Eng ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘layotgan o‘quv markazlari ro‘yxati shakllantirildi
Raqobat qo‘mitasi nodavlat ta’lim xizmatlari sohasida iste’molchi murojaatlari bo‘yicha monitoring yuritib, kelib tushayotgan e’tirozlar yuzasidan o‘rganishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 2024-2025 yillar davomida nodavlat ta’lim xizmatlari bo‘yicha 1,2 mingga yaqin murojaat qabul qilingan. Ularning asosiy qismi
- «NEWTON ACADEMY», «NewTone school»;
- «MyTeacher» onlayn ingliz tili kursi;
- «Prep .uz» onlayn rus tili kursi;
- «Badavlat ayol» loyihasi;
- «Qadam Education» o‘quv markazi;
- «Lerna», «Skillbox», «Geekbrains»;
- «Interno Edu» MChJ;
- «Englify» MChJ;
- «Niyat Education»;
- «Sevenedu» onlayn til markazi kabi o‘quv markazlari va onlayn ta’lim platformalari faoliyatiga taalluqli ekani aniqlangan.
«Murojaatlar tahliliga ko‘ra, qator nodavlat ta’lim xizmatlarida ta’lim sifati qoniqarsizligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirilishi, shartnoma shartlari va pulni qaytarish tartibi bo‘yicha yetarli ma’lumot berilmasligi kabi holatlar kuzatilmoqda», – deyiladi rasmiy ma’lumotda.
Qo‘mita yuqoridagi kabi ta’lim markazlarini qonunchilikka, litsenziya talablariga, shu jumladan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etishga chaqirib, har qanday huquqbuzarlik uchun javobgarlik nazarda tutilganligini eslatmoqda.
Shuningdek, aholini nodavlat ta’lim xizmatlaridan foydalanishda xizmat ko‘rsatuvchining faoliyati, litsenziyasi va ruxsatnomalarini oldindan tekshirish, shartnoma shartlari, ayniqsa to‘lov va pulni qaytarish tartibini diqqat bilan o‘rganish zarurligi haqida ogohlantirmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter