Endi migrantlar Sankt-Peterburgda kurerlik qilolmaydi

Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov xorijliklar kurerlik qilishini taqiqlovchi qarorni imzoladi, deb xabar berdi shahar hukumati axborot boshqarmasi.
«Qaror yashirin bandlikka qarshi kurashish, kurerlik sohasida xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish, shuningdek, Rossiya fuqarolari, birinchi navbatda, yoshlar va talabalar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan», — deyiladi rasmiylar bayonotida.
Qaror yetkazmalar bozoriga salbiy ta’sir qilmaydi, chunki bu sohada ishlayotgan chet elliklar ko‘p emas, deyishmoqda shahar kattalari.
Raqamlarda esa manzara o‘zgacha: Petrostat rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, Sankt-Peterburgda 2025-yil boshida kurerlik bilan bandlar soni 14,8 ming nafarga yetgan. Sankt-Peterburg mehnat va aholi bandligi qo‘mitasi statistikasiga ko‘ra, shimoliy poytaxtda migrant-kurerlar soni 2023-yilda — 2 467 nafar, 2024-yilda — 3 635 nafarni tashkil etgan. Agar shu o‘sish saqlangan bo‘lsa, Peterburgdagi kurerlarning kamida har uchinchisi migrant bo‘lib chiqadi.
Alohida ta’kidlanadigan va hech kimga sir bo‘lmagan jihat shuki, Rossiyada, ayniqsa, yirik shaharlarida kurerlik eng yaxshi haq to‘lanadigan sohalardan biriga aylangan.
Shahar hokimi ish beruvchilarga «kadrlar siyosatini o‘zgartirish» uchun uch oy muddat berdi.
Beglov o‘tgan oy oxirida migrantlarga Peterburgda taksichilik qilishni taqiqlagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter