Energetika vazirligiga mavsumiy «limit»lar muddatini o‘zgartirish vakolati berildi

Endi ijtimoiy normaning isitish va boshqa mavsumlardagi amal qilish muddati o‘zgarishi mumkin. Bu bo‘yicha 28-fevral kuni hukumat qarori qabul qilingan.
Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining 2024-yilning 16-apreldagi aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gazning bir oylik iste’moliga bazaviy me’yor belgilashga qaratilgan tegishli qaroriga o‘zgartirish kiritildi.
Xususan, havo haroratidan kelib chiqib, Energetika vazirligiga mazkur bazaviy me’yorlarning isitish va boshqa mavsumlardagi amal qilish muddatlariga o‘zgartirish kiritish vakolati berildi.
Bunda tegishli o‘zgartirishlar Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda kiritilishi mumkin.
Shuningdek, vazirlik, «Hududiy elektr tarmoqlari» va «Hududgazta’minot» ijtimoiy normalarning amal qilish muddatlariga kiritilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida o‘zining rasmiy veb-sayti va OAV orqali e’lon qiladi.
Qarorning bajarilishini nazorat qilish bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov zimmasiga yuklatildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter