda.
Bu natijalar – birgalikda qilgan ishimiz samarasi. Endi eng asosiysi – ortga qaytmaslik. Reytingda birinchi bo‘lishdan ko‘ra, shu darajada qolish va uni yanada oshirish muhimroq. Ochiqlik va so‘z erkinligi yo‘lidan og‘ishmasak, faqat muvaffaqiyat qozonamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter