«Erkin kurashchi bo‘lishim ham mumkin edi»

Fazliddin G‘oibnazarov
Boks bo‘yicha Rio-2016 Olimpiadasi g‘olibi Fazliddin G‘oibnazarov o‘z faoliyatini professional boksda davom ettirayotganini bilasiz. U shu vaqtgacha 3 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan va bittasida nokaut qayd etgan.
Hozirda yurtimizda bo‘lib turgan bokschi «SPORTS.uz» internet axborot portaliga intervyu berdi.
G‘oibnazarov boksdagi ilk qadamlari, ustozlari, muvaffaqiyatlar hamda professional boksga o‘tish qarori haqida so‘zlab bergan.
Aslida men kurashchi bo‘lib ketishim mumkin edi, biroq o‘sha vaqtda o‘qish vaqti mashg‘ulotlarga to‘g‘ri kelmagan. Darslar asosan tushdan keyin bo‘lardi. Kunlarning birida sinfdoshim Doston meni o‘zi qatnab kelayotgan boks to‘garagiga taklif qildi. Birga bordik. Barchasi shundan boshlandi. Endi bu hayotim mazmuniga aylanib ulgurdi. Bunda birinchi ustozlarim Abror Tursunpo‘latov, Nodir G‘ulomov, Olim Muhammedovning ham xizmatlari beqiyos.
Fazliddin G‘oibnazarov
Bokschi nima uchun professional boksga o‘tganini quyidagicha izohlagan:
— Anchadan beri professional boksga qiziqaman. Bu yerda yanada ko‘proq natijalarni qayd etishni istayman. Asosiy sabab shu. Uning farqiga kelsak, birgina qo‘lga taqiladigan qo‘lqoplari bilan ham ajralib turadi. Professional boksda sportchi bitta raqibga qarshi tayyorgarlik ko‘radi. Havaskorda esa umuman boshqacha – bir nechta raqib bilan uchrashish kerak. Shu jihati bilan buni professional boksdan qiyinroq deb o‘ylayman. Raqiblar qanday taktikada tushishi, chapaqaymi yoki aksincha, bilmaymiz. Xullas juda ko‘p mashaqqat talab qiladi. Professionalda esa garchi bitta raqib bo‘lsa-da, natijasi butun faoliyatga katta ta’sir o‘tkazadi.
Professional boksdagi birinchi jangimda Viktor Vaskes ismli bokchi bilan kuch sinashdim. U menga qaraganda tajribaliroq bokschi sanalardi, zarbalarga chidamli edi, lekin men ham bo‘sh kelmadim. Qancha urmay, raqibim yiqilmasdi. U ham yutish uchun chiqqan. Ana shu jangda professional boksda «yangi»ligim bilindi. Shunday bo‘lsa-da, barchasi biz uchun muvaffaqiyatli tugadi. Endi sekin bunga ko‘nikib boryapman. Aynan shu jang professional ringda ko‘p kuch sarflashga majbur qilgan jang bo‘lib turibdi. Muxlislar kutgan g‘alabalar hali oldinda, deb o‘ylayman.

Foto: «Sports.uz»
Bokschi o‘z so‘zida nima uchun aynan AQSh kompaniyasi bilan shartnoma imzolaganiga oydinlik kiritdi. Aytishicha, bokschiga ko‘plab promouterlik kompaniyalaridan takliflar tushgan, biroq o‘zi Floyd Meyvezerga qarashli «Top Rank» kompaniyasi bilan ishlashni ma’qul ko‘rgan. U mazkur kompaniya bilan hamkorlik qilishi orqali yarim o‘rta vazn toifasida mutlaq jahon chempioni, amerikalik Terens Krouford bilan sparring tushgan.

Fazliddin G‘oibnazarovning 9 dekabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan jangi bekor qilindi. Uning o‘zi buni jarohat bilan izohlagan.
Eski jarohatim bezovta yana qila boshladi. Oldingi janglarda bu unchalik bilinmagan edi. Jang vaqtida jarohat bilinmaydi, biroq mazkur to‘qnashuvdan oldin o‘tgan mashg‘ulotlarda yanada kuchayganini sezdim. Bu jiddiy masala. Birgina xato butun faoliyatga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun oldin davolanishga qaror qildim.
Fazliddin G‘oibnazarov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter